Ular ham mening farzandlarim. Yaxshisi ham, yomoni ham meniki – Shavkat Mirziyoyev

    Hukumat 10 Sentabr 2021 1731

    Prezident Shavkat Mirziyoyev XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuvda milliy paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun qator tashabbuslarni ilgari surdi.

    Jumladan, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi qoshida Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

    Para-sportchilarni muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish, maxsus dori-darmon va xalq tabobati vositalari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

    Turizm va sport vaziri hamda viloyat hokimlariga qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida “Amirsoy” togʻ-changʻi sport majmuasi va “Humo-Arena” muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Davlatimiz rahbari para-sport boʻyicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif qildi.

    – Oʻzining yuksak irodasi va matonatini namoyish etib kelayotgan sizlar kabi yoshlarimiz bu maktabning yetakchi vakillari sifatida faoliyat olib borsa, ayni muddao boʻlardi. Sizlar taʼlim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, oʻz hayotingiz, mashaqqatli yoʻllaringiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtayotganingiz haqida soʻzlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi, – dedi Prezident.

    Davlatimiz rahbari taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, hayotda oʻz oʻrnini topib yashayotganlarining oʻzi katta jasorat va qahramonlik namunasi ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, sinovlarga bardosh bera olmagan yoshlarimiz maʼrifatga emas, jaholatga ergashishini taʼkidladi.

    – Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina toʻsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʻzini yoʻqotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojoʻya yoʻllarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yoʻq emas. Vatani, ota-onasi, Prezidenti ulardan koʻp narsa kutayapti. Ular ham mening farzandlarim, yaxshisi ham, yomoni ham meniki. Sizlar orqali adashgan yoshlarni tarbiyalab olsak, bu mening eng katta gʻalabam, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Marosimda jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohasidagi katta yutuqlari bilan namuna boʻlib kelayotgan zamondoshlarimiz haqida publitsistik asarlar, koʻrsatuv va eshittirishlar, ijtimoiy roliklar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Prezidentimizning farmoniga muvofiq, Tokioda boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlgan bir guruh paralimpiyachi sportchilarimiz va ularning ustoz-murabbiylari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi.

    Tadbir soʻngida ushbu mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

    Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar, ona-onalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtibori, ayniqsa, nogironligi boʻlgan insonlarga hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatayotgan cheksiz gʻamxoʻrligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.