Bugun mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar va ezgu ishlarning salmogʻi kundan kunga ortib bormoqda.

Pedagogman, taʼlim sohasida ishlayman, umuman olganda, kelajagimiz uchun befarq emasman degan har bir inson aslida tarbiyachidir. Zotan, bugungi tezkor zamonda chetda tomoshabin boʻlib turishga yoki taʼlim-tarbiya masalasi faqat mutaxassislarning ishi deb qarashga hech kimning haqqi yoʻq.

Katta orzu-niyatlar bilan yangi Oʻzbekis­tonni bunyod etmoqdamiz. Bu jarayonda esa taʼlim sohasi vakillari, millat ertasining tarbiyachilari hisoblangan ziyolilar bir yoqadan bosh chiqarib, mehnat qilishi darkor. Biz ham universitetimiz jamoasi bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshish maqsadida javlon urib mehnat qilayotirmiz. Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda taʼlim sohasiga eʼtibor pedagoglarni, professor-oʻqituvchilarni shuk­rona bilan yashash va kasbidan faxrlanishga undamoqda. Majburiy mehnat, paxta yigʻimi va boshqa qora ishlardan ziyolilarning ozod etilgani — mana endi ularga chinakam ziyoli sifatida munosabatda boʻlinayotganidan dalolat. Hozir bor eʼtiborimizni taʼlim sifatini koʻtarish, xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratyapmiz.

Universitetimizda 2017-yilda talabalar soni 3550 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilga kelib, 15 ming 242 nafarga yetdi. Yigit-qizlarimiz 64 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tahsil olmoqda. 24 ta magistratura mutaxassisligida 293 nafar talaba dastlabki ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanmoqda. 2026/2027 oʻquv yilida 3250 nafar abituriyent oʻqishga qabul qilinadi. Toʻgʻri, bu raqamlar kishini xursand qiladi. Qancha yoshlarimiz oliy maʼlumotli boʻlsa, shuncha yaxshi. Ammo har bir raqam ostida minglab taqdirlar turganini inobatga olsak, bu jarayon barcha professor-oʻqituvchilardan katta masʼuliyat talab etadi.

Son bor joyda sifat, sifat bor joyda son oʻsishi kerak. Bu oʻrinda oliygohimizning ilmiy salohiyati yildan yilga oʻsayotgani Gulis­ton davlat universiteti kreativ fikrlovchi yoshlar va oʻz tadqiqoti bilan yurt taqdiriga, xalq manfaatiga xizmat qilishni burch deb bilgan olimlar markaziga aylanayotganidan dalolat. 2023-yilda ilmiy salohiyatimiz 40,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda 42,3 foizga, 2025-yil yakunlariga kelib esa 50,1 foizga yetdi. 2026-yilning birinchi choragida ilmiy salohiyat 53 foizni tashkil etdi. Ilmiy kadrlar tarkibi ham sifat jihatidan sezilarli yangilandi. 2023-yilda universitetda 157 nafar falsafa doktori faoliyat yuritgan boʻlsa, 2025-yilga kelib ularning soni 205 nafarga yetdi. Ayniqsa, yosh olimlar ulushining ortishi universitetda ilmiy maktablar barqaror rivojlanayotganini koʻrsatadi. Xususan, 40 yoshgacha boʻlgan PhD darajasiga ega olimlar soni 39 nafardan 72 nafarga yetdi, ayol PhD olimlar soni esa 28 nafardan 59 nafargacha oshdi. Bu esa universitetda gender muvozanatini taʼminlash hamda yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash siyosati samarali amalga oshirilayotganini koʻrsatadi. Albatta, bu raqamlar tizimli ravishda oʻsib, ilmiy tadqiqotlar qamrovi kengayib boradi.

Mamlakat ertasi ilm-maʼrifat, kitob bilan nurlidir. Bu oʻrinda yurtimizda kitob­ga eʼtibor, kitobxonlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik har galgidan yuksalib bormoqda. Nafaqat universitetimiz, balki viloyatimizdagi barcha mahalla yoshlari, xususan, uyushmagan yoshlar uchun ham xizmat qiluvchi, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etuvchi kutubxona barpo etish qalbimizdagi niyatlardan biri edi. Bu niyatni yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshirdik. Hozir bir vaqtning oʻzida 700 nafar kitobxonga xizmat qiluvchi universitet axborot-resurs markazi faoliyat yuritmoqda. Bugun kutubxonamizga keluvchilar hamda undan foydalanuvchilar soni universitet talabalari sonidan oshib ketgan. Sababi, chekka-chekka mahallalardan, qishloq va tumanlardan oʻquvchilar, yoshlar kelib, markaz bilan tanishmoqda, kitob mutolaa qilmoqda. Kitobxonlik loyihalarida faol ishtirok etmoqda.

Niyatimiz universitetimiz talabalari orasidan yana koʻplab “Yosh kitobxon” ­tanlovi gʻoliblari — “Prezident sovgʻasi” sovrindorlari yetishib chiqsin. Prezidentimiz oldimizga asosiy vazifa sifatida yoshlar tashabbuslarini oʻrganishni qoʻyib berdi. Yangi Oʻzbekistonda har bir rahbar yosh avlodning takliflarini oʻrganishi, ularni qoʻllab-quvvatlashi, ularning dardu gʻami bilan yashab, muam­molarini bartaraf etishi orqali Uchinchi Renessans bunyodkorlarini tarbiyalashga munosib hissa qoʻshgan boʻladi.

Bu oʻrinda biz — oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari yoshlarni eshitish boʻyicha namuna boʻlib, yuksak islohotlar jarayonida Prezidentimizga qanot boʻlishimiz darkor. Guliston davlat universitetida har payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazishni anʼanaga aylantirdik. Bu uchrashuvlar ayni kunlarda “Dolzarb 90 kunlik” doirasida ham davom etmoqda. Yoshlar bilan har galgi uchrashuvda ularning koʻzlari yonib turishini, ilmi va isteʼdodi yoʻlida yangi gʻoya hamda tashabbuslar bilan chiqishlarini koʻrib, dilim yayraydi. Ana shu onda mamlakatimizdagi yoshlar siyosati boʻyicha qilinayotgan islohotlar qay darajada muhim ekanini yana bir karra chuqur his qilaman. Filologiya fakulteti talabalari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda universitetimizning “Mushoira” klubi aʼzolari “Ustoz, sheʼrlarimizni klub mashgʻulotlarida ancha charxlab boryapmiz. Taklifimiz — ijodimizni toʻplab, bir kitob qilsak va nashr ettirsak”, deganida, sheʼrlaridan aytib berganida qalbimiz quvonchga toʻldi. Tinch va osoyishta yangi Oʻzbekis­tonga mana shunday sheʼrlar, mana shunday shodon yoshlar yarashadi, albatta. Taklif ijrosi yuzasidan kitob tayyorlashga kirishdik. Bugun Guliston davlat universitetining ijodkor talabalari qalamiga mansub sheʼrlar jamlangan salkam 200 sahifali kitob nashr etilish arafasida turibdi. Bu ham mustaqilligimizning 35 yilligiga universitetimiz nomidan ijodkor yoshlarimizning bir tuhfasi boʻladi, desam mubolagʻa boʻlmas. Universitetda ijodiy muhitni yanada rivojlantirish yoʻlida harakat qilyapmiz. Natijada ijodkor oʻgʻil-qizlarimiz hali talaba boʻlishiga qaramay, davlat mukofotlariga munosib koʻrilmoqda. Oliygohimiz yoshlaridan adabiyot yoʻnalishida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan Yorqinjon Hayitboyevning, xuddi shu yoʻnalishda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan Zarnigorxon Abduolimovaning, sanʼat yoʻnalishida esa Jasmina Sheraliyevaning mukofotlangani universitetimiz ijodkor yoshlar uchun qanot boʻlayotganidan dalolat.

