Ayni paytda mustaqillik davlatning xalqaro huquqning toʻlaqonli subyekti sifatida shakllanishi, global maydonda oʻz manfaatlarini himoya qila olishi va munosib oʻrin egallashini taʼminlaydi. Shu nuqtayi nazardan, mustaqillik nafaqat siyosiy maqom, balki xalq farovonligi va milliy rivojlanishning strategik kafolati deb baholanishi lozim.

Mustaqillik Oʻzbekiston taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. U faqat siyosiy tizim yangilanishi bilan cheklanib qolmay, iqtisodiy munosabatlar, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslari va ijtimoiy institutlarning tubdan qayta shakllanishini ham anglatdi. Oʻtgan davrda mamlakat rejali iqtisodiyot modelidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga bosqichma-bosqich oʻtdi, davlat va jamiyat boshqaruvining demokratik institutlari shakllantirildi, fuqarolik jamiyatining institutsional asoslari yaratildi. Shu bilan birga, mazkur jarayonlar murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda, tashqi iqtisodiy bosimlar, global raqobat va geosiyosiy oʻzgarishlar taʼsirida amalga oshirilganini alohida taʼkidlash zarur.

2016-yildan boshlab Prezidentimiz rahbarligidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotida yangi sifat bosqichini boshlab berdi. “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi doirasida ilgari surilgan islohotlar davlat boshqaruvini liberallashtirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va jamiyat hayotining barcha sohasida ochiqlikni taʼminlashga qaratildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, “Oʻzbekiston — 2030” ­strategiyasining ishlab chiqilishi, tashqi siyosatda pragmatik va ochiq yondashuvning kuchayishi, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlarining jadallashuvi mamlakatimizning barqaror va jadal rivojlanishini taʼminlayotgan muhim omillardir.

Natijada Oʻzbekiston soʻnggi yillarda nafaqat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, balki mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etuvchi davlat sifatida pozitsiyasini mustahkamlamoqda. Bu esa mustaqillik yillarida tanlangan taraqqiyot yoʻlining strategik jihatdan toʻgʻri va uzoq muddatli manfaatlarga xizmat qilayotganini koʻrsatadi.

Endi iqtisodiy koʻrsatkichlarga murojaat qilish orqali islohotlarning amaliy natijalarini baholash mumkin. 2026-yilning birinchi choragida mamlakatimiz iqtisodiyoti barcha asosiy yoʻnalish boʻyicha barqaror oʻsish dinamikasini namoyon etdi. Xususan, yalpi ichki mahsulotning 8,7 foizga oʻsishi nafaqat milliy miqyosda, balki global iqtisodiy vaziyat nuqtayi nazaridan ham yuqori koʻrsatkichdir. Bugun rivojlanayotgan mamlakatlarda oʻrtacha iqtisodiy oʻsish surʼati 4-5 foiz atrofida shakllanayotganini inobatga olsak, mazkur natija ichki iqtisodiy faollikning sezilarli darajada oshgani va islohotlarning muayyan samara berayotganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, bunday yuqori oʻsish surʼatining barqarorligi masalasi alohida tahlilni talab qiladi. Chunki qisqa muddatli “sakrash”lar emas, balki uzoq muddatli trendlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Tarmoqlar kesimidagi tahlil iqtisodiy oʻsish manbalarini yanada aniq ochib beradi. Xizmatlar sohasining 16,1 foiz oʻsishi iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlar chuqurlashayotganini anglatadi. Zamonaviy iqtisodiyotda aynan xizmatlar sektori yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va innovatsiyalarni joriy qilishda yetakchi oʻrin tutadi.

Sanoat ishlab chiqarishining 8, qishloq xoʻjaligining esa 5,1 foiz oʻsishi iqtisodiyotning nisbatan muvozanatli rivojlanayotganini koʻrsatadi. Bu holat bir tarmoqqa ortiqcha bogʻlanib qolish xavfini kamaytiradi va tashqi shoklarga nisbatan barqarorlikni oshiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat koʻrsatkichlari ham ijobiy dinamikani aks ettirmoqda. Eksport hajmi 5,8 milliard, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar esa 13,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Makroiqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan inflyatsiya darajasining 7,1 foizga tushgani alohida ahamiyatga ega. Bu soʻnggi yillardagi pul-kredit siyosati va bozor mexanizmlarini chuqurlashtirish chora-tadbirlarining natijasi sifatida baholanishi mumkin.

Davlat moliyasi sohasidagi koʻrsatkichlar ham ijobiy tendensiyani namoyon etmoqda. Jumladan, birinchi chorakda byudjet daromadlari oʻtgan yildagiga nisbatan 35 foiz oʻsib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2,2 trillion soʻm mablagʻ shakllantirilgani, shundan 1,4 trillion soʻmning tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilgani moliyaviy nomarkazlashtirish siyosati izchil yuritilayotganini koʻrsatadi. Bu esa hududlarning iqtisodiy faolligini ragʻbatlantirish, joylarda tashabbuskorlikni kuchaytirish va resurslardan samarali foydalanish uchun muhim institutsional asos yaratadi.

Iqtisodiyotdagi eng muhim tizimli islohotlardan biri xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishdir. Bugun iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 1685 tani tashkil etmoqda. Soʻnggi besh yilda xususiylashtirish natijasida davlat korxonalari soni 60 foiz kamaydi. Bu nihoyatda muhim iqtisodiy oʻzgarishdir.

Keyingi besh yilda davlat korxonalari sonining 60 foiz qisqargani islohotlar dinamikasi sezilarli darajada tezlashganini anglatadi. Xususan, oʻtgan yilda qariyb 30 trillion soʻmlik davlat aktivlarining xususiy sektorga oʻtkazilishi va byudjetga 10 trillion soʻmdan ortiq tushum kelib tushgani ushbu jarayonning fiskal samarasini namoyon etadi. Shu bilan birga, yer uchastkalarini sotishdan

6 trillion soʻmlik mablagʻ shakllangani aktivlarni bozor mexanizmlari orqali taqsimlash amaliyoti kengayib borayotganini ­koʻrsatadi.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimining joriy etilishi mazkur jarayonning institutsional sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, viloyatlar darajasida 2,6 trillion soʻm, mahallalar miqyosida esa 7 milliard soʻm mablagʻ qoldirilgani xususiylashtirishning faqat makroiqtisodiy emas, balki ijtimoiy dividendlarini ham shakllantirayotganini anglatadi. Bu yondashuv hududiy manfaatdorlikni kuchaytirish orqali islohotlarning “qabul qilinish darajasi”ni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, xususiylashtirish jarayonini yanada jadallashtirish, ayniqsa, zarar koʻrib kelayotgan korxonalarni bozor mexanizmlariga oʻtkazish strategik zaruratga aylanmoqda. Biroq bu jarayon shoshmashosharlik bilan emas, balki aniq mezonlar asosida — aktivlarning bozor qiymatini toʻgʻri baholash, ochiq va shaffof savdolarni taʼminlash, xususiy investorlarning uzoq muddatli majburiyatlarini belgilash orqali amalga oshirilishi lozim. Aks holda, xususiylashtirish qisqa muddatli fiskal manfaatlarni taʼminlashi mumkin, lekin uzoq muddatli iqtisodiy samaradorlikka erishishni kafolatlamaydi.

Davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirishda muhim cheklovlardan biri tahlil va qaror qabul qilish jarayonida zamonaviy raqamli vositalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganidir. Amaldagi tizimlarda maʼlumotlar tarqoq holda saqlanishi, real vaqt rejimida monitoring cheklangani va inson omiliga yuqori bogʻliqlik aktivlarni boshqarish samaradorligini pasaytiradi. Shu nuqtayi nazardan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligida maxsus raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish tashabbusi institutsional jihatdan muhim qadamdir.

Taklif etilayotgan yondashuv doirasida xususiylashtirish jarayonini toʻliq raqamlashtirish, barcha bosqichni onlayn kuzatish va maʼlumotlarni yagona platformada jamlash koʻzda tutiladi. Sunʼiy intellekt elementlarini joriy etish orqali davlat korxonalarining moliyaviy holatini avtomatik tahlil qilish, risklarni erta aniqlash va tushumlarni taqsimlashda optimal qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, oʻz navbatida, inson omili taʼsirini qisqartirish, shaffoflikni oshirish va korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirishga xizmat qiladi.

Yer resurslaridan samarali foydalanish masalasida ham raqamli yondashuvlarni kuchaytirish zarurati yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Xususan, E-auksion, Yerelektron, Shaffof qurilish va UzKAD axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali yer uchastkalarining haqiqiy holatini kompleks baholash imkoniyati paydo boʻladi. Bu orqali foydalanilmayotgan yoki samarasiz ishlatilayotgan yerlarni aniqlash, qayta taqsimlash va iqtisodiy aylanmaga jalb qilish mexanizmlarini kuchaytirish mumkin. 2022-2025-yillarda tadbirkorlarga ajratilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun raqamli nazoratni mustahkamlash zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, yirik davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, “UzAuto Motors” va “Navoiyazot” kabi sanoat gigantlari, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalari kabi strategik infratuzilma obyektlarini bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Bu jarayon, bir tomondan, xususiy sektor ulushini oshirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ilgʻor texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali tarmoqlarni modernizatsiya qilish imkonini beradi.

Hududlarda davlat mulkidan samarali foydalanish va faoliyatdan chetda qolgan resurslarni iqtisodiy aylanmaga jalb qilish masalasi iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada davlat koʻchmas mulkini yagona boshqaruv tizimiga oʻtkazish hamda maʼmuriy binolardan foydalanish samaradorligini qayta koʻrib chiqish taklif etilmoqda. Xususan, bir xodimga toʻgʻri keladigan oʻrtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish tashabbusi resurslardan ratsional foydalanish nuqtayi nazaridan asoslidir.

Mazkur yondashuv orqali 4,9 million kvadrat metrga yaqin maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish imkoniyati paydo boʻladi. Bu, oʻz navbatida, boʻsh turgan binolarni ijaraga berish yoki sotish orqali qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish, shuningdek, ularni saqlash va kommunal xizmatlar bilan bogʻliq xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi. Biroq bu yerda muhim jihat, bunday maydonlarning bozordagi real talabga mos ravishda taklif qilinishi va ularning samarali foydalanilishini taʼminlash mexanizmlarining ishlab chiqilganidadir. Aks holda, aktivlar qogʻozda aylanmaga kiritilgan, amalda esa foydalanilmayotgan holatda qolib ketishi mumkin.

Yer resurslarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishda ham yangi yondashuv shakllanmoqda. Yer maydonlarini faqat ruxsat beruvchi hujjatlar bilan emas, balki tayyor biznes loyihasi bilan birga auksionga chiqarish amaliyoti joriy etilayotgani investitsiya jarayonlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bu model yerni shartli resursdan tayyor iqtisodiy aktivga aylantiradi. Shu bilan birga, yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish rejasi agrar sektorda bozor mexanizmlarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish maqsadida turizm va agrosanoat yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, har bir tumanning turistik salohiyatini oshirish, shuningdek, viloyatlar kesimida kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini tashkil etish boʻyicha belgilangan vazifalar hududlarda yangi qiymat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq bu yerda asosiy masala mazkur loyihalarning bozor talabiga mosligi va logistika, qayta ishlash hamda eksport infratuzilmasi bilan qanchalik uygʻunlashganidadir.

Resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy faollikni kengaytirish soliq bazasining oʻsishiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, soliq tizimidagi islohotlar yangi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining markaziy elementlaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi ikki yilda soliq islohotlari hisobiga byudjet tushumi iqtisodiy oʻsish surʼatiga nisbatan tezroq oshmoqda. Bu holat soliq maʼmurchiligining takomillashuvi va yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarayotgani bilan izohlanadi. Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham oʻz baholarida qayd etgan.

Strategik maqsad sifatida 2030-yilga borib soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga yetkazish va iqtisodiyotdagi norasmiy sektor ulushini 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish belgilangan. Yashirin iqtisodiyotning yuqori darajada saqlanib qolishi nafaqat byudjet daromadlarini cheklaydi, balki bozorda adolatli raqobat muhitini ham izdan chiqaradi. Norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlar soliq yukidan qochish orqali sunʼiy afzallikka ega boʻladi. Bu esa samarali va shaffof ishlayotgan biznes subyektlari uchun tengsiz sharoit yaratadi.

Shu bois, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga faqat fiskal vazifa emas, balki raqobat siyosatining ajralmas qismi sifatida qaralishi lozim. Bu yoʻnalishda maʼmuriy nazoratni kuchaytirish bilan birga biznes yuritishni soddalashtirish, soliq yukini optimallashtirish va iqtisodiy faoliyatni “soyadan chiqish”ga ragʻbatlantiruvchi institutlarni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari birinchi chorak tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda raqamli tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda byudjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm tushumni taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Yigʻilishda strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish masalasi koʻtarildi. 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani xizmat sifatini pasaytirmoqda. Yechim: strategik boʻlmagan 500 ta korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonasini tuman darajasiga oʻtkazish. Bu yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq maʼmurchiligidagi asosiy muammolar soʻrov natijalariga koʻra aniqlandi: tekshiruvlarning murakkabligi, hisobot topshirishning ogʻirligi va soliq toʻlash jarayonlaridagi nomaʼqulliklar. Muammolarni yechish uchun qator tashabbuslar koʻzda tutilgan:

— “Avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan profilaktika tizimiga aylantirish (xatoni barvaqt aniqlash va tuzatish);

— korxonalarni xavf darajasiga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash;

— 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomatik shakllantirish;

— yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish orqali xatoliklarni kamaytirish.

