“Uchar kuyov”ning 68 ta jarimasini qaynota toʻlashiga toʻgʻri keldi

    Andijon shahrida yashovchi M.A. turmush oʻrtogʻining egaligida boʻlgan “Lacetti” avtomashinasini boshqarib, yoʻllarda harakatlanish tezligini muntazam ravishda meʼyoridan oshirib kelgan. Natijada 68 marotaba maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan.

    Viloyat IIB YHXB organlari tomonidan Majburiy ijro byurosi Andijon shahar boʻlimiga kelib tushgan jarima solish toʻgʻrisidagi 68 ta qarorlarga muvofiq M.U.dan jami 28 million soʻm undirilishi belgilangan.

    Boʻlim davlat ijrochisi avtomashina egasini jarima pullarini toʻlashi yuzasidan ogohlantirgan. Shuningdek, qarzdorlik toʻlanmagani sababli “Lacetti” rusumli avtomashina jarima maydoniga olib kirib qoʻyilgan.

    Shu sababli, kuyovi M.A. boshqaruvida sodir etilgan 68 ta jarima uchun qaynota 28 million soʻm miqdoridagi maʼmuriy jarimalarni toʻlab berishini bildirdi va qizining egaligidagi avtomashinani jarima maydonidan olib chiqdi.