Turkiya kompaniyasi Surxondaryoda 100 MVt fotoelektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda

    Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov Turkiyaning quyosh elektr stansiyalari qurish faoliyati bilan shugʻullanuvchi “Akgun enerji” kompaniyasi bosh direktori Kemal Gunay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuvda ikki qardosh davlat, Oʻzbekiston va Turkiyaning hamkorlik aloqalari oliy darajada yoʻlga qoʻyilayotganligi, har ikki mamlakat ishbilarmonlari tomonidan oʻzaro investitsiyalarni jalb qilish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.

    Turkiyalik investorlar Surxondaryo viloyatining ob-havosi yilning asosiy qismida quyoshli boʻlishi, keyingi yillarda tobora ehtiyoj ortib borayotgan energiya, jumladan, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi manbalarini joriy etish uchun zarur imkoniyat va sharoitlarga ega ekanligini taʼkidlashib, vohada 100 MVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasini taklif qilishdi.

    Viloyat rahbari bu kabi istiqbolli, oʻz navbatida iqtisodiy va ekologik samarador loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan mamnun ekanligini, buning uchun investorlarga zarur koʻmaklar koʻrsatilishini taʼkidladi. Muzokaralar yakunida ikki tomon mutaxassislari ishtirokida loyihaning texnik-iqtisodiy imkoniyatlarini koʻrib chiqish, takomillashtirish boʻyicha ishlarni boshlashga kelishilib olindi.