Yangi tizim joriy etilsa, tadbirkorlar 8,4 trillion soʻm tejashi mumkin. Tekshiruvlar soni kamayadi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqaradi, murojaatlarni koʻrib chiqish tezlashadi va koll markazlar faoliyati yaxshilanadi. Bu nafaqat tadbirkorlar uchun qulaylik, balki soliq organlari imijini ijobiy tomonga oʻzgartirishning amaliy yoʻlidir.

Har qanday tizimning samaradorligi pirovardida odamlarga bogʻliq. Soliq organlari uchun kadrlar masalasi eng asosiy muammo sifatida belgilandi. Soʻnggi yillarda kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi muammolarni tizimli tarzda koʻrsatmoqda. 2022-yilda 3000 dan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa, oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan. Bu keskin pasayish tashvish uygʻotadi.

Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish, uzluksiz taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish soliq tizimini koʻproq “servis tashkiloti”ga aylantirish strategiyasining tarkibiy qismidir.

Bank-kredit tizimining tahlili mamlakatimizdagi iqtisodiy faollik dinamikasini aniq koʻrsatadi.

Tadbirkorlik segmentida sanoat tarmogʻi 140,8 trillion soʻm bilan eng yirik kredit isteʼmolchisi boʻlsa-da, kredit hajmi oʻtgan yildagiga nisbatan 13,5 trillion soʻm kamaygan. Aksincha, qishloq xoʻjaligi sohasida kreditlarga talab keskin ortgan. Soha qarzdorligi 12,2 trillion soʻm koʻpayib, jami 62,1 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu agrosanoat sektorini rivojlantirishga davlat eʼtibori kuchaygani bilan bogʻliq.

2026-yil 1-aprel kuni Oʻzbekiston hukumati global moliya maydonida nihoyatda muhim bitimni imzoladi. Mamlakatimiz ekvivalent hisobida 1 milliard dollarga teng soʻmdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Ushbu amaliyot milliy valyutadagi qarz jalb qilish tarixida eng past — yillik 12,25 foiz stavka bilan qayd etildi.

Emissiya jarayonida xalqaro investorlar tomonidan misli koʻrilmagan talab kuzatildi. AQSH, Yevropa, Buyuk Britaniya va Osiyoning 50 ga yaqin yirik investitsiya kompaniyalaridan jami 23,4 trillion soʻmlik arizalar kelib tushdi. Bu koʻrsatkich hukumat taklif etgan dastlabki miqdordan deyarli toʻrt baravar koʻp, talabdan ortiq obuna nisbati 4:1. Bu davlatga stavkani sezilarli pasaytirish imkonini berdi.

Tarixiy taqqoslash: 2024-yilda 3 yillik obligatsiyalar 16,625 foiz stavkada, 2025-yilda 15,5 foiz stavkada chiqarilgan edi. 2026-yilda 12,25 foiz. Bu stavkadagi tizimli tushish investorlarning Oʻzbekiston iqtisodiy barqarorligiga ishonchi ortayotganidan dalolat beradi. Ushbu bitim Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Afrika davlatlari orasida milliy valyutadagi qogʻozlarni joylashtirish hajmi boʻyicha soʻnggi 15 yildagi eng yirik koʻrsatkich boʻldi.

Jalb etilgan mablagʻlar byudjet taqchilligini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. 2026-yilda byudjet taqchilligi 60,1 trillion soʻm boʻlishi va YAIMning 3 foizidan oshmasligi belgilangan. Kelgusida GBI-EM indeksiga kirish rejalashtirilmoqda. Bu 300 milliard dollarlik aktivlarni boshqaruvchi yangi investorlar guruhini jalb qilish va davlat qarzi xarajatlarini yanada kamaytirishga xizmat qiladi.

2026-yil uchun moʻljallangan davlat dasturida aniq va oʻlchanadigan maqsadlar belgilangan. Mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 167 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Iqtisodiy oʻsish surʼati 6,6 foiz darajasida boʻlishi kutilmoqda.

Inflyatsiya 6-6,5 foizgacha tushiriladi, byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foiz miqdorida cheklanadi. Bu koʻrsatkichlar xalqaro standartlar, xususan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi talablari doirasida va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun qabul qilingan meʼyorlar doirasida. Iqtisodiyotga

50,4 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb etish koʻzda tutilgan.

Dasturda 1 million fuqaroni doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Kambagʻallikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan. 263 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻriladi. Bu raqamlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy natija koʻrsatkichlari sifatida ham baholanishi lozim.

Xizmat koʻrsatish sohasi 100 milliard dollardan oshishi, qurilish 11 foiz oʻsib, 30 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatimiz boʻylab qiymati 4 milliard dollarga teng 3500 dan ortiq yangi xizmat koʻrsatish obyektlari foydalanishga topshiriladi.

2026-yilgi dastur markazida mahalla instituti turadi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 20 trillion soʻm ajratiladi. Mahallalarda 10 mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalari ishga tushirilib, ular orqali 100 mingta yangi ish oʻrni ochiladi.

Strategik maqsad 3500 ta mahallani ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirishdir. Davlat organlari mahalladagi muammolarni hal etish uchun 24/7 rejimida onlayn nazorat ostida ishlaydi. Mahalla tizimi oʻzbekistonliklar uchun ijtimoiy xavfsizlik va mutanosiblikning benazir asosidir. Uni iqtisodiy rivojlantirish vositasiga aylantirish noyob va samarali yondashuv.

2030-yilga borib YAIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun mustahkam poydevor yaratilishi kutilmoqda. Bu 2026-yilgi koʻrsatkichdan 44 foiz oshishi iqtisodiy oʻsishning tezlashayotgan trayektoriyasini koʻrsatadi.

Birinchi chorakda yurtimizga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh keldi, turizm eksporti 1 milliard 103 million dollarni tashkil qildi. Bunday yuqori natijaga “turistik relokatsiya” ham katta taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Global notinchlik sharoitida millionlab turistlar tinch, xavfsiz va sifatli yoʻnalishlarni qidirmoqda. Mamlakatimiz bu imkoniyatni ushlab turishi uchun har bir tumanning turistik jozibadorligini oshirish boʻyicha kompleks tavsiyalar tayyorlanishi zarurligi belgilandi.

Elektr energiyasidan samarali foydalanish mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida muhim omil. Elektr yoʻqotishi 20 foizdan koʻp boʻlgan 44 ta tumandagi elektr tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilindi. Rahbarlar almashtirilishi, oʻrniga yosh kadrlar qoʻyilishi va yoʻqotishlarni 2 baravar kamaytirish boʻyicha KPI belgilash zarurligi qayd etildi. Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 5 milliard kilovatt elektr va 3,5 milliard kub metr gazni tejashi shartligi taʼkidlandi.

Texnika oliygohlarida energetika yoʻnalishi boʻyicha 10 mingdan ziyod 3-4-kurs talabalari tahsil olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga oʻqitib, dual taʼlim asosida tuman korxonalarida amaliyot oʻtashi va energiya tejash boʻyicha amaliy yechimlar taklif qilishi ragʻbatlantiriladi. Bu yondashuv taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy namunasidir.

Joriy yil mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. Bu nafaqat reyting koʻrsatkichi, balki mamlakatimizning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligi, ­tadbirkorlik muhiti ochiqligi va huquqiy tizim barqarorligining xalqaro tan olinishini bildiradi.

Qarz olish tannarxini pasaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, turizmni rivojlantirish va xalqaro loyihalarda ishtirok etish nuqtayi nazaridan iqtisodiy reytinglar strategik ahamiyatga ega. Davlat ushbu reytinglarni oshirish uchun izchil islohotlar oʻtkazmoqda.

Global ziddiyatlar, logistika yoʻlaklaridagi oʻzgarishlar va taʼminot zanjirlarining buzilishi bizga ham bosim oʻtkazmoqda. Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foiz oshdi. Bu mahalliy tovarlar eksporti va asosiy isteʼmol tovarlarining importida tashish xarajatlarini 25-30 foiz oshishi riski mavjud degani. Inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1 foizgacha qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.

Logistikadagi uzilishlar tufayli birinchi chorakda qoramol importi 2 baravar kamaydi. Yechim sifatida havo transportida tashiladigan naslli qoramol uchun 4 million soʻmgacha subsidiya, goʻsht importida transport xarajatlarining yarmini qoplash yoʻlga qoʻyildi. Ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna goʻsht importini taʼminlash maqsadi belgilandi. Muqobil transport yoʻlaklarini koʻpaytirish taklifi tashqi savdodagi yagona yoʻlak riskini kamaytirishga xizmat qiladi.

Inflyatsiyani faqat tashqi omillarga bogʻlash masʼuliyatdan qochishdir. Ichki ishlab chiqarish va tovar taklifi inflyatsiyani boshqarishning asosiy vositasi boʻlishi lozim. Shuning uchun mahalliy ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, taklifni koʻpaytirish va sunʼiy monopoliyaga qarshi kurash inflyatsiya siyosati markazida turadi.

Davlatimizning xalqaro nufuzi iqtisodiy koʻrsatkichlar va siyosiy islohotlar orqali mustahkamlanib bormoqda. Oʻtgan hafta Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼlon qilgan hisobotda “yuqori iqtisodiy faollik orqali Oʻzbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy oʻsishni saqlab qolayotgani” qayd etildi. Bu baho nafaqat qoʻllab-quvvatlash, balki xalqaro kreditor va investorlar uchun signal vazifasini bajaradi.

Davlat aktivlarining 30 foizini xalqaro fond bozorlariga chiqarish va 13 ta strategik korxona boshqaruvini “Franklin Templeton” kompaniyasiga berish, bu iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi. Xalqaro boshqaruv standartlari joriy etilishi korporativ boshqaruv sifatini oshiradi, shaffoflikni taʼminlaydi va strategik investitsiyalarni jalb qilishiga sharoit yaratadi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlanadigan 2026-yilda Oʻzbekiston global iqtisodiy arenada oʻzini “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlat sifatida ilk bor rasmiy tan oldirdi. Bu mavqe yangi Oʻzbekiston davrining jadal oʻzgarishlarini jamlagan yuksak eʼtirofdir.

Mustaqillik bayramini nishonlash va iqtisodiy islohotlar oʻrtasidagi munosabat yuzaki qaraganda ayon koʻrinmas, ammo chuqur tahlil bayram nishonlashning asosiy gʻoyaviy mazmuni islohotlar natijalari, iqtisodiy oʻsish va aholining turmush sifati oshishi bilan uzviy bogʻliqligini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning eng koʻp aholiga ega, iqtisodiy jihatdan eng faol davlati sifatida mintaqaviy yetakchilik mavqeini mustahkamlamoqda. Yaxshi qoʻshnichilik siyosati, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish mamlakatning geosiyosiy risklarini kamaytirib, iqtisodiy imkoniyatlarini oshirmoqda.

Islohotlar majmuasiga qaraganda, iqtisodiy siyosatda tizimli yondashuv ustuvor: xususiylashtirish va iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish; soliq tizimini “tekshiruvdan — servisga” transformatsiya qilish; bank-kredit tizimini rivojlantirib, bandlikni oshirish; raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni ishlab chiqarish, soliq va boshqaruvga tatbiq etish; mahalla asosidagi inklyuziv rivojlanish; suveren moliyaviy boshqaruv va byudjet intizomi; turizm, xizmatlar va eksportni diversifikatsiyalash.

Bu yondashuv bir-biri bilan bogʻliq choralarning uygʻun tizimini tashkil etadi. Xususiylashtirish byudjetni mustahkamlaydi, soliq maʼmurchiligini yaxshilab, tushumlarni oshiradi, raqamli vositalar shaffoflikni taʼminlaydi va maʼmuriy resurslar chiqimini kamaytiradi, mahalla islohoti ijtimoiy barqarorlikni saqlaydi. Bularning barchasi mamlakatimizning taraqqiyot salohiyatini mustahkamlovchi yagona mexanizmni tashkil etadi.

Ha, bugun mamlakatimiz 240 milliard dollar YAIMga qarab boryapti. Bu mustaqillik tamaliga qurilgan, islohotlar orqali mustahkamlangan va umumxalq birdamligida ifoda topgan yangi Oʻzbekistonning strategik tasviri.

Mustaqillik bayrami shukuhi har kuni ishlayotgan tadbirkor, oʻqiyotgan talaba, izlanayotgan olim, davlat xizmatchisi amaliyotida davom etadi. Istiqlolimizning 35 yilligi oʻtmishni yodga olish bilan birga, istiqbolni rejalashtirish va millat sifatida birlashishning buyuk imkoniyatidir.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar

masalalari qoʻmitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori,

professor