Qahramon xalqimiz turli davrlarda yuz bergan vabo va oʻlatlar, ocharchilik, qahatchilik, urush va qatagʻonlardan azmu qatʼiyat bilan omon chiqqan.
Azaldan xalqimizning qonida, suyagida boʻlgan bunday olijanob fazilatlar koronavirus pandemiyasi davrida yana bir bor yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bugungi kunda bu sinovlarni mardona yengib oʻtishda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari ham ulkan hissa qoʻshmoqda. Ayniqsa, xalqimiz orasida katta obroʻ-eʼtibor qozongan sanʼatkorlarimiz oʻzlarining barchani sabr-bardoshga, oʻzaro mehr-oqibatli, ahil va hamjihat boʻlishga daʼvat etuvchi taʼsirchan soʻzlari va chiqishlari bilan yurtdoshlarimiz qalbida ertangi yorugʻ kunlarga ishonch tuygʻusini uygʻotayotganiga hammamiz guvohmiz.
Ming afsuski, bu kasallik tufayli koʻpgina yurtdoshlarimiz qatorida elimiz sevgan, isteʼdodli sanʼatkorlarni ham soʻnggi yoʻlga kuzatishga majbur boʻldik.
Bugun biz oʻzining oʻlmas obrazlari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olgan Oʻzbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova, mashhur kompozitor va dirijyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Anvar Ergashev, barchamizning sevimli aktyorimiz, Oʻzbek Milliy akademik drama teatriga rahbarlik qilib, otaxon teatrimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fatxulla Maʼsudov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining isteʼdodli artisti Janibay Utepbergenov, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining mahoratli aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Adham Abdullayev va boshqa sanʼatkorlarimizning nomlarini ehtirom bilan yodga olamiz.
Oʻz faoliyatining maʼno-mazmunini ona xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda deb bilgan bu fidoyi yurtdoshlarimizdan boy maʼnaviy meros qoldi.
Ularning teatr sahnalarida, badiiy va televizion filmlarda yaratgan yorqin obrazlari, yurtimiz va jahon miqyosida eʼtirof etilgan musiqiy asarlari abadiyat mulki boʻlib qolishi, shubhasiz.
Bu aziz insonlar xalqimizning qalbi va ongi uygʻoq, vatanparvar farzandlari sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning doimiy ishtirokchisi va targʻibotchisi edilar.
Ular katta ijod va hayot tajribasiga ega ustozlar sifatida oʻnlab isteʼdodli yoshlarni tarbiya qildilar. Bu betakror sanʼatkorlarimiz haqida soʻz borar ekan, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi misralari yodga keladi:
Sanʼatga baxsh umrning ajib moʻjizasi bor,
U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.
Odam umri sarhadli, qoʻshiq umri poyidor,
Navosoz yuraklarda oʻlmas navo qoladi.
Darhaqiqat, bir oʻlmas navo, poyidor qoʻshiq singari sanʼatga baxsh umrlar ham zavol bilmasdir. Milliy madaniyatimiz va sanʼatimizning fidoyi namoyandalari xotirasi hamisha qalbimizda yashaydi.
Ularning oilalari va yaqinlariga, millionlab muxlislariga Madaniyat vazirligi butun sanʼat ahli nomidan chuqur taʼziya bildirib, Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilaydi.
Oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi