“Dehqonobod kaliy zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyati anjumanlar saroyida O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Uni Mustaqilligimiz sharofati bilan bunyod bo'lib, mamlakatimiz iqtisodiyotini dunyoga tanitayotgan mazkur gigant korxona direktorining birinchi o'rinbosari Bahodir Jonqo'ziev kirish so'zi bilan ochib, jumladan shunday dedi: “Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qarori bilan mamlakatimizda keng nishonlanayotgan ustoz Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi hammamizga ko'tarinki ruh bag'ishlamoqda. Bugungi ma'naviy-ma'rifiy tadbirimiz ham buning yorqin isboti. Ushbu adabiy-musiqiy kechamizda elimizning sevimli shoirlari, taniqli san'atkorlarimiz ishtirok etayotgani ayni muddaodir.”
Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi Safar Olloyor, shoirlar Turdi Haydar va O'ktam Sadinlar madhiyamiz muallifi bo'lgan ulug' shoir haqidagi iliq xotiralarini so'zlab, yangi she'rlaridan o'qib berdilar. Shuningdek, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri, Qarshi shahar “Muloqot” teatr-studiyasi jamoalari tomonidan tayyorlangan ijodiy uchrashuv, musiqiy kompozitsiyalar hamda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Sa'dulla Qoraboev, iste'dodli xonandalar Hasan Salohiddinov va Bahrom Boltaevlar ijrosidagi Abdulla Oripov she'rlari bilan aytiladigan mashhur qo'shiqlar yig'ilganlarni xushnud etdi.
Shuningdek, Abdulla Oripov qalamiga mansub “Jannatga yo'l” dramatik asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan bir ko'rinish hamda Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomiga qo'yilgan ixtisoslashtirilgan ijod maktabi faoliyati haqidagi videorolik tadbir ishtirokchilari e'tiboriga havola etildi.