Uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jazoni yengillashtirildi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval maʼmuriy keyin jinoyat javobgarlik belgilandi.

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-921-son, 15.03.2024-y.) bilan ayrim kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

    Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:

    Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, quyidagicha jazolanadi:

    - BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming soʻmdan 17 mln soʻmgacha) miqdorda jarima;
    - 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
    - 3-yilgacha ozodlikni cheklash;
    - 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga quyidagi qoʻshimchalar kiritildi:

    Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini musodara qilib, BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 400 ming soʻmdan 6 mln 800 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Mazkur harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

    Ilgari bu norma mavjud emas edi.

    Bunda, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval maʼmuriy keyin jinoyat javobgarlik belgilandi.

    Avval toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.