баннер
26 Apr 2025
22:39

    Umraga bormoqchi boʻlgan 2 558 nafar shaxsni “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways” firmasi chuv tushirdi

    Raqobat qoʻmitasi “Umra” ziyoratiga borishda firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlishga chaqirdi.

    Raqobat qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali “Umra” safarlariga yuborish uchun tegishli litsenziya va ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan turoperatorlarining arzon narxda sotish takliflari asosida qilinayotgan reklamalarni kuzatib borayotganini maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, “Umra” ziyoratchilariga eng katta miqdorda, yaʼni 25 mlrd soʻmlik zararni “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways” firmalari yetkazgan boʻlib, aldanib qolgan jabrlanuvchilar soni 2 558 nafarni tashkil etadi.

    Shuningdek, Surxondaryo viloyati “Bilolbek travel” MCHJ Jarqoʻrgʻon tumani filiali xodimi N.J. tegishli ruxsatnomasiz «Umra« ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, fuqaro M.A.ning 14 mln 900 ming soʻm miqdoridagi pulini aldov yoʻli bilan olgan.

    Shuningdek, mazkur MCHJning Boysun tuman filiali mutaxassisi A.S. ham ziyorat uchun fuqaro X.M.ning ishonchiga kirib, 2 200 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

    Yuqoridagi holatlarga koʻra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarni aldov yoʻli bilan ishonchiga kirib, pullarini oʻzlashtirayotgan, oʻzlarini esa xorijda sarson boʻlishiga sabab boʻlayotgan sayyohlik firmalari va turoperatorlariga tegishli choralar koʻrilgan.

    «Hurmatli fuqarolar, “Umra” tadbirlarni amalga oshirishda firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlish va keyinchalik turli koʻngilsiz holatlarga tushib qolmaslik maqsadida xavfsiz, ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishni tavsiya etamiz.
    Notoʻgʻri, ishonchsiz va shubhali reklama axborotlari berilgan holatlar kuzatilsa yoki bunday axborot tufayli zarar koʻrgan taqdiringizda Raqobat qoʻmitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz«, — deyiladi Qoʻmita axborotida.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech