Biznes-ombudsman Uchtepa tuman hokimligiga nisbatan kiritilgan daʼvo boʻyicha sudda yutib chiqdi. Daʼvo ariza “FUTURE GROWTH” MCHJga tegishli binoni olib quyilishi natijasida yetkazilgan zararni undirish maqsadida kiritilgan.
Aniqlanishicha, 2013-yilda “FUTURE GROWTH” MCHJ Toshkent shahri, Uchtepa tumani, 30-kvartal, 25-uy manzilda joylashgan koʻp qavatli bino “Global Story Invest” MCHJdan 1 500 000 000 soʻm qiymatga xarid qilingan.
Obyekt “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda sotilganligi sababli Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Jamiyatni egalik huquqidan maxrum etish va binoni davlat tasarrufiga qaytarish toʻgʻrisida Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudiga ariza kiritgan. Mazkur sud instansiyasi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qaroriga koʻra, bino davlat egaligiga qaytarilgan. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-maydagi 111-sonli Qarori bilan Toshkent shahar hokimligi balansiga bepul asosda oʻtkazilgan hamda shahar hokimining tegishli qarori asosida ushbu bino Uchtepa hokimiyati balansiga oʻtkazib berilgan.
Taʼkidlash joizki, Jamiyat tomonidan mulkga egalik huquqi mavjud davr davomida binoni taʼmirlash ishlariga 6 380 220 425 soʻm miqdorda mablagʻlar sarflangan va xarid summasi bilan birga zarar summasi jami 7 880 220 425 soʻmni tashkil etgan.
Ushbu holat Fuqarolik ishlari boʻyicha sud instansiyalari tomonidan bir necha bor koʻrilishi davomida taraflarni oldingi holatga keltirish imkoniyati mavjud emasligi hamda bino davlat egaligiga oʻtkazilishi bilan “FUTURE GROWTH” MCHJga insofli egallovchi sifatida yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan sudga alohida tartibda murojaat qilish huquqi mavjudligi koʻrsatilgan.
Shu asosda Biznes-ombudsmanning Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan daʼvo arizasi natijasida Uchtepa tumani hokimligining hisobidan Jamiyat foydasiga 7 880 220 425 soʻm mablagʻni yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida undirilishi belgilandi.
B.Babamuradov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish boʻyicha vakil devonining yetakchi inspektori