Avval xabar qilinganidek, Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda qator taniqli inflyuyenserlari ayni kunlarda Oʻzbekiston boʻylab sayohatda boʻlib turibdi. Mehmonlar 5 kun davomida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyati bilan yaqindan tanishishmoqda.

Mazkur turdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning sayyohlik imijini keng targʻib qilish hamda ziyorat turizmini yana-da rivojlantirishdan iborat. Media-guruh sayohati koʻhna va boqiy Buxoroning qadimiy hamda muqaddas manzillari boʻylab ziyorat amallaridan boshlandi.

Mehmonlar “Bahouddin Naqshband”, “Poyi Kalon”, “Labi Hovuz” majmuasi hamda “Ark” qoʻrgʻonida boʻlishdi.

Tashrif davomida Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov mehmon OAV vakillari bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik aloqalarni mustahkamlash borasida soʻz yuritdi. Mehmonlar orasida Yilmaz Ali Abdusselam, Goʻk Kerem, Bekar Halil Ibrohim, Katana Yilmaz Huseyn va Gench Mehmet, Yosir Yilmaz kabi faol You-Tube blogerlari mavjud.

Turkiyalik inflyuyenserlar ishtirokidagi mazkur info-tur “Asialuxe Travel” milliy turoperatori tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan.

Tashrif doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida media-guruh va masʼullar ishtirokida uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan.