Bursada Tijorat va Sanoat palatasi, BEKSİAD bolalar tayyor kiyimlar sektori ishlab chiqaruvchilari va ishbilarmonlari jamiyati, Uludag' meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari uyushmasida, Istanbulda Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashida (DEİK) o'tkazilgan biznes-uchrashuvlar va muloqotlardan tashqari, viloyat hokimi tomonidan o'tkazilgan 50 dan ziyod ishbilarmonlar bilan yuzma-yuz muzokaralar va uchrashuvlar aniq raqamlardagi samarali natijalar bilan yakunlandi.

Tashrif doirasida umumiy qiymati 142,6 mln. dollar bo'lgan jami 12 ta investitsion kelishuvlar hamda eksport shartnomalari imzolandi. Bular orasida Farg'ona shahrida Tibbiyot shaharchasi qurish va tashkil etish bo'yicha Hitit Sosyal Tesisler Sağlık İnşaat Ticaret Limited Şirketi bilan imzolangan 36 million dollarlik hamda Furqat tumanida paxtadan tayyor tikuvchilik mahsulotini ishlab chiqarishgacha bo'lgan tsiklni qamrab oluvchi kompleksni barpo etish bo'yicha “BENEKS” kompaniyaci bilan imzolangan 35 million dollarlik investitsion kelishuvlarni, “BTC Yapı A.Ş” kompaniyaci tomonidan Farg'ona shahrida qurilish mahsulotlari hamda eshik-romlar ishlab chiqarish korxonalari barpo etish hamda ekoshaharda ko'p qavatli uylar barpo etishni o'z ichiga olgan 25 million dollarlik investitsiya shartnomasini alohida qayd etish mumkin. eksport shartnomalari asosan engil sanoat mahsulotlari, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, ip-kalava hamda matolar eksportini o'z ichiga olgan.

Shuningdek, qator Turkiya kompaniyalari bilan ushbu kompaniyalar vakillarining yaqin muddatda Farg'onaga tashrifi doirasida 96,2 million dollarlik investitsion kelishuvlar imzolash bo'yicha kelishib olindi.

Bursadagi “Baktat” kompaniyalar guruhi, Farg'ona va So'x tumanlarida malinachilik klasterini, Quva tumanida esa biokimyoviy o'g'itlar va meva sabzavotni qayta ishlash korxonasini tashkil etish bo'yicha umumiy qiymati 7 million dollar bo'lgan loyihani amalga oshirishi bo'yicha kelishuvga erishildi.

 “Studio Vertebra” kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 ta turk kompaniyalari ishtirokida Farg'ona viloyati shaharlari transport infratuzilmasini yaxshilash va zamonaviy avtobuslarni va elektrobuslarni xarid qilish, shaharsozlik, ko'chalarni yoritish va kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi. Ushbu kompaniyalar vakillari yaqin kunlarda erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga tadbiq etishni boshlash uchun Farg'ona viloyatiga tashrif buyurishlariga kelishib olindi.

Viloyatimiz delegatsiyasi Turkiyaga o'z tashrifini yakunladi. erishilgan natijalar viloyatimizda yangi ish o'rinlarini yaratish, qishloq xo'jaligi va sanoat sohalariga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish viloyat yalpi hududiy maxsulot tarkibida sanoat ulushini oshirish va dunyo eksport bozorlariga chiqish bo'yicha yangi marralarga asos bo'lishi shubhasiz, deb yozmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.