Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida to‘xtalib, muqaddas dinimiz ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga, ilm-ma’rifat yo‘liga da’vat etishini, uni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlar bilan murosa qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan edi.
Ana shu yuksak gʻoya va maqsadlar asosida bunyod etilgan mazkur markaz xalqimizning uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish va keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining mahobati, maydoni va qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.
U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat boʻlib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Majmua 1,8 gektar maydonda qad rostlagan, gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob koʻrsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos boʻlmoqda.
Markaz binosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning meʼmoriy gʻoya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Bunyod etish jarayonida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uning mazmunan va shaklan yanada mukammal boʻlishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini ulashdi. Xususan, 2025-yilning oʻzida Prezidentimiz markazga bir necha marta kelib, ekspozitsiyalar, infratuzilma, maʼrifiy va ilmiy yoʻnalishlarni takomillashtirish boʻyicha muhim koʻrsatmalar berdi.
Markaz qadimiy va milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida qurilgan boʻlib, unga toʻrt tomondan – toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-maʼrifat, bagʻrikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qurʼon oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qoʻlyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik koʻrgazma zaliga ega muzey va 550 oʻrinli anjumanlar zali oʻrin olgan. Ikkinchi qavatda esa qoʻlyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, oʻquv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday ulkan maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega majmuaga yana bir bor tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishdi.
Dastlab davlatimiz rahbari Qurʼoni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan maʼnaviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni koʻzdan kechirdi. Ushbu zal, taʼbir joiz boʻlsa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maʼnaviy qalbi hisoblanadi.
Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan boʻlib, unda avval koinot tasviri namoyon boʻladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. Eʼtiborlisi, gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda koʻrinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulugʻvorlik bagʻishlagan.
Bu yerda Usmon Musʼhafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli boʻlgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qurʼon qoʻlyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qoʻlyozmalar Sharq kitobat sanʼatining yuksak namunalari sifatida nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ham ega. Zaldagi zamonaviy vitrinalarda xalqimiz orasida asrab-avaylab saqlanib kelingan va markaz fondiga taqdim etilgan asl qoʻlyozmalar ham munosib oʻrin olgan.
Qayd etilganidek, markaz tamal toshi qoʻyilganidan 2025-yilga qadar uning fondidagi qadimiy manbalar soni 2 mingdan oshdi, nodir Qurʼon qoʻlyozmalari esa 60 tadan ziyodga yetdi. Ularning barchasi xalqimizdan jamlangan va xalqaro auksionlar orqali xarid qilingan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar milliy va diniy merosimizni qayta tiklash, tarqoq holda saqlanayotgan bebaho manbalarni Vatanga qaytarish, ularni ilmiy muomalaga kiritish va kelajak avlod uchun asrab qolish yoʻlidagi mustahkam yondashuvni yaqqol namoyon etmoqda.
Prezidentimizga ekspozitsiyadan oʻrin olgan ayrim alohida qimmatli qoʻlyozmalar haqida ham maʼlumot berildi. Jumladan, 1589-yilda xattot Sulton Muhammad tomonidan sakkiz burchak shaklida koʻchirilgan va tumor sifatida ham ishlatilgan “Bozuband” Qurʼon qoʻlyozmasi, XVII asrga mansub, safaviylar davri xattotlik va kitobat sanʼatining yetuk bosqichini aks ettiruvchi juda nafis bezakli nusxa, 1872-yilda xattot Muhammad ibn Abd al-Hadi tomonidan magʻribiy xat uslubida koʻchirilgan noyob qoʻlyozma, shuningdek, XII-XIII asrlar chegarasida saljuqiylar davrida xattot Muhammad Sodiq ibn Muhammad Shafiy tomonidan nasx xatida koʻchirilib, satrlar orasiga forsiy tarjimasi berilgan nodir nusxa shular jumlasidandir. Ayrim qoʻlyozmalarda Samarqand, Hirot va Buxoro kitobat maktablarining anʼanalari yaqqol namoyon boʻlishi qayd etildi.
Shundan soʻng Prezidentga muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan eʼtirof etilayotgani taʼkidlandi. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor boʻlgan, AQShdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga koʻra, 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida eʼtirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026-yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin boʻlgan muzeylar roʻyxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng koʻp kutilgan muzeylar qatoriga qoʻshgan.
Markazda tashrif buyuruvchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat koʻrsatish uchun tarqatma materiallar, broshyuralar va kitoblar tayyorlangan. Oʻzbekiston muzey amaliyotida ilk bor xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda zamonaviy kimyo-fizik laboratoriyada barcha muzey ashyolarining kimyoviy tarkibi va yaratilganlik vaqti aniqlanib, ularning texnologik pasportlari tayyorlangan.
Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirilgan. UNESCO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yoʻnalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratilgan. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega boʻladi.
Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar oʻrnatish, koʻzi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali maʼlumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Britaniya, Luvr va Metropolitan muzeylaridagi kabi robotgidlar, planshetlar orqali video va audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va yoʻnalish koʻrsatuvchi quloqchinlardan foydalanish koʻzda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, markazga bir kunda oʻrtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etilishi, ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yuritayotgani, 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgani ham qayd etildi.
Shundan keyin davlatimiz rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrifning navbatdagi qismida Prezidentimiz markaz kutubxonasini koʻzdan kechirdi.
Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan boʻlib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning oʻzida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilinib, ularning ilmiy faoliyat olib borishi uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar yaratilgan.
Kutubxona boʻlimlaridan biri 22 nafar maʼrifatparvar jadid bobolarimizning merosiga bagʻishlangan. Jadidlarning fotoportretlari joylashtirilgan kitob javonlarida esa ular tomonidan yaratilgan va faoliyatiga oid nodir adabiyotlar oʻrin olgan.
Shuningdek, kutubxona fondini Oʻzbekistonning ulugʻ mutafakkir olimlari hayoti va ijodi, ular tashkil etgan ilmiy maktablar toʻgʻrisidagi noyob nashrlar bilan boyitish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk allomalarimizning qoʻlyozma va toshbosma asarlarining ilk nashrlari, ularning ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan noyob tadqiqotlar va sharhlar xarid qilinib, fondga qoʻshilgan. Bu ishlar xorijiy auksionlar, ilmiy muassasalar, xususiy kolleksiyalar hamda xalqimiz tomonidan keltirilgan manbalar hisobiga muntazam davom ettirilmoqda.
Kutubxonadan Yevropa nodir nashrlari ham oʻrin olgan boʻlib, ularda lotin tilidagi musulmon sulolalari, turkiy xalqlar tarixi, Sharq xalqlariga oid ensiklopediyalar, Xuroson va Movarounnahrga bagʻishlangan sayohatnomalarning XX asrgacha boʻlgan davrda chop etilgan nusxalari mavjud. Shu bilan birga, shaxsiy kolleksiyalardan xarid qilingan qoʻlyozmalar, Nosiruddin Rabgʻuziyning “Qisas ul-anbiyo” asari, Alisher Navoiyning XIX asr boshlarida Toshkentda koʻchirilgan devonlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining turkiy tildagi tarjimalari kabi nodir manbalar ham kutubxona mazmunini yanada boyitgan.
Kutubxonada imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoit yaratilgani haqida axborot berildi. Xususan, koʻrish qobiliyati cheklangan yoki zaif koʻruvchi insonlar uchun maxsus xonalar, ixtisoslashgan dasturlar, printer va qurilmalar oʻrnatilgan, ular uchun Brayl yozuvidagi 1000 dan ortiq adabiyot keltirilgan. Oʻzbekistonda ilk bor aynan shu kutubxonada ovozdan xoli kabinalar tashkil etilgan boʻlib, ular foydalanuvchilarning onlayn muloqot olib borishida atrofdagilarga xalaqit bermaslik, shu bilan birga, suhbat va shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Sonic chair” audio resurslar uchun zamonaviy qurilmasi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham birinchi marta shu yerda joriy etilgan.
Kutubxona hududida kitobxonlar uchun yashil maydon, nusxa koʻchirish xizmati, individual shugʻullanish uchun maxsus xonalar va bolalar uchun alohida maydon ham tashkil etilgan.
Shundan keyin Prezidentimiz markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-maʼrifiy platforma faoliyati bilan tanishdi.
Maʼlum qilinganidek, platforma doirasida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etilgan. Bu mahalliy olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillarining hamjihatlikda tadqiqot olib borishi, qoʻshma loyihalar ishlab chiqishi va maʼrifiy tashabbuslarni amalga oshirishi uchun qulay muhit yaratadi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar koʻrgazmasi bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni Oʻzbekistonga qaytarish ishlari izchil olib borilmoqda. Oʻtgan yilda Buyuk Britaniyadagi “Sothebyʼs” va “Christieʼs” kabi auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.
Ekspozitsiyada somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, temuriylar va boshqa davrlarga mansub koʻplab nodir artefaktlar namoyish etilgan. Xususan, X asr oxirlarida ishlangan, oltin suvi yuritilgan va somoniy sarkardasi Abu Mansur Sabuktekin nomi bitilgan kumush barkash, somoniylar davriga oid kumush piyola va mis siyohdon, Oltin Oʻrda hukmdori Oʻzbekxon davrida yasalgan, firuza toshlar bilan bezatilgan ayollar kamari, XIX asr usmoniylar davriga mansub “Alloh” va “Muhammad” ismlari bitilgan zardoʻzi kashtalar alohida eʼtiborga molik ekani aytildi.
Prezidentimizga temuriylar davri kulolchilik namunalari, Madina shahrida Paygʻambarimiz qabrlari ustiga yopilgan XIX asrga mansub ipak yopinchiq, Kaʼba eshigi ustida osilgan xizomaning tarixiy namunasi, katta hajmli “ona-soʻzana”, Amir Temur davrida koʻchirilgan yirik Umar Aqtoʻ Qurʼonining parchalari, temuriylar davri arxitektura yodgorliklariga tegishli koshin boʻlaklari, boburiylar davriga mansub qurol-aslaha, dubulgʻa, qalqon, qilich va sovut parchalari haqida ham axborot berildi.
Shuningdek, Amudaryo xazinasiga oid topilmalar haqida ham maʼlumot taqdim qilindi. 1877-yilda Buxoro amirligi hududidan topilgan va bugun Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu betakror xazinaning ayrim qismlarini Londondagi savdo uylari orqali Oʻzbekistonga olib kelishga muvaffaq boʻlingan. Ular orasida VIII-IX asrlarda ishlangan soʻgʻd chavandozi tasvirlangan oltin pektoral, Baqtriya davriga mansub ogʻirligi 666 gramm boʻlgan ilon shaklidagi bilaguzuklar kabi noyob buyumlar bor.
Ekspozitsiyada markazga hadya qilingan artefaktlar ham munosib oʻrin olgan. Xususan, Amerikada yashovchi sharqshunos olim Aleksandr Naymark Pahlavon Mahmud qoʻlyozmasini markazga tuhfa qilgani, bu qoʻlyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruzning shaxsiy dastxati bilan koʻchirilgani va uni oʻrganish jarayonida 70 dan ortiq yangi ruboiylar aniqlangani aytildi. Shuningdek, turli davrlarga mansub tangalar, taqinchoqlar, medalyonlar va boshqa tarixiy ashyolar, jumladan, Mayskiy xazinasi topilmalari ham koʻrgazmadan joy olgan.
Umuman, tashrif chogʻida mazkur markazning yurtimiz tarixi va madaniy merosini chuqur oʻrganish, asrab-avaylash va keng targʻib etish, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini ochib berish, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va maʼnaviy boylikni xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi ulkan salohiyati yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi.
– Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak.
Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir, – dedi Prezidentimiz.
Tashrif yakunida davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.