Prezidentimizning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga yo'llagan bayram tabrigini katta qiziqish bilan o'qidik. Mazkur tabrik so'nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy, sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalarda amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlarga alohida to'xtalib o'tilgani, qolaversa, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlarga ham urg'u qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.  

Ma'lumki, bugun O'zbekiston ildam qadamlar bilan taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. Mamlakatda har jabhada yuz berayotgan o'zgarishlarni dunyo hamjamiyati ham e'tirof etyapti. Bu o'zgarishlar o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q, albatta. Prezidentimiz tabrikda aytib o'tganidek, “Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan to'rt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng ko'lamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik”.

Darhaqiqat, avvalo, Konstitutsiyamiz va uning asosida qabul qilingan qonunlar, qolaversa, Harakatlar strategiyasi hamda uning asosida har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturi bugun dunyoda yangi O'zbekiston, deya e'tirof etilayotgan mamlakatimizning barcha sohalardagi yangilanish va o'zgarishlariga muhim poydevor vazifasini bajarmoqda.

Davlatimiz rahbari o'z tabrigida bu yilning mamlakatimiz uchun sinovli kelgani haqida ham to'xtalib o'tdi. CHindan ham, 2020 yil butun dunyo, xususan, O'zbekiston uchun ham sinovli yil bo'ldi. Koronavirus pandemiyasi etmagandek, Buxoroda yuz bergan tabiiy, Sirdaryoda sodir bo'lgan texnogen ofatlar xalqimiz matonatini sinovdan o'tkazdi, irodasini tobladi. Ana shunday sinovli davr “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo'lgan samarali va barqaror tizim shakllanayotganini namoyon etdi. Buni nimalarda ko'rdik?

Buni, avvalo, Prezidentimiz boshchiligida davlatimizning pandemiya oqibatlarini bartaraf etish borasida olib borgan keng miqyosli ishlarda, mana shu maqsadlar uchun ajratilgan katta mablag'lar, qurilgan shifoxonalar, koronavirusga chalingan fuqarolarni davolash bo'yicha yuqori ko'rsatkichlar qayd etilganida, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatilganida, ishsiz qolgan fuqarolarga ko'mak berishda, tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar misolida ko'rib, guvohi bo'ldik.

SHuningdek, Buxoroda tabiiy ofatdan zarar ko'rgan fuqarolarning uylari ta'mirlab berilgani, Sardobada yuz bergan suv toshqinidan zarar ko'rgan, boshpanasiz qolganlar uchun davlatimiz tomonidan qurilgan, zamonaviy talablarga javob beradigan ko'p qavatli uylar misolida ko'rib turibmiz. Davlatimiz o'z xalqining hayoti va taqdiriga befarq emasligiga yana bir karra shohid bo'lyapmiz.       

Prezidentimiz tabrigidagi “YAngi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g'oya hamda Uchinchi Renessans haqidagi fikrlar ham ba'zi mulohazalarni bayon etishga undamoqda. Nega Uchinchi Renessans? Nima uchun taraqqiyotimizning aynan shu bosqichida, degan savollar tug'ilishi tabiiy.

Ajdodlarimiz o'rta asrlarda olamshumul kashfiyotlar qilib, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, ikkita Renessansga asos solib, zaminimiz tamaddun beshigi sifatida e'tirof etilgan. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz tsivilizatsiyalar beshiklaridan bo'laturib, ilm-fan sohasida boshqa davlatlardan ortda qolmasligini istamoqda. Qolaversa, bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni yangi bosqichga ko'tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz echish qiyin. Uchinchi Renessansning ro'yobga chiqishi esa ilm-fan taraqqiyotiga, yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, intellektual salohiyatiga ko'p jihatdan bog'liq.

So'nggi yillarda O'zbekistonda ta'lim tizimining barcha bo'g'inlarini takomillashtirish, ularga xalqaro standartlarni joriy qilishga alohida e'tibor qaratilayotganining boisi ham shundan. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir hududda bittadan Prezident maktablari, ayrim fanlar chuqurlashtirib o'tiladigan maktablar hamda buyuk ajdodlarimiz nomi bilan yuritiladigan ijod maktablarining barpo etilayotgani, YAngi O'zbekiston haqiqatdan ham maktab ostonasidan boshlanayotganidan dalolat bermoqda. Zero, ta'lim tizimi quyidan boshlab isloh etilmoqda, uning rivojiga yangicha yondashilmoqda.

Prezidentimiz tabrikda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilayotganiga ham urg'u qaratgan.

Darhaqiqat, shu yil sentyabr` oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahabari tomonidan ilgari surilgan bir qator global va mintaqaviy tashabbuslar, aniq amaliy takliflar xalqaro miqyosda keng qo'llab-quvvatlandi. Oktyabr` oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo'lgan Inson huquqlari kengashiga a'zo etib saylandi. Albatta, bu yutuq va e'tirof o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Bunga yurtimizda Bosh qomusimiz asosida inson huquqlari bo'yicha mustahkam huquqiy poydevor va shart-sharoitlar yaratilgani sabab bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Prezidentimiz tabrigi keyingi yillarda erishgan ijobiy natijalar qatorida kelgusida bajarilishi lozim bo'lgan vazifalarga ham alohida to'xtalib o'tilgani bilan katta amaliy ahamiyatga ega.

Xususan, Konstitutsiya va qonunlarimizni yanada takomillashtirish, ushbu vazifalarni bajarishda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo'lishi lozimligini qayd etildi. SHuningdek, taraqqiyot kushandasi bo'lgan korruptsiyaning oldini olish, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash masalalariga yanada kuchli e'tibor qaratish, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar, aziz yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini ta'minlash, so'z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatishga qaratilgan ishlarimizning ta'sirchanligini yanada oshirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish lozimligini ta'kidladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham mazkur jarayonda faol bo'lishga, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur vazifalardan kelib chiqib, kelgusi yil davlat dasturiga aniq va samarali takliflarni ishlab chiqish, buning uchun esa ilg'or xorijiy tajribani, xalqaro standartlarni o'rganish, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning fikr-mulohazalarini o'rganish maqsadida xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari, onlayn konferentsiyalar o'tkazishni o'z oldiga maqsad qilib belgiladi.

 Farhod eSHONQULOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

loyiha rahbari