Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 25 Avgust 2021 7235

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Koronavirus pandemiyasi davrida umumiy ovqatlanish va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

    1. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:

    2021-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi;

    2023-yil 1-sentyabrga qadar turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi.

    2. Umumiy ovqatlanish korxonalariga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda aylanmadan olinadigan soliq, foyda soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yigʻimlar boʻyicha 2021-yil 15-avgust holatiga koʻra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar boʻyicha jarima va penyalarni 2022-yil 1-yanvardan 1-iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlash huquqi berilsin.

    3. Tijorat banklarining umumiy ovqatlanish sohasida xizmat koʻrsatuvchi mijozlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish uchun bank xizmatlarining turli xil instrumentlaridan foydalanib, ularni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    4. Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 25-avgust.