Muloqot chogʻida Klintek İnşaat ve Enerji tomonidan ishlab chiqilayotgan Fargʻona viloyatida ekologik toza texnologiyalarni tatbiq etgan holda chiqindini qayta ishlash boʻyicha tashkil etish rejalashtirilayotgan korxonaning loyiha taklifi holati muhokama etildi.
Bu haqda Fargʻona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyasining joriy yil fevral oyida Turkiyaga tashrifi chogʻida, mart oyi oxirida esa Klintek İnşaat ve Enerji kompaniyasi rahbarlarining Fargʻonaga tashrifi doirasida dastlabki takliflari taqdim etilgandi.
Qiymati 170 million yevro boʻlgan korxona ishga tushirilsa, viloyatimizda kunlik 2,5 ming tonnagacha boʻlgan chiqindini qayta ishlash hisobiga yillik 50 MVt elektr energiyasi va 25 ming tonna oʻgʻit ishlab chiqariladi, chiqindilarning katta qismi yana foydalaniladigan buyumlarga aylantiriladi, 600 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi.
Klintek İnşaat ve Enerji kompaniyasi rahbarlari Mevlyut Aldirmaz va Selim Balikchi kecha Toshkentda Respublika energetika va ekologiya sohasi masʼullari bilan uchrashib, ushbu loyiha boʻyicha texnik shartlarni qayta koʻrib chiqdi. Bugungi muloqotda turkiyalik ishbilarmonlar yakuniy loyiha taklifini kelgusi haftada taqdim etishlarini bildirdi.
Ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha hamkorlik ishlari davom ettiriladi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.