Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Anjuman Oʻzbekiston Milliy universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Fanlar Akademiyasi akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor Saidaxror Gulyamov, Qarshi davlat universiteti professori, senator Abduraxim Erkayevlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi, Rossiya Fanlar akademiyasining Bozor muammolari instituti bosh ilmiy xodimi Nabi Ziyadullayev (Rossiya), Dongduk ayollar universiteti, Yevroosiyo turkiy tadqiqotlar instituti professori va direktori Eunkyung OH (Koreya Respublikasi), davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-oʻqituvchilar, nufuzli oliy taʼlim muassasalar hamda tashkilotlarning vakillari, konferensiyaga taklif etilgan mehmonlar qatnashdi.

Xalqaro konferensiyani ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov davlatimiz rahbari nazarda tutgan Uchinchi renessans — mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotining, iqtisodiyot va jamiyat istiqbolining, xalqqa xizmat qilish va kishilarni rozi qilishday ezgu niyat bilan amalga oshirilayotgan barcha yutuqlar – xalqimiz aqlu zakovatining, iqtidor va isteʼdod quvvatining yorqin tantanasi boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-oʻqituvchilar tomonidan “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida oʻtkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining oʻziga xos xususiyatlari, yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar inson qadrini ulugʻlashga, uning orzu-umid, ezgu maqsadlarini roʻyobga chaqarish uchun xizmat qilayotgani, bunyodkorlik ishlarida birdam boʻlish, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda munosib hissa qoʻshish kabi fikrlar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” daʼvatkor gʻoyasi ilgari surildi, — deydi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev. — Bunda nihoyatda chuqur maʼno bor. Milliy tiklanish, oʻzligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini qaytadan barpo etish bosqichi tugadi. Endi Oʻzbekistonni oʻz tarixiy, sivilizatsion oʻrnini yangitdan tiklash, oʻzbek xalqining genetik insoniy potensialiga monand taraqqiyot darajasini taʼminlash, uchinchi Renessans barq urish davri keldi.

Darhaqiqat, Ona diyorimizda yashayotgan har bir fuqaro yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida sobidqadam boʻlish lozim. Buyuk kelajak sari intilish, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda munosib hissa qoʻshish, davlatimiz rahbari boshlagan ezgu tashabbus va maqsad yoʻlida birga harakat qilish, birlashish zarur.

Anjumanda xorijiy hamda mahalliy soha vakillari tomonidan maʼruzalar qilindi. Sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari oʻrtoqlashildi. Anjuman tashkilotchilari tomonidan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga kelib tushgan maqolalar hamda mutaxassislar tomonidan qilingan maʼruzalar matni toʻplam holida nashr etildi.

Konferensiyada koʻrilgan masalalar, ular orqali chiqarilgan xulosalar, tavsiya va takliflar amaliyotda oʻz oʻrnini topishi va respublika iqtisodiyotini, mamlakatda turizm sohasi va uning infratuzilmasini rivojlantirishda muhim hissasini qoʻshishiga ishonch bildirildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati