Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan “Inter Express Service” MCHJning mazkur yerga boʻlgan huquqi bekor qilindi.
Uchtepa tumani Quyi Darxon mahallasi Taqachi mavzesidagi 42–44-uylarda yashovchi fuqarolar 2014–2015-yillarda oʻz mablagʻlari hisobidan 2–3-uylar oraligʻidagi qarovsiz boʻsh yerda hashar yoʻli bilan futbol va bolalar maydonchasini barpo etgan.
Shundan keyin bir necha yil davomida mahallada yashovchi aholi va ularning farzandlari ushbu maydonlardan foydalanib kelgan.
Biroq 2026-yil mart oyida oʻzini “Inter Express Service” MCHJ vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar mahallaga bir necha bor kelib, mazkur hududda qurilish ishlari rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan.
Bundan norozi boʻlgan aholi 16-mart kuni Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan.
Murojaatni oʻrgangan Uchtepa tumani prokuraturasi javobida mazkur yer 2018-yilda Uchtepa tumani hokimining 946-sonli qarori asosida “Inter Express Service” MCHJga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi qurish uchun ajratilgani maʼlum qilingan.
Shuningdek, yer uchastkasi 2025-yil 25-fevralda Davlat kadastrlari palatasi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, MCHJ nomiga rasmiylashtirilgani qayd etilgan.
Biroq Prezident Xalq qabulxonasi oʻrganish jarayonida masalaga toʻliq huquqiy baho berilmagani va bir qator holatlar yetarlicha tekshirilmaganini aniqlagan.
Jumladan, futbol va bolalar maydonchasi mavjud boʻlgan hudud qanday asoslarga koʻra boʻsh yer sifatida baholanib, tadbirkorlik subyektiga ajratilgani, shuningdek, yer 2018-yilda ajratilgan boʻlsa-da, nega shu kunga qadar maqsadli foydalanilmagani masalalariga oydinlik kiritilmagan.
Shu sababli Prezident Xalq qabulxonasi 17-iyun kuni murojaatni qayta ijroga qaytargan.
Yakunda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi mazkur yer maydoni boʻyicha qaror qabul qildi.
Unga koʻra, “Inter Express Service” MCHJning ushbu yer maydoniga boʻlgan huquqi bekor qilindi.
Shu tariqa mahalla aholisi bir necha yil davomida foydalanib kelgan futbol va bolalar maydonchasi joylashgan hududning taqdiriga oid nizoda aholi manfaati inobatga olindi.