Ulugʻbek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi

    Deputat Choriyev Abduraim Ravshanovich xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi etib saylandi.

    Bugun Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining VII chaqiriq, birinchi sessiyasi oʻtkazildi.

    Unda viloyat Hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonovaning joriy yil 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.

    Sessiyada 14-Alpomish saylov okrugidan saylangan deputat Choriyev Abduraim Ravshanovich xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi etib saylandi.

    Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari roʻyxatdan oʻtkazilib, viloyat Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

    Maslahatlashuvda Prezidentimiz tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulugʻbek Qosimov nomzodi koʻrsatilganligi bildirildi. Nomzod boʻyicha partiyalar guruhlari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

    Nomzod deputatlarga viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboliga moʻljallangan oʻz dasturini taqdim etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashining VII chaqiriq birinchi sessiyasi qarori bilan Qosimov Ulugʻbek Berdiqobilovich nomzodi Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlandi.