Umumta’lim maktablarning yuqori sinflari uchun 4 ta yo‘nalishda tanlov fanlari belgilandi

    Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.

    Ta’kidlash joizki, o‘quvchilarning qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish, yuqori sinf o‘quvchilarini fanlarga ixtisoslashuvini kengaytirish hamda ularni oliy o‘quv yurtlariga yo‘naltirish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda.

    Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi “Umumta’lim maktablarida yuqori sinf o‘quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etishni tajriba-sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida” 192-sonli buyrug‘i qabul qilindi.

    Mazkur buyruq bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yuqori sinflarida (joriy o‘quv yilida 10-sinflarda) 4 ta yo‘nalish (matematika-fizika, ona tili-chet tili, kimyo-biologiya, matematika-chet tili) bo‘yicha tanlov fanlari belgilab berildi hamda tajriba-sinovdan o‘tkazish tartibi, o‘quv rejalari, tushuntirish xati, tajriba-sinovdan o‘tkaziladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi.

    2023-2024 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 135 ta umumta’lim maktablari tanlab olinib, ushbu maktablarda jami 137 ta sinflarda 4 050 nafar o‘quvchilar Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarining tajribalaridan kelib chiqib ishlangan o‘quv dasturlar asosida tahsil olmoqda.

    Xususan, matematika-fizika yo‘nalishida 16 ta, ona tili-chet tili yo‘nalishida 51 ta, kimyo-biologiya yo‘nalishida 40 ta, matematika-chet tili yo‘nalishda 30 ta sinflarda o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olmoqda.

    Shu bilan birga, ushbu maktablarga yo‘nalishlar bo‘yicha har bir fan uchun taqvim mavzu rejalar ishlab chiqilib, ta’lim jarayoniga tatbiq etildi hamda uzluksiz ravishda Respublika ta’lim markazi metodistlari, Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarining tajribali o‘qituvchilari tomonidan metodik yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.

    Shuningdek, tanlov fanlari asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilimi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yo‘lga qo‘yilgan yangi formativ va summativ baholash tizimi asosida baholanadi.

    Kelgusi o‘quv yillardan boshlab, o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga qarab yangi yo‘nalishlar tavsiya etilishi rejalashtirilgan.