“Turkiya – Eron – Turkmaniston – Oʻzbekiston” yangi temir yoʻl yoʻnalishida yuk tashuvlari boshlandi

    Transport 3 Dekabr 2022 2416

    “Turkiya-Eron-Turkmaniston-Oʻzbekiston” yangi temir yoʻl yoʻnalishi ochildi.

    2022-yil 3-dekabr kuni Toshkent markaziy temir yoʻl vokzalida “Turkiya-Eron-Turkmaniston-Oʻzbekiston” yangi temir yoʻl yoʻnalishining ochilishiga bagʻishlab tantanali tadbir tashkil qilindi. Tadbirda dastlab Turkiyadan Oʻzbekistonga qarab yoʻlga chiqqan birinchi yuk poyezdini (Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida eʼlon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish hamda muqobil yoʻnalishlar boʻyicha davlatlararo transportni tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida) kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Turkiya tomoni bilan hamkorlikda “Gumruh” stansiyasidan Toshkent shahriga yuklarni tashish yoʻnalishini ishlab chiqdi. Jumladan, 40 ta vagondan iborat poyezd maishiy texnika (sovutqich uskunalari)dan iborat, Turkiya, Eron, Turkmaniston boʻylab harakatlanib bugun Oʻzbekistonga yetib keldi.

    Umumiy uzunligi 4500 kmdan ortiq boʻlgan ushbu yoʻnalish katta rivojlanish salohiyatiga ega boʻlib, Oʻzbekiston yuklarini xalqaro yoʻnalishlarda tashish uchun qoʻshimcha yoʻnalish hisoblanadi.

    Ushbu koʻrilayotgan barcha chora-tadbirlar mintaqadagi mavjud transport-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmasidan samarali foydalanishga, shuningdek, tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.

    Marosimda “Oʻzbekiston temir yoʻllari”AJ boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Turkiya temir yoʻllari vakillari, shuningdek, yangi temir yoʻl yoʻnalishining ochilishida ilk bor vagonlarda yukini olib kelgan tadbirkorlar ishtirok etdi.