Bundan tashqari, Turkmanistonda oʻtgan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari” fani boʻyicha ochiq xalqaro internet-­olimpiadasida 2 talabamiz gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. “Bukhara International Mathematics Olympiad — 2026” da ishtirok etgan universitetimiz jamoasi 3 ta kumush, 2 ta bronza medal va 1 ta jamoaviy kubok sohibi boʻldi. Qozogʻistonning Olmaota shahrida matematika, fizika va informatika fanlari boʻyicha oʻtkazilgan 22-xalqaro Jautikov olimpiadasida esa jamoamiz 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Biz bu natijalar bilan toʻxtab qolmaymiz. Yoshlarimizning yutuqlari bardavom boʻlishi uchun yanada ulkan rejalarni maqsad qilganmiz.

Yangi Oʻzbekiston qanday qudratga ega ekanini sportchilarimiz dunyo arenalarida ­namoyon etib kelmoqda. Buni yaqindagina mundialda Oʻzbekiston jamoasining ilk bora ishtirok etgani va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi davlat sifatida tarixga kirgani hamda futbol boʻyicha jahon chempionatidagi birinchi oʻzbek golini sirdaryolik vakilimiz Abbosbek Fayzullayev darvozaga kiritgani koʻrsatib qoʻydi. Toʻgʻri, birinchi marotaba boʻlgani sababli gʻalabaga erisha olmagandirmiz, ammo hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlmasligini, yana mehnat qilib, oʻz ustimizda ishlashimiz lozimligini tushundik. Oʻylaymanki, hali terma jamoamiz mundialda munosib gʻalaba qozongan kunlarni ham koʻramiz. Sababi, Oʻzbekiston — yoshlarga katta imkoniyatlar beradigan, butun dunyo havas bilan qarayotgan mamlakat.

Oʻtgan oʻquv yilida Guliston davlat universitetida barcha sharoitga ega sport maydoni qad rostladi. Maydonda futbol, yengil ­atletika, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shugʻullanish uchun hamma imkoniyatlar yetarli. Mamlakatimizda har yili turli tanlovlar, “Besh muhim tashabbus” olimpiadalari oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yili oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Besh muhim tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichiga Guliston davlat universiteti mezbonlik qildi. Natijalarga koʻra esa universitetimizning futbol jamoa­si mini futbol boʻyicha barcha hudud jamoalarini ortda qoldirib, respublika chempioni degan nomga sazovor boʻldi. Albatta, bu yutuqlar bilan cheklanib qolmay, oʻz ustimizda yanada ishlab, universitetimiz talabalarining sport sohasidagi yutuqlari bardavom boʻlishi uchun harakat qilishimiz darkor.

Isteʼdodli yoshlarni munosib ragʻbatlantirish natijadorlikni oshiradi. Universitetimizda yuqori natijalar egallab, shaxsiy namuna koʻrsatayotgan, respub­lika va xalqaro miqyosdagi tanlov hamda loyihalarda faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda koʻp. Ularni oʻz vaqtida moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib bormoqdamiz. Ammo ragʻbatning yana boshqa usullarini topish kerakligi hamda buning ortidan yoshlarning motivatsiyasini oshirish ustida ancha vaqt oʻylab yurdim. Sababi, bugun yoshlar bilan ishlash, ularni yurt taqdiriga munosib hissa qoʻsha oladigan qilib tarbiyalash, daxldorlik hissini yuksaltirish, ularni har qanday yot gʻoya­lardan asrash har qachongidan muhim. Men har safar qaysidir ishni boshlashdan oldin mutolaa qilishni odat tusiga aylantirganman. Ana shunday mutolaa jarayonlarining birida bir gʻoya kelib qoldi. Universitetning eng faol, namunali, tashabbuskor va yuqori natijalar qayd etgan talabalarining xonadonlariga — bevosita ularning ota-onalariga urgʻu qaratgan holda maxsus yorliqlar ilsak-chi deb oʻylab qoldim. Yon daftarimga bu yorliqning nomini “Sharaf yorligʻi” deb yozib qoʻydim. Albatta, har qanday ota-ona oʻz farzandidan iftixor tuysa, sharaflansa, farzandning ham qalbi, ham kelajagi nurga toʻladi. Yorliq ichiga “Ushbu xonadonda Guliston davlat universitetining eng namunali talabasini tarbiyalagan muhtaram ota-ona istiqomat qiladi”, deb yozdik. Gʻoya taklifga, taklif esa harakatga aylanib, har bir fakultetimizdan ushbu yorliqqa munosib, eng namunali talabalarni tanlay bosh­ladik. Barcha fakultet dekanlari oilalarga, xonadonlarga borib, eng namunali talabaning ota-onasiga ana shu yorliqni iftixor bilan topshirdi. Oʻsha onda barcha onalarning mijjasida yosh koʻrdik. Bu faxr va quvonch yoshi edi. Albatta, namunali talabani tanlashda bugun har bir hududda ilgari surilayotgan obodonchilik, talabaning tabiatga, atrof-muhitga, mahallayu qishloqning obodligiga munosib hissa qoʻshganini ham alohida eʼtiborga oldik. Shu zaylda eng namunali talabalarni tarbiyalagan obod xonadonlar universitetimizning “Sharaf yorliqlari”ga munosib koʻrildi. Natija kutganimizdan ziyod boʻldi. Bugun Guliston davlat universiteti talabalari ana shunday “Sharaf yorliqlari” bilan ota-onalarini xursand qilish yoʻlida oʻzaro sogʻlom raqobat asosida oʻz ustida ishlab, taʼlim va ijtimoiy ­faollik reytinglarini oshirib bormoqda.

Obodlik koʻngildan boshlanadi. Shunday koʻngillardagina bunyodkor gʻoyalar boʻy choʻzadi. Har bir xonadon, har bir koʻcha, har bir majmua obod boʻlsa, yurtimiz chiroyiga chiroy qoʻshiladi. Buning uchun esa, avvalo, har birimiz shaxsiy namuna koʻrsatishimiz kerak. Universitetimizning bir guruh faol talabalarini volontyorlik klubi ostida ­birlashtirdik. Uning nomini Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga hurmat tariqasida, shoir sheʼri nomiga hamohang tarzda “Jilgʻa” deb atadik. Albatta, bugun klub ­aʼzolari universitetimiz atrofidagi mahallalarda, viloyatning turli qishloqlarida yolgʻiz nuroniylar va imkoniyati cheklangan insonlarning xonadonlarida hashar ishlarini tizimli bajarib kelmoqda.

Bugun mamlakatimizni dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Sababi, yangi Oʻzbekiston nafaqat islohotlar zamini, balki ana shu islohotlarning amaldagi tasdigʻini namoyon etgan adolat, haqiqat va totuvlik maskanidir. Uning maʼrifiy majmuasiga aylangan Islom sivilizatsiyasi markazi — milliy maʼnaviyatimizning, yuksak eʼtiqodimizning va jahon tamadduniga qoʻshgan munosib hissamizning koʻzgusi. Jamoamiz bilan markazda bir emas, bir necha marta boʻldik va isteʼdodli yoshlarimizni ragʻbatlantirish sifatida ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohatini tashkil etdik. Har safar yoshlar bilan uchrashuvda markazda boʻlgan talabalarimizdan soʻrasam, koʻrganlarini toʻlib-toshib gapirib beradi. Ha, davlatimiz rahbari yurtimizning boy merosi haqida ana shunday toʻlib-toshib, iftixor bilan gapirishimizga imkon yaratib berdi. Buning uchun esa cheksiz shukrona keltirib, bunday majmualar bilan yoshlarimizni koʻproq tanishtirishimiz kerak. Men ushbu markazda boʻlib, soʻnggi 10 yildagi islohotlar koʻlami naqadar keng ekanini chuqur his qildim.

Yaqinda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini nishonlaymiz. Oʻtgan fursat davomida yurtimiz dunyo xaritasidagi oʻrnini yanada mustahkam egallab, Oʻzbekiston qanday diyor ekanini butun olamga koʻrsatib qoʻydi. Ayniqsa, soʻnggi 10 yillikdagi odilona, xalqchil siyosat yangi Oʻzbekistonning diplomatik qiyofasini yanada jozibador koʻrinishga keltirdi. Joriy yil xizmat safari bilan Xitoyda boʻldim. U yerdagi bir qancha oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan muzokaralar oʻtkazdik. Uchrashgan har bir hamkorimiz mamlakatimiz haqida juda iliq fikrlarni bildirdi. Ayniqsa, ulardan birining “Sizning yurtingiz bilan hamkorlik qilish biz uchun sharaf. Chunki Prezidentingizning ochiqlik siyosati yangi Oʻzbekistonning chin maʼnoda yangi rivojlanish bosqichiga chiqqanidan dalolatdir”, deb taʼkidlagani meni faxrlantirdi. Bugun Oʻzbekistonga, xususan, Sirdaryoga xorijiy delegatsiyalarning keti uzilmayapti. Universitetimizda ham xitoylik hamkorlarimizning tashriflari manfaatli boʻlmoqda. Axborot texnologiyalari va fizika-matematika fakulteti huzurida yangi markaz, filologiya fakultetimiz huzurida xitoy tili markazini tashkil etdik. Shuningdek, Samad Vurgʻun nomidagi ozarbayjonshunoslik auditoriyasiga asos solindi. Avvallari professor-oʻqituvchilarning xorijga xizmat safariga borishi shov-shuvli voqea boʻlar edi, ammo bugungi imkoniyatlar natijasida guruh-guruh talabalarimiz bir qarasangiz Xitoyda, bir qarasangiz dunyoning yana boshqa bir mamlakatida almashinuv dasturlarida ishtirok etishmoqda. Bu esa yoshlarimiz uchun yurtimizdagi imkoniyatlar xalqaro eshiklarni ham ochayotganidan dalolat.

Har yili mamlakatimiz mustaqilligini nishonlaydigan munavvar kunlar arafasida Prezidentimiz tegishli farmonlarga imzo chekib, turli sohalardagi bir guruh fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimizni yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlaydi. Men ana shu jarayonda mamlakatimiz ziyolilarining munosib ragʻbatlantirilayotgani, qilingan mehnatga yuksak javob qaytayotganidan xursand boʻlaman. Bu yil aynan ulugʻ bayramimiz shukuhi kezib yurgan kunlarda Prezidentimizga Qirgʻiz Respublikasining I darajali “Manas” ordeni berilgani va uni shaxsan qardosh mamlakat rahbari samimiyat va cheksiz hurmat bilan taqdim etgani meni, avvalo, bir fuqaro, ziyoli pedagog sifatida nihoyatda xursand qildi va xayolimdan bir oʻy oʻtdi. Prezidentimiz har yili mus­taqillik ayyomida yurtdoshlarimizni xursand qilar edi, ularning koʻnglini togʻ qadar koʻtarardi. Mana, bu yil esa qoʻshnilarimiz mamlakatimiz yetakchisini shu qadar eʼzoz­lab, yangi Oʻzbekiston islohotlarini eʼtirof etib, oʻzlarining eng yuksak mukofotlarini taqdim etayotgani — davlatimiz rahbarining azmu shijoatlariga berilgan odilona baho va xalqimizning samimiy duolari natijasidir. Albatta, yurt ishqi bilan javlon urilgan mehnat, bu yoʻlda safarbar etilgan umr hammamiz uchun haqiqiy oʻrnakdir.

Shu oʻrinda bir savol berish oʻrinlidir. Xoʻsh, mustaqillik oʻzi nima? Mustaqillik millat ertasi uchun negiz demakdir. Mus­taqillik har tomchisi ezgulik deb nomlanadigan dengiz, har qoyasi Vatan deb nomlanadigan togʻ, har tomiri xalq deb nomlanadigan daraxt kabidir. Har niholga qarov kerak boʻlgani kabi mustaqillikni ham asrash, qadriga yetish, himoya qilish lozim. Shubhasiz, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib, Vatanimiz nomini dunyo hamjamiyati oldida yanada zabardast tutib bermoqda. Biz mana shu yurt uchun munosib hissa qoʻsha olishimiz darkor. Bunda xizmatimiz yoshlarning oʻzbekona tarbiyasi, xalqaro standartlarga asoslangan sifatli taʼlimida namoyon boʻladi.

Muxsin HOJIYEV,

Guliston davlat universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor

Hamkorlik materiali