AQSH Geologiya xizmati 7,8 magnitudali zilzila mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da 1 milliondan ortiq aholiga ega Gaziantep shahri yaqinida 17,9 km chuqurlikda sodir bo'lganini ma'lum qildi.
Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay Turkiyada qurbonlar soni 284 nafarga etganini aytdi.
Suriyada 230 nafardan ortiq odam halok bo'ldi, deya xabar bermoqda davlat matbuoti. Suriya Sog'liqni saqlash vazirligi Aleppo, Latakiya, Xama va Tartus viloyatlarida zilzila qurbonlari borligini ma'lum qildi.
Yaqin soatlarda qurbonlar soni keskin ortishi borasida xavotirlar bor.
Ko'plab binolar qulagan, qutqaruvchilar vayronalar ostidan omon qolganlarni qidirmoqda.
Turkiyada kamida 2323 kishi, Suriyada 639 kishi jarohat olgan.
Yerosti silkinishlari poytaxt Anqara va Turkiyaning boshqa shaharlarida, shuningdek, butun mintaqada – Kipr, Livan va Suriyada ham sezildi, bu yerda Turkiya kabi ko'plab qurbonlar bor.
Suriya davlat matbuoti Aleppo viloyatida ko'p sonli binolar qulaganini ma'lum qildi, Xamadagi davlat xizmatidagi manbaga ko'ra, u yerda bir qancha binolar qulagan, deb xabar bermoqda Reuters.
Turkiyalik seysmologlar zilzila kuchini 7,4 ball deb baholagan. Ularning so'zlariga ko'ra, bir necha daqiqadan so'ng mintaqada ikkinchi silkinish yuz bergan.
Turk Qizil Xoch tashkiloti rahbari Kerem Kinik binolari jiddiy zarar ko'rgan va vayron bo'lgan hududga yordam berish uchun resurslarni safarbar qilayotganini aytib, Turkiya xalqaro yordamni qabul qilishga tayyorligini bildirdi, deyiladi bbc.com saytida.