Tadbirning ochilish marosimida TURKSOY Bosh kotibi Dusen Kaseinov tashkilot tomonidan Turk dunyosi madaniyati va sanʼatini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan muhim ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bursaning Turk dunyosining Madaniyat poytaxti sifatida tanlanganini taʼkidlagan Kaseinov, “Faoliyatim davomida amalga oshirgan qimmatli loyihalar ichida eng hayajonli loyiha Turk dunyosi madaniyat poytaxti ilovasi bo‘ldi. Maʼlumki, deyarli barcha shaharlarimiz bu nomga daʼvogarlik qilishdi. Shu tariqa turk geografiyasidagi madaniy, tarixiy va tabiiy boyligimizni yaqindan bilish va butun dunyoga tanitish imkoniga ega bo‘ldik", dedi u.
Tashkilot rasmi sayti xabariga ko‘ra, yig‘ilishda tashkilotning 2022-2025-yillar uchun yangi bosh kotibi saylandi. Bu lavozimga Qirg‘iziston vakili Sultanbay Rayev munosib ko‘rildi. Qirg‘iziston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan Sultanbay Rayev davlat boshqaruvida katta tajribaga ega bo‘lib, 2013-2014 yillarda Qirg‘iziston madaniyat, axborrot va turizm vaziri lavozimida ishlagan. 2020 yildan tashkilot Bosh kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Tadbirda Kavkaz durdonasi bo‘lmish Shusha tarixi, madaniyati, ayni damda amalga oshirilayotgan qayta tiklash va bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha maʼlumot berildi va shahar taqdimoti o‘tkazildi.
Bir ovozdan Ozarbayjonning Shusha shahri 2023-yil turk dunyosi madaniyat poytaxti deya eʼlon qilindi.
Majlis yakuniy hujjati imzolandi. Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mexmet Nuri Ersoy, tashkilot sobiq bosh kotibi Dyusen Kaseinov, yangi bosh kotib Sultanbay Rayev hamda tashkilotga aʼzo mamlakatlar madaniyat vazirlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Shimoliy Kipr turk Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, turizm, madaniyat, yoshlar va atrof muhitni muxofaza qilish vaziri Fikri Ataoglu ham ishtirok etdi.