Ayni paytda mustaqillik davlatning xalqaro huquqning toʻlaqonli subyekti sifatida shakllanishi, global maydonda oʻz manfaatlarini himoya qila olishi va munosib oʻrin egallashini taʼminlaydi. Shu nuqtayi nazardan, mustaqillik nafaqat siyosiy maqom, balki xalq farovonligi va milliy rivojlanishning strategik kafolati deb baholanishi lozim.
Mustaqillik
Oʻzbekiston taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. U
faqat siyosiy tizim yangilanishi bilan cheklanib qolmay, iqtisodiy
munosabatlar, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslari va ijtimoiy institutlarning
tubdan qayta shakllanishini ham anglatdi. Oʻtgan davrda mamlakat rejali
iqtisodiyot modelidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga bosqichma-bosqich
oʻtdi, davlat va jamiyat boshqaruvining demokratik institutlari
shakllantirildi, fuqarolik jamiyatining institutsional asoslari yaratildi. Shu
bilan birga, mazkur jarayonlar murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda, tashqi
iqtisodiy bosimlar, global raqobat va geosiyosiy oʻzgarishlar taʼsirida amalga
oshirilganini alohida taʼkidlash zarur.
2016-yildan
boshlab Prezidentimiz rahbarligidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotida yangi
sifat bosqichini boshlab berdi. “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi doirasida
ilgari surilgan islohotlar davlat boshqaruvini liberallashtirish, iqtisodiyotni
diversifikatsiya qilish va jamiyat hayotining barcha sohasida ochiqlikni
taʼminlashga qaratildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul
qilinishi, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining ishlab chiqilishi, tashqi
siyosatda pragmatik va ochiq yondashuvning kuchayishi, investitsiya muhitini
yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, raqamli transformatsiya
jarayonlarining jadallashuvi mamlakatimizning barqaror va jadal rivojlanishini
taʼminlayotgan muhim omillardir.
Natijada
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda nafaqat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya
qilish, balki mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etuvchi
davlat sifatida pozitsiyasini mustahkamlamoqda. Bu esa mustaqillik yillarida
tanlangan taraqqiyot yoʻlining strategik jihatdan toʻgʻri va uzoq muddatli
manfaatlarga xizmat qilayotganini koʻrsatadi.
Endi
iqtisodiy koʻrsatkichlarga murojaat qilish orqali islohotlarning amaliy
natijalarini baholash mumkin. 2026-yilning birinchi choragida mamlakatimiz
iqtisodiyoti barcha asosiy yoʻnalish boʻyicha barqaror oʻsish dinamikasini
namoyon etdi. Xususan, yalpi ichki mahsulotning 8,7 foizga oʻsishi nafaqat
milliy miqyosda, balki global iqtisodiy vaziyat nuqtayi nazaridan ham yuqori
koʻrsatkichdir. Bugun rivojlanayotgan mamlakatlarda oʻrtacha iqtisodiy oʻsish
surʼati 4-5 foiz atrofida shakllanayotganini inobatga olsak, mazkur natija
ichki iqtisodiy faollikning sezilarli darajada oshgani va islohotlarning
muayyan samara berayotganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, bunday yuqori oʻsish
surʼatining barqarorligi masalasi alohida tahlilni talab qiladi. Chunki qisqa
muddatli “sakrash”lar emas, balki uzoq muddatli trendlar hal qiluvchi
ahamiyatga ega.
Tarmoqlar
kesimidagi tahlil iqtisodiy oʻsish manbalarini yanada aniq ochib beradi.
Xizmatlar sohasining 16,1 foiz oʻsishi iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlar
chuqurlashayotganini anglatadi. Zamonaviy iqtisodiyotda aynan xizmatlar sektori
yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va
innovatsiyalarni joriy qilishda yetakchi oʻrin tutadi.
Sanoat
ishlab chiqarishining 8, qishloq xoʻjaligining esa 5,1 foiz oʻsishi
iqtisodiyotning nisbatan muvozanatli rivojlanayotganini koʻrsatadi. Bu holat
bir tarmoqqa ortiqcha bogʻlanib qolish xavfini kamaytiradi va tashqi shoklarga
nisbatan barqarorlikni oshiradi.
Tashqi
iqtisodiy faoliyat koʻrsatkichlari ham ijobiy dinamikani aks ettirmoqda.
Eksport hajmi 5,8 milliard, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar esa 13,7
milliard dollarni tashkil etdi.
Makroiqtisodiy
barqarorlik nuqtayi nazaridan inflyatsiya darajasining 7,1 foizga tushgani
alohida ahamiyatga ega. Bu soʻnggi yillardagi pul-kredit siyosati va bozor
mexanizmlarini chuqurlashtirish chora-tadbirlarining natijasi sifatida
baholanishi mumkin.
Davlat
moliyasi sohasidagi koʻrsatkichlar ham ijobiy tendensiyani namoyon etmoqda.
Jumladan, birinchi chorakda byudjet daromadlari oʻtgan yildagiga nisbatan 35
foiz oʻsib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2,2
trillion soʻm mablagʻ shakllantirilgani, shundan 1,4 trillion soʻmning tuman va
shaharlar ixtiyorida qoldirilgani moliyaviy nomarkazlashtirish siyosati izchil
yuritilayotganini koʻrsatadi. Bu esa hududlarning iqtisodiy faolligini
ragʻbatlantirish, joylarda tashabbuskorlikni kuchaytirish va resurslardan
samarali foydalanish uchun muhim institutsional asos yaratadi.
Iqtisodiyotdagi
eng muhim tizimli islohotlardan biri xususiylashtirish jarayonini
jadallashtirishdir. Bugun iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat
ishtirokidagi korxonalar soni 1685 tani tashkil etmoqda. Soʻnggi besh yilda
xususiylashtirish natijasida davlat korxonalari soni 60 foiz kamaydi. Bu
nihoyatda muhim iqtisodiy oʻzgarishdir.
Keyingi
besh yilda davlat korxonalari sonining 60 foiz qisqargani islohotlar dinamikasi
sezilarli darajada tezlashganini anglatadi. Xususan, oʻtgan yilda qariyb 30
trillion soʻmlik davlat aktivlarining xususiy sektorga oʻtkazilishi va
byudjetga 10 trillion soʻmdan ortiq tushum kelib tushgani ushbu jarayonning
fiskal samarasini namoyon etadi. Shu bilan birga, yer uchastkalarini sotishdan
6
trillion soʻmlik mablagʻ shakllangani aktivlarni bozor mexanizmlari orqali
taqsimlash amaliyoti kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Xususiylashtirishdan
manfaatdorlik tizimining joriy etilishi mazkur jarayonning institutsional
sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, viloyatlar darajasida 2,6
trillion soʻm, mahallalar miqyosida esa 7 milliard soʻm mablagʻ qoldirilgani
xususiylashtirishning faqat makroiqtisodiy emas, balki ijtimoiy dividendlarini
ham shakllantirayotganini anglatadi. Bu yondashuv hududiy manfaatdorlikni
kuchaytirish orqali islohotlarning “qabul qilinish darajasi”ni oshirishga
xizmat qiladi.
Shu
bilan birga, xususiylashtirish jarayonini yanada jadallashtirish, ayniqsa,
zarar koʻrib kelayotgan korxonalarni bozor mexanizmlariga oʻtkazish strategik
zaruratga aylanmoqda. Biroq bu jarayon shoshmashosharlik bilan emas, balki aniq
mezonlar asosida — aktivlarning bozor qiymatini toʻgʻri baholash, ochiq va
shaffof savdolarni taʼminlash, xususiy investorlarning uzoq muddatli
majburiyatlarini belgilash orqali amalga oshirilishi lozim. Aks holda,
xususiylashtirish qisqa muddatli fiskal manfaatlarni taʼminlashi mumkin, lekin
uzoq muddatli iqtisodiy samaradorlikka erishishni kafolatlamaydi.
Davlat
aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirishda muhim cheklovlardan biri
tahlil va qaror qabul qilish jarayonida zamonaviy raqamli vositalar hamda
sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganidir.
Amaldagi tizimlarda maʼlumotlar tarqoq holda saqlanishi, real vaqt rejimida
monitoring cheklangani va inson omiliga yuqori bogʻliqlik aktivlarni boshqarish
samaradorligini pasaytiradi. Shu nuqtayi nazardan, Davlat aktivlarini
boshqarish agentligida maxsus raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil
etish tashabbusi institutsional jihatdan muhim qadamdir.
Taklif
etilayotgan yondashuv doirasida xususiylashtirish jarayonini toʻliq
raqamlashtirish, barcha bosqichni onlayn kuzatish va maʼlumotlarni yagona
platformada jamlash koʻzda tutiladi. Sunʼiy intellekt elementlarini joriy etish
orqali davlat korxonalarining moliyaviy holatini avtomatik tahlil qilish,
risklarni erta aniqlash va tushumlarni taqsimlashda optimal qarorlar qabul
qilish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, oʻz navbatida, inson omili taʼsirini
qisqartirish, shaffoflikni oshirish va korrupsiyaviy xavflarni
minimallashtirishga xizmat qiladi.
Yer
resurslaridan samarali foydalanish masalasida ham raqamli yondashuvlarni
kuchaytirish zarurati yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Xususan, E-auksion,
Yerelektron, Shaffof qurilish va UzKAD axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya
qilish orqali yer uchastkalarining haqiqiy holatini kompleks baholash
imkoniyati paydo boʻladi. Bu orqali foydalanilmayotgan yoki samarasiz
ishlatilayotgan yerlarni aniqlash, qayta taqsimlash va iqtisodiy aylanmaga jalb
qilish mexanizmlarini kuchaytirish mumkin. 2022-2025-yillarda tadbirkorlarga
ajratilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat
toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani yer resurslaridan foydalanish samaradorligini
oshirish uchun raqamli nazoratni mustahkamlash zaruratini yana bir bor
tasdiqlaydi.
Shu
bilan birga, yirik davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari
izchil davom ettirilmoqda. Xususan, “UzAuto Motors” va “Navoiyazot” kabi sanoat
gigantlari, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalari kabi strategik
infratuzilma obyektlarini bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish
rejalashtirilmoqda. Bu jarayon, bir tomondan, xususiy sektor ulushini oshirish
va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ilgʻor
texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali tarmoqlarni
modernizatsiya qilish imkonini beradi.
Hududlarda
davlat mulkidan samarali foydalanish va faoliyatdan chetda qolgan resurslarni
iqtisodiy aylanmaga jalb qilish masalasi iqtisodiy siyosatning ustuvor
yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada davlat koʻchmas mulkini yagona
boshqaruv tizimiga oʻtkazish hamda maʼmuriy binolardan foydalanish
samaradorligini qayta koʻrib chiqish taklif etilmoqda. Xususan, bir xodimga
toʻgʻri keladigan oʻrtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha
qisqartirish tashabbusi resurslardan ratsional foydalanish nuqtayi nazaridan
asoslidir.
Mazkur
yondashuv orqali 4,9 million kvadrat metrga yaqin maydonni iqtisodiy aylanmaga
kiritish imkoniyati paydo boʻladi. Bu, oʻz navbatida, boʻsh turgan binolarni ijaraga
berish yoki sotish orqali qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish, shuningdek,
ularni saqlash va kommunal xizmatlar bilan bogʻliq xarajatlarni qisqartirishga
xizmat qiladi. Biroq bu yerda muhim jihat, bunday maydonlarning bozordagi real
talabga mos ravishda taklif qilinishi va ularning samarali foydalanilishini
taʼminlash mexanizmlarining ishlab chiqilganidadir. Aks holda, aktivlar
qogʻozda aylanmaga kiritilgan, amalda esa foydalanilmayotgan holatda qolib
ketishi mumkin.
Yer
resurslarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishda ham yangi yondashuv
shakllanmoqda. Yer maydonlarini faqat ruxsat beruvchi hujjatlar bilan emas,
balki tayyor biznes loyihasi bilan birga auksionga chiqarish amaliyoti joriy
etilayotgani investitsiya jarayonlarining samaradorligini oshirishga
qaratilgan. Bu model yerni shartli resursdan tayyor iqtisodiy aktivga
aylantiradi. Shu bilan birga, yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim
asosida auksionga chiqarish rejasi agrar sektorda bozor mexanizmlarini
chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz
rahbari tashabbusi bilan hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish
maqsadida turizm va agrosanoat yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, har bir tumanning turistik salohiyatini oshirish, shuningdek,
viloyatlar kesimida kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot
plantatsiyasini tashkil etish boʻyicha belgilangan vazifalar hududlarda yangi
qiymat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq bu yerda
asosiy masala mazkur loyihalarning bozor talabiga mosligi va logistika, qayta
ishlash hamda eksport infratuzilmasi bilan qanchalik uygʻunlashganidadir.
Resurslardan
samarali foydalanish va iqtisodiy faollikni kengaytirish soliq bazasining
oʻsishiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, soliq tizimidagi
islohotlar yangi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining markaziy elementlaridan
biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi ikki yilda soliq islohotlari hisobiga
byudjet tushumi iqtisodiy oʻsish surʼatiga nisbatan tezroq oshmoqda. Bu holat
soliq maʼmurchiligining takomillashuvi va yashirin iqtisodiyot ulushining
qisqarayotgani bilan izohlanadi. Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ham oʻz
baholarida qayd etgan.
Strategik
maqsad sifatida 2030-yilga borib soliq tushumlarini 491,5 trillion soʻmga
yetkazish va iqtisodiyotdagi norasmiy sektor ulushini 28 foizdan 19,6 foizgacha
qisqartirish belgilangan. Yashirin iqtisodiyotning yuqori darajada saqlanib
qolishi nafaqat byudjet daromadlarini cheklaydi, balki bozorda adolatli raqobat
muhitini ham izdan chiqaradi. Norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlar soliq
yukidan qochish orqali sunʼiy afzallikka ega boʻladi. Bu esa samarali va
shaffof ishlayotgan biznes subyektlari uchun tengsiz sharoit yaratadi.
Shu
bois, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga faqat fiskal vazifa emas, balki
raqobat siyosatining ajralmas qismi sifatida qaralishi lozim. Bu yoʻnalishda
maʼmuriy nazoratni kuchaytirish bilan birga biznes yuritishni soddalashtirish,
soliq yukini optimallashtirish va iqtisodiy faoliyatni “soyadan chiqish”ga
ragʻbatlantiruvchi institutlarni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlatimiz
rahbari birinchi chorak tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda raqamli
tahlil va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat
tizimini joriy etish orqali joriy yilda byudjetga qoʻshimcha 30 trillion soʻm
tushumni taʼminlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi.
Yigʻilishda
strategik boʻlmagan yirik soliq toʻlovchilarga hududlarda xizmat koʻrsatish
masalasi koʻtarildi. 209 mingta QQS toʻlovchi soliq organlaridan uzoqda
joylashgani xizmat sifatini pasaytirmoqda. Yechim: strategik boʻlmagan 500 ta
korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xoʻjaligi,
savdo va umumiy ovqatlanish korxonasini tuman darajasiga oʻtkazish. Bu
yondashuv soliq toʻlovchilarga joyida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish,
muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat
qiladi.
Tadbirkorlar
uchun soliq maʼmurchiligidagi asosiy muammolar soʻrov natijalariga koʻra
aniqlandi: tekshiruvlarning murakkabligi, hisobot topshirishning ogʻirligi va
soliq toʻlash jarayonlaridagi nomaʼqulliklar. Muammolarni yechish uchun qator
tashabbuslar koʻzda tutilgan:
—
“Avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan profilaktika tizimiga aylantirish
(xatoni barvaqt aniqlash va tuzatish);
—
korxonalarni xavf darajasiga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga
ajratib ishlash;
— 6
turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomatik shakllantirish;
—
yagona soliq hisobvaragʻiga oʻtish orqali xatoliklarni kamaytirish.
Yangi
tizim joriy etilsa, tadbirkorlar 8,4 trillion soʻm tejashi mumkin. Tekshiruvlar
soni kamayadi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqaradi, murojaatlarni koʻrib
chiqish tezlashadi va koll markazlar faoliyati yaxshilanadi. Bu nafaqat
tadbirkorlar uchun qulaylik, balki soliq organlari imijini ijobiy tomonga
oʻzgartirishning amaliy yoʻlidir.
Har
qanday tizimning samaradorligi pirovardida odamlarga bogʻliq. Soliq organlari
uchun kadrlar masalasi eng asosiy muammo sifatida belgilandi. Soʻnggi yillarda
kadrlar qoʻnimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi
pastligi, moddiy ragʻbatlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi,
ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi muammolarni tizimli
tarzda koʻrsatmoqda. 2022-yilda 3000 dan ortiq xodim malaka oshirgan boʻlsa,
oʻtgan yili bor-yoʻgʻi 700 nafari qayta oʻqitilgan. Bu keskin pasayish tashvish
uygʻotadi.
Soliq
akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarni moddiy va
ijtimoiy ragʻbatlantirish, uzluksiz taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish soliq
tizimini koʻproq “servis tashkiloti”ga aylantirish strategiyasining tarkibiy
qismidir.
Bank-kredit
tizimining tahlili mamlakatimizdagi iqtisodiy faollik dinamikasini aniq
koʻrsatadi.
Tadbirkorlik
segmentida sanoat tarmogʻi 140,8 trillion soʻm bilan eng yirik kredit
isteʼmolchisi boʻlsa-da, kredit hajmi oʻtgan yildagiga nisbatan 13,5 trillion
soʻm kamaygan. Aksincha, qishloq xoʻjaligi sohasida kreditlarga talab keskin
ortgan. Soha qarzdorligi 12,2 trillion soʻm koʻpayib, jami 62,1 trillion soʻmni
tashkil etdi. Bu agrosanoat sektorini rivojlantirishga davlat eʼtibori
kuchaygani bilan bogʻliq.
2026-yil
1-aprel kuni Oʻzbekiston hukumati global moliya maydonida nihoyatda muhim
bitimni imzoladi. Mamlakatimiz ekvivalent hisobida 1 milliard dollarga teng
soʻmdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Ushbu
amaliyot milliy valyutadagi qarz jalb qilish tarixida eng past — yillik 12,25
foiz stavka bilan qayd etildi.
Emissiya
jarayonida xalqaro investorlar tomonidan misli koʻrilmagan talab kuzatildi.
AQSH, Yevropa, Buyuk Britaniya va Osiyoning 50 ga yaqin yirik investitsiya
kompaniyalaridan jami 23,4 trillion soʻmlik arizalar kelib tushdi. Bu
koʻrsatkich hukumat taklif etgan dastlabki miqdordan deyarli toʻrt baravar
koʻp, talabdan ortiq obuna nisbati 4:1. Bu davlatga stavkani sezilarli
pasaytirish imkonini berdi.
Tarixiy
taqqoslash: 2024-yilda 3 yillik obligatsiyalar 16,625 foiz stavkada, 2025-yilda
15,5 foiz stavkada chiqarilgan edi. 2026-yilda 12,25 foiz. Bu stavkadagi tizimli
tushish investorlarning Oʻzbekiston iqtisodiy barqarorligiga ishonchi
ortayotganidan dalolat beradi. Ushbu bitim Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda
Afrika davlatlari orasida milliy valyutadagi qogʻozlarni joylashtirish hajmi
boʻyicha soʻnggi 15 yildagi eng yirik koʻrsatkich boʻldi.
Jalb
etilgan mablagʻlar byudjet taqchilligini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
2026-yilda byudjet taqchilligi 60,1 trillion soʻm boʻlishi va YAIMning 3
foizidan oshmasligi belgilangan. Kelgusida GBI-EM indeksiga kirish rejalashtirilmoqda.
Bu 300 milliard dollarlik aktivlarni boshqaruvchi yangi investorlar guruhini
jalb qilish va davlat qarzi xarajatlarini yanada kamaytirishga xizmat qiladi.
2026-yil
uchun moʻljallangan davlat dasturida aniq va oʻlchanadigan maqsadlar belgilangan.
Mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 167 milliard dollarga yetkazilishi
rejalashtirilgan. Iqtisodiy oʻsish surʼati 6,6 foiz darajasida boʻlishi
kutilmoqda.
Inflyatsiya
6-6,5 foizgacha tushiriladi, byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foiz
miqdorida cheklanadi. Bu koʻrsatkichlar xalqaro standartlar, xususan, Xalqaro
valyuta jamgʻarmasi talablari doirasida va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun
qabul qilingan meʼyorlar doirasida. Iqtisodiyotga
50,4
milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb etish koʻzda tutilgan.
Dasturda
1 million fuqaroni doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.
Kambagʻallikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan.
263 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻriladi. Bu raqamlar
nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy natija koʻrsatkichlari sifatida ham
baholanishi lozim.
Xizmat
koʻrsatish sohasi 100 milliard dollardan oshishi, qurilish 11 foiz oʻsib, 30
milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Mamlakatimiz boʻylab qiymati 4
milliard dollarga teng 3500 dan ortiq yangi xizmat koʻrsatish obyektlari
foydalanishga topshiriladi.
2026-yilgi
dastur markazida mahalla instituti turadi. Mahallalar infratuzilmasini
yaxshilash uchun 20 trillion soʻm ajratiladi. Mahallalarda 10 mingdan ortiq
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalari ishga tushirilib, ular orqali
100 mingta yangi ish oʻrni ochiladi.
Strategik
maqsad 3500 ta mahallani ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga
aylantirishdir. Davlat organlari mahalladagi muammolarni hal etish uchun 24/7
rejimida onlayn nazorat ostida ishlaydi. Mahalla tizimi oʻzbekistonliklar uchun
ijtimoiy xavfsizlik va mutanosiblikning benazir asosidir. Uni iqtisodiy
rivojlantirish vositasiga aylantirish noyob va samarali yondashuv.
2030-yilga
borib YAIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun mustahkam poydevor
yaratilishi kutilmoqda. Bu 2026-yilgi koʻrsatkichdan 44 foiz oshishi iqtisodiy
oʻsishning tezlashayotgan trayektoriyasini koʻrsatadi.
Birinchi
chorakda yurtimizga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh keldi, turizm eksporti 1
milliard 103 million dollarni tashkil qildi. Bunday yuqori natijaga “turistik
relokatsiya” ham katta taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi. Global notinchlik
sharoitida millionlab turistlar tinch, xavfsiz va sifatli yoʻnalishlarni qidirmoqda.
Mamlakatimiz bu imkoniyatni ushlab turishi uchun har bir tumanning turistik
jozibadorligini oshirish boʻyicha kompleks tavsiyalar tayyorlanishi zarurligi
belgilandi.
Elektr
energiyasidan samarali foydalanish mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida muhim
omil. Elektr yoʻqotishi 20 foizdan koʻp boʻlgan 44 ta tumandagi elektr
tarmoqlari korxonalaridagi ahvol tanqid qilindi. Rahbarlar almashtirilishi,
oʻrniga yosh kadrlar qoʻyilishi va yoʻqotishlarni 2 baravar kamaytirish
boʻyicha KPI belgilash zarurligi qayd etildi. Umuman, tarmoq rahbarlari va
hokimlar bu yil 5 milliard kilovatt elektr va 3,5 milliard kub metr gazni
tejashi shartligi taʼkidlandi.
Texnika
oliygohlarida energetika yoʻnalishi boʻyicha 10 mingdan ziyod 3-4-kurs
talabalari tahsