Zarif Qurbonov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi rahbarining energiya sotish boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlaydi.
Davron Bozorov Temiryoʻl massivi elektr hisoblagichlariga xizmat koʻrsatuvchi montyor boʻlib ishlab keladi. D.Bozorov ilgari sudlanib, jazosini olgan. Biroq u bundan xulosa qilmadi. Z.Qurbonov bilan til biriktirib, qingʻir ishga qoʻl urishdi.
Z.Qurbonovning beparvoligi, oʻz ishiga masʼuliyatsizligi unga boʻlgan ishonchni soʻndirdi. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bosh direktorining buyrugʻi bilan Zarif Qurbonov nomiga elektron raqamli imzo rasmiylashtirilgan boʻlib, u orqali Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi isteʼmolchilarining isteʼmoli tarixi, qarzi va kiritilgan oʻzgartirishlarni “Elektrhisob” dasturidan koʻrib borish mumkin. U elektron raqamli imzo orqali Samarqand shahridagi ulgurji va aholi isteʼmolchilarining elektr sarfini kuzatib borish, qarzlarni aniqlash, ular bilan hisob-kitob qilish, ortiqcha hisoblangan qarzlarni asoslovchi hujjatlarga asosan oʻchirib tashlash imkoniyatiga ega.
Z.Qurbonov “Elektrhisob” dasturi orqali Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi nomidan farmoyish chiqarish vakolatiga ega emas. Shunday boʻlsa-da, korxona rahbari nomidan Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi boʻyicha barcha aholi va ulgurji isteʼmolchilarni xatlovdan oʻtkazish, xatlov asosida isteʼmol qilingan elektr energiyasini toʻgʻri hisob-kitob qilish hamda xatlov boʻyicha yuzaga keladigan barcha kamchiliklar boʻyicha javobgarlikni korxona xodimi D.Bozorovning zimmasiga yuklash haqida hech qayerdan roʻyxatdan oʻtmagan hamda huquqiy asosga ega boʻlmagan farmoyishni rasmiylashtiradi.
Unga korxona rahbari nomidan oʻzi imzo qoʻyib, D.Bozorov bilan birga jami 109 nafar ulgurji isteʼmolchining 687 mln 287 ming 705 soʻmlik 1 652 721 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgani haqidagi maʼlumotlarni oʻzgartirib, “Elektrhisob” dasturiga bila turib yolgʻon axborotni kiritib, davlat va jamiyatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan. Sud hukmi bilan ularga tegishli jazo tayinlandi.