Muloqot davomida Turkiya tomoni vakillari respublikamizning boy sayyohlik salohiyati va bu sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda ular berayotgan salmoqli natijalar bilan tanishtirilgani barobarida turk tilida tayyorlangan reklama mahsulotlari, videoroliklar ham taqdim etildi.

Xususan, “SAMITOL TOUR” kompaniyasi xodimlari tomonidan “7 kunlik ziyorat sayyohligi. Sayohat qiling, sog‘lom bo‘lasiz, Imom Buxoriyning diyoriga ziyorat sayohati” nomli maʼlumotnoma hamda 20 ga yaqin videoko‘rsatuvlar turk tomoniga juda maqbul bo‘ldi.

O‘z navbatida A.Shahin Bosh konsulxona tomonidan Naqshbandiya tariqati aʼzolariga O‘zbekistonga safarlarni tashkil etishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. U Buxoro, Samarqand, Termiz, Xiva, Qarshi va boshqa tarixiy shaharlar bo‘ylab tashkil etilgan safarlardan so‘ng o‘zbeklar zaminiga bo‘lgan qiziqish yana-da kuchayib borayotganini maʼlum qildi.