Turkiy xalqlar oʻrtasida xalqaro folklor festivali boʻlib oʻtadi

    Shu yilning iyun oyida Qarshi shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivali oʻtkaziladi.

    Maʼlumotlarga koʻra, mazkur festival Oʻzbekiston tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bilan hamkorlik doirasida ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasiga asosan turkiy xalqlar oʻrtasida madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash va TDTga aʼzo mamlakatlardan turistlarni jalb qilish uchun tashkil etilmoqda.

    Prezidentning “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivalining oʻtkazilishi uchun Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda madaniyat, turizm va madaniy meros, tashqi ishlar vazirliklari masʼul hisoblanadi. Tadbir bilan bogʻliq barcha xarajatlar mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

    Qashqadaryo viloyati hokimligining 2023-yil birinchi yarim yilligi ish rejasiga muvofiq viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari kotibiyatiga va madaniyat boshqarmasiga Qarshi shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivalini oʻtkazishda amaliy yordam berish va unda viloyatdagi eng faol folklor jamoalari qatnashishini taʼminlash vazifasi yuklatilgan.

    Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasiga binoan shu yil aprel oyida Shahrisabz shahrida “Amir Temur saltanatida davlat boshqaruvi va huquq tizimi” mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.