Dunyo axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda ushbu mehmonxonalarda 170 nafardan ortiq o‘zbekistonlik ziyoratchi Vatanga qaytishni kutib turibdi.

Ziyoratchilarning aytishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar bilan Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari tufayli ular hozirga qadar qaytib keta olmagan.

Suhbat davomida ziyoratchilar orasida keksa yoshdagilar ko‘pligi, shuningdek, infarkt, qandli diabet va qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar borligi aytildi. Ular O‘zbekiston hukumatidan amaliy yordam so‘ragan.

Diplomatlar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan ayrim “turistik firmalar” va jismoniy shaxslar tomonidan noqonuniy umra safarlari tashkil etilmoqda. Bu esa vatandoshlarnng Madina va Jidda shaharlarida ham qiyin ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘layapti.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilgan litsenziya asosida 14 ta turistik firma umra ziyoratini rasmiy tashkil etayotgani ma’lum qilindi.

Ziyoratchilarga, agar safar ruxsatnomasiz tashkil etilgan bo‘lsa ham, ularning murojaatlari belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishi bildirildi. Biroq bu jarayon vaqt talab qilishi mumkinligi sababli, imkoniyat bo‘lsa, o‘z hisoblaridan aviachiptа olib Vatanga qaytish tavsiya etildi.

Shuningdek, fuqarolarga ularni aldagan shaxslar ustidan O‘zbekistonga qaytgach tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.

Hozirda mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan va vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.