Turkiy xalqlar hamkorligi va birdamligi namoyishi

    Poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish, ular asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Eng muhimi, Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashi vazifalari ham yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohangdir. Mazkur kengash yaqin yillarda tashkil etilganiga qaramay, Islom dini ravnaqi, moʻmin-musulmonlar farovonligi va turkiy xalqlar birdamligi, shuning bilan birga, buyuk bobokalonlarimiz merosini chuqur tadqiq etish hamda xalqaro miqyosda keng targʻib etish ishlariga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda.

    Qolaversa, tashkilotga aʼzo mamlakatlar hamkorligi natijasida xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlanib boryapti. Mamlakatlarimiz hamda dunyo musulmonlari manfaatlarini himoya qilish borasida dadil qadam tashlamoqda. Bu esa tashkilotning zamon bilan hamnafas boʻlib, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora oshib borayotgani dalolat beradi.

    Albatta, bugun musulmon diniy idoralar rahbarlari kengashi har qachongidan koʻra koʻproq tinchlikni targʻib qilish, xotirjamlik katta neʼmat ekanini yuksak minbarlardan turib bot-bot takrorlashish muhimligi aytib oʻtildi.

    Tashkilotga Oʻzbekiston raisligi davomida oʻzaro hamkorligimiz yanada kengaydi, tomonlar manfaatlariga xizmat qiladigan yirik tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etildi.

    Darvoqe, bugungi murakkab davrda kishilar turli fitna, buzgʻunchi gʻoya va axborot xurujlari kabi tahdidlardan aziyat chekmoqda. Shunday muammolar qarshisida Turkiy dunyo har qachongidan koʻproq birlashib, muammolarni bartaraf qilishga jiddu jahd qilishi kerak.

    Ishtirokchilar Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining toʻrtinchi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrilgani va u har jihatdan samarali oʻtayotganini maʼlum qilishdi.

    Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda oʻz chiqishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida ilgari surilgan 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

    – Islom sivilizatsiyasining qadimiy markazi boʻlgan Oʻzbekistonda bunday nufuzli anjumanni tashkil etish, shak-shubhasiz, Islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda. – Biz butun turk dunyosi diniy jamoatchiligi nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining bu kabi katta maʼnaviy ahamiyatga ega tashabbusini umumiy qoʻllab-quvvatlashimizni bildiramiz.

    Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay hoji Tagʻanuli qardosh mamlakatlar madaniy merosini oʻrganish, saqlash va umumiy qadriyatlarini targʻib qilish boʻyicha ustuvor vazifalarni hal qilish zaruratiga eʼtibor qaratdi.

    Turkmaniston muftiysi Yalkap Xodjaguliyev esa qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar yangi mazmunga ega boʻlganligini taʼkidladi.

    – Oʻzbek diyorida umumturk madaniyatining alomatlarini koʻrmoqdamiz va bizning kelgusi taraqqiyotimiz oʻzaro qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliqdir, – dedi Yalkap Xodjaguliyev. – Shak-shubhasiz bu kabi uchrashuv va maslahatlashuvlar xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, doʻstlik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlab, ishonch va oʻzaro tushunishning yuqori darajasiga erishishga yordam beradi.

    Anjuman yakunida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan dinimiz har qanday zulm va zoʻravonlikka qarshi ekanini, shafqatsizlikni qoralashi hamda doimo tinchlikni targʻib qilishni ifoda etuvchi “Islomning ekstremizmga munosabati” toʻgʻrisidagi hujjat qabul qilindi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati