Olot bojxona chegara postida tantanali kutib olingan mehmonlar dastlab Lebap viloyatiga qoʻshni boʻlgan Qorakoʻl tumanida soʻnggi yillarda roʻy bergan ulkan oʻzgarish va yangilanishlar bilan tanishdi. Tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xalq amaliy sanʼati namunalarini koʻzdan kechirdi.
Mehmonlar Qorakoʻl madaniyat markazida boʻlib, Buxoro viloyatidagi taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan turkmanistonlik yoshlar, turkman millatiga mansub fuqarolarimiz bilan samimiy suhbatlashdi.
“Obod qishloq” dasturi asosida 2019-yilda barpo etilgan madaniyat markazi koʻpmillatli tuman ahli, avvalambor, yoshlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Madaniyat uyida tashkil qilingan toʻgaraklarda yoshlar raqs, musiqa, tasviriy sanʼat, kompyuter savodxonligi yoʻnalishlarida shugʻullanmoqda, bilimini mustahkamlayapti.
Bir yuz ellik olti mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatayotgan markazdagi ulkan tomosha zalida ijodiy jarayonlar hamisha qizgʻin, yangi asar va spektakllar sahnalashtiriladi.
Mehmonlar Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham mashhur boʻlgan Qorakoʻl matematika maktabi asoschisi Toʻxtamurod Jumayev xotirasiga bagʻishlab, havaskorlik jamoasi tomonidan tayyorlanayotgan “Bugungi zamon Avloniysi” spektakli repetitsiyasini kuzatdi.
Haqiqatan ham, Qorakoʻl deganda, birinchi navbatda koʻpchilikning koʻz oldiga uning matematika maktabi, salohiyatli yoshlari keladi. Yaqin orada bu yerda taʼlim klasteri tizimini joriy etish, jumladan, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi tashkil etish rejalashtirilgan. Turkmanistonlik mehmonlar bu yerdagi taʼlim-tarbiya jarayonlari, yaratib berilgan sharoitlar bilan qiziqib tanishdi.
Koʻrinib turibdiki, 720 oʻrinli yangi maktabda oʻqish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Sinf xonalari jahon andozalariga mos jihozlangan. Yangi binoda 320 oʻrinli yotoqxona, kutubxona, muzey, faollar zali va 50 oʻrinli mehmonxona ham mavjud. Oʻquvchilar matematika-fizika, matematika-ingliz tili hamda kimyo-biologiya fanlari boʻyicha bilim oladi.
Maktab uchun 2019-2020 oʻquv yili ham muvaffaqiyatli kechdi. Maktabni bitirgan 48 nafar oʻquvchining barchasi oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etildi. Maktab oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarida 4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza medallarni qoʻlga kiritdi.
Lebap viloyati hokimi esdaliklar kitobiga oʻzining samimiy tilaklarini muhrladi. Umuman, Qorakoʻldagi keng koʻlamli yutuqlar mehmonlarda ham qiziqish uygʻotdi.

Mehmonlarga “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida boshlangan “obodlik” tushunchasi tom maʼnoda xalqimiz hayoti, turmush tarzida oʻz aksini topayotgani haqida aytib berildi. “Obod markaz” dasturi doirasida Qorakoʻl tumani markazi tubdan yangilanib, oʻzgacha chiroy kasb etdi. Yangi amfiteatr, supermarket, yigirmaga yaqin tashkilotlarning yangi binolari, zamonaviy uy-joylar, shifoxona va maktab va boshqa ijtimoiy obyektlar qurilib, koʻrkam shahar qad rostladi. Shu bilan birga tumandagi 7 ta qishloq qiyofasi tubdan oʻzgardi.
Qoʻshni davlat bilan chegaradosh hududlar sanalgan Qorakoʻl va Olot tumanlarida koʻpmillatli qishloqlar aholisi farovon hayot kechirishi uchun tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi. Olot tumanining eng chekka “Arabxona”, “Qirlishon”, “Davlatboy” mahallalari shunday ezgu saʼy-harakatlar natijasida koʻrkam koʻrinishga kirdi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, tarmoq va korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashni muhokama qilish, turli yoʻnalishlarda tajriba almashish tashrif dasturidan oʻrin olgan muhim yoʻnalishlarni tashkil etdi.
Qorakoʻl tumanidagi tomchilatib sugʻorish joriy qilingan paxta dalalari bilan tanishuv paytida yurtimizda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, yangi texnologiyalar, resurslarni tejashga asoslangan tizimlar joriy etilayotgani, bu masalada dehqon va fermerlarga davlat tomonidan katta amaliy madad berilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Paxtani chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan “Buxoro paxta toʻqimachilik klasteri” koʻp tarmoqli korxonasi faoliyati bilan tanishish chogʻida hech bir jihat eʼtibordan chetda qolmadi. Toladan ip yigirish, mato toʻqish va boʻyash, uni tayyor mahsulot holatiga keltirish, laboratoriya tekshiruvlari. Hammasi sinchiklab oʻrganildi.
Mehmonlarning Bahouddin Naqshband qadamjosi ziyoratidan keyin Buxoro shahrida oʻtgan tadbirlar ham samimiy va samarali kechdi.

Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” korxonasi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanyapti.
Avval bu yerda faqat issiqxona boʻlgan boʻlsa, endilikda uning yonida oʻquv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilyapti. Yaʼni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak boʻlsa, shu yerda tayyorlanadi.
Mehmonlar tashrif chogʻida mazkur majmuaning imkoniyatlari bilan tanishdi. Shahar markazida tashkil etilgan sanoat yarmarkasida boʻlgan delegatsiya aʼzolari viloyatning sanoat salohiyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan bogʻliq aniq maʼlumotlarga ega boʻldi.
Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi va IT park tashrifning navbatdagi manzili boʻldi.
Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilayotgani, binoda Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxona, FHDYO boʻlimi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratayotgani delegatsiyasi aʼzolarida katta taassurot qoldirdi. Binoning ikkinchi qavatida joylashgan IT parkda ham oʻquvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan oʻyinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin oʻqitilib, loyihalar ishlab chiqishga oʻrgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb dizaynerlar, professional dasturchilar yigʻilgan.
Qadim Buxoroga kelgan mehmon borki, albatta, uning tarixiy obidalari bilan tanishadi. Shu maʼnoda, turkman qardoshlarimiz Ark qoʻrgʻoni, Somoniylar maqbarasi, Masjidi Kalon, Mir Arab madrasasi kabi noyob meʼmorlik namunalari bilan tanishuvdan katta taassurot olganiga shubha yoʻq.
Ha, Buxoro tamaddun va turfa madaniyatlar kesishgan chorraha. Binobarin, mamlakatimiz miqyosida, shu jumladan, 30 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladigan Buxoro viloyatidagi totuvlik ana shu birdamlikdan soʻzlaydi. Oʻzbekistonda 30-iyulning Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilangani bugun har bir xalq, har bir millat qadriyatlari ulugʻlaniib, fuqarolarga milliy va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar teng tarzda turmush, mehnat sharoiti yaratilishi, bir soʻz bilan aytganda, barqaror rivojlanish borasidagi maqsadlarimizning amalga oshishi uchun oʻta muhim tayanch mezon boʻlib xizmat qiladi.

Mashhur Labi hovuz boʻyida joylashgan tarixiy obida bagʻrida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida ana shular haqida soʻz bordi. Uchrashuvda Oʻzbekistonda taʼlim olayotgan turkmanistonlik talabalar, mamlakatimizdagi turkman milliy madaniy markazi faollari ishtirok etgani unga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Oʻzbek xalqi azaldan millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik, yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini eng asosiy qadriyat sifatida baholab kelgan. Bu haqda gap borar ekan, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik aloqalarining yanada mustahkamlanganini eʼtirof etmay iloji yoʻq.
Azaldan bir daryodan suv ichgan ikki xalqning madaniyati, urf odatlari, qadriyatlari ham shu qadar mushtarakki, ularning hamjihatligi ezgu maqsadlar roʻyobiga ham xizmat qiladi.
Bugun Buxoro viloyatida turkman millatiga mansub 30 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini doimiy rivojlantirib borish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Turkman milliy-madaniy markazi faoliyat yuritadi. Viloyat oliy taʼlim muassasalarida Turkmanistonning 550 dan ortiq fuqarosi tahsil oladi. Ularning 5 nafari aʼlo baholarga oʻqiganligi va oʻzbek-turkman doʻstligini yanada yuksaltirishda qoʻshib kelgan hissalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yillik esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Hamjihatlik, yakdillikning yaqqol misolini mazkur uchrashuvda ham yaqqol kuzatishimiz mumkin.

Shu kuni uchrashuv katta bayramga aylandi. Sahnada turli millat qoʻshiqlari yangradi. Yoshlarning oʻyin kulgularini keksa avlod vakillari koʻtarinki kayfiyat bilan qoʻllab-quvvatladi.
Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.