Hozirgacha taʼlim sohasida har xil yondashuvlar qoʻllandi. Baʼzilari oʻzini oqladi, ammo aksariyati qogʻozda qolib ketdi. Mana, endi chinakamiga bagʻrimizga shamol tegdi. Ortiqcha topshiriqlardan ozod boʻldik, faqat oʻz vazifamiz bilan shugʻullanyapmiz. Aniq saʼy-harakatlarimiz samarasini bermoqda. Xoʻsh, bu natijaga, namunali darajaga qanday erishdik?
Avvalo, aniq fanlarga chuqurlashtirilgan mazkur bilim dargohi jamoasi va ota-onalar bilan hamkorlikda oʻquvchilarning qiziqishi, qobiliyati va orzu-maqsadini oʻrganib, tegishli yoʻnalishga va maxsus tayyorlov sinflariga ajratib oldik. 320 nafar oʻquvchidan bu yil 21 nafari maktabni muvaffaqiyatli tamomladi va barchasi oliy taʼlim muassasasi talabasiga aylandi. Bitiruvchilarning 11 nafari 150 dan yuqori ball toʻplab, grant asosida talabalar safiga qoʻshildi.
Oʻquvchilarimiz respublika va xalqaro tanlovlarda nufuzli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Masalan, 2020-yili sobiq oʻquvchimiz – isteʼdodli yosh xonanda Olimaxon Tojiboyeva Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir shogirdimiz Muhammadzohir Abdumutalov 2021-yilda matematika boʻyicha Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada sovrindori boʻldi. Mamlakat miqyosidagi turli fan olimpiadalarida esa 13 nafar yigit-qiz faxrli oʻrinlarni oldi. Chet tilidan xalqaro sertifikatga ega oʻquvchilar soni yil sayin soni oʻsmoqda. 2022-2023-oʻquv yilida 12 nafar pedagogning “Ochiq dars”i va uslubiy tavsiyalari tuman va viloyatda ommalashtirildi.
Taʼlim sifatini kuchaytirish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish, pedagoglar malakasini va salohiyatini, oʻqituvchi qadri va maqomini oshirish, sertifikatlash bahosiga muvofiq, ustozlar mehnatini bosqichma-bosqich koʻtarib borish kuni kecha oʻtkazilgan majlisning asosiy mavzusi, dasturi boʻldi.
2023-yil 28-avgust sanasi hayotimni butkul oʻzgartirib yubordi, umrimning yangi va unutilmas sahifasi ochildi. Shu kungi Prezident videoselektorida men ham qatnashdim. Namangan viloyati studiyasi orqali davlatimiz rahbari bilan samimiy suhbatlashganimdan behad xursandman. Kamina direktorlik qilayotgan maktabning erishgan yutuqlari, xususan, uch yildan buyon bitiruvchilarimiz ketma-ket yuz foiz holda oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirayotganini aytdim. Shunda Yurtboshimiz zaldan turib: “Sizga bugunoq davlat mukofoti beraman, yigʻilishdan chiqib, farmonga imzo qoʻyaman”, dedi. Ayni lahzalar tushim yo oʻngim ekaniga ishonolmay, qattiq hayajonlandim. Mamnun kayfiyatda, quvonch yoshi bilan minnatdorlik bildirdim. Toʻgʻrisi, darrov zahmatlarim aridi.
Hech qancha vaqt oʻtmadi. Yigʻilish tugaganidan keyin oilam davrasida edim. Kech soat 21 larda telefonim ketma-ket jiringlayverdi. Hamkasblarim, tanish-bilishlarim “Maʼmura opa, faxriy unvon muborak!” deya suyunchiladi. Tongga qadar tabriklarni qabul qildim va hali ham davom etyapti. Subhidam qoʻlimni duoga ochib, Yaratganga shukrona keltirdim. Koʻz oʻngimdan shu kungacha kechirgan shodon kunlarim, mashaqqatli yillar kino tasmasidek oʻta boshladi.
2015-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” va 2020-yilda “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonlariga sazovor boʻlgandim. Taqdirning kutilmagan tuhfasini qarangki, bugun shaxsan Prezidentimizning alohida eʼtirofi tufayli “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” degan katta unvonga munosib koʻrildim. Viloyatimiz hokimi ham qizgʻin qutladi. Saodat va ehtirom ramzi sifatida koʻksimga ordenni taqib, unvon guvohnomasini tantanali tarzda topshirdi.
Ha, Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan gʻoyaga tayanib, yoshlar bilimi va keksalarning tajribasini uygʻunlashtirsakkina, koʻzlagan niyatlarimizga albatta yetamiz. Vatanimizni erkin va mustaqil fikrlaydigan, dunyo yoshlari bilan har jihatdan tenglashadigan zamonaviy va iqtidorli yangi avlod bilan taʼminlaymiz, Xudo xohlasa.
Bizlarga tarixiy ochiq muloqotda murojaat yoʻllab, yangi oʻquv yilida kuch-quvvat va omad tilagan, oʻzgacha mehr bilan “fidoyilarim, koʻmakchilarim” deya hurmatlagan, doimo eʼzozlaydigan, qoʻllab-quvvatlaydigan, maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantiradigan muhtaram Yurtboshimizning sohamizga gʻamxoʻrligidan, cheksiz eʼtiboridan boshimizni baland tutamiz va gʻururlanamiz. Oʻylaymanki, izchil islohotlarga daxldor jamiki kasbdoshlarim bu yuksak ishonchni oqlaymiz va kelajak bunyodkorlarini barkamol farzandlar etib tarbiyalashga oʻz hissamizni qoʻshishdan aslo tolmaymiz.
Maʼmuraxon SULTONOVA,
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni sohibasi