Turoperator va turagentlarga xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun subsidiya ajratiladi

    Turizm 18 May 2021 1071

    Turizm va sport vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari fonddan turoperator, turagent va joylashtirish vositalari uchun subsidiya berish tartibi belgilandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi subektlarini qo‘llab-kuvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida»gi 602-sonli qarorida shu haqida ma’lum qilingan.

    Qarorga ko‘ra, subsidiya xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (xorijiy turistlar) uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidagi joylashtirish vositalarida kamida 5 kecha tunashni o‘z ichiga olgan turni tashkil qilgan turoperator va turagentlarga beriladi.

    Subsidiyalar 15 dollar miqdorida — milliy valyutada to‘lov kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha ajratiladi.

    Turistik mavsum ochilishi munosabati bilan mazkur subsidiyani olish uchun turoperatorlarning ilk arizalari qabul qilinib, ishlab chiqilgan. Birgina joriy yilning mart oyida turoperatorlardan 99 nafar xorijiy turist uchun 1 485 dollar va 15 million 632 ming so‘m summani qamrab olgan ikkita ariza qabul qilingan.

    Umuman olganda, 2021 yilning mart oyida O‘zbekistonga 123,4 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan va oy sayin ushbu ko‘rsatkichning sezilarli darajada oshishi kutilmoqda, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.