Qayd etilishicha, isteʼmolchi shu yilning avgust oyida Jondor tumanidagi mebel sexiga 1300 dollarlik yotoqxona mebeli buyurtma qilgan va boshlangʻich badal sifatida 500 dollar bergan. Biroq oradan 3 oy oʻtsa-da, mebeldan darak boʻlmagan. Buyurtmachi necha bor murojaat qilmasin, usta turli bahonalar bilan mebel tayyorlab berishni kechiktirib kelgan. Murojaat oʻrganilishi natijasida isteʼmolchiga mebel uchun badal sifatida toʻlagan 500 dollari toʻliq qaytarib berilishiga erishildi.

Yana bir murojaat fuqaro J.B. dan kelgan. Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi tishini davolatish uchun “R.K.Dental” xususiy stomatologiyasida shifokorga 5 980 000 soʻm naqd pul beradi, biroq oradan hech qancha vaqt oʻtmay, qoʻyilgan tishlar yaroqsiz holga kelib qoladi. Bu holat yuzasidan isteʼmolchi shifokorga murojaat qiladi. Shifokor qayta davolashini aytib, shu kunga qadar isteʼmolchini aldab keladi. Ushbu murojaat Buxoro shahar jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida isteʼmolchiga 5 980 000 soʻm puli toʻliq qaytarildi.

Shofirkon tumanida yashovchi R.N. oʻz murojaatida Gʻijduvon tumanida joylashgan dehqon bozoridagi “Samsung” savdo doʻkonidan 3 500 000 soʻmga “Indesit” muzlatkichini xarid qilgani bilan bogʻliq muammo haqida yozgan. Qayd etilishicha, muzlatkich sifatiga 3 yil kafolat berilgan, ammo muddat tugamay, muzlatkich motori nosoz ahvolga kelib qolgan. Bundan norozi boʻlgan isteʼmolchi tadbirkorga almashtirib berish yoki toʻlangan pulni qaytarib berishni soʻrab murojaat qilgan. Sotuvchi esa almashtirishdan boʻyin tovlagan. Ushbu murojaat oʻrganilishi natijasida muzlatkich motori tadbirkor tomonidan toʻliq taʼmirlab berildi, deyiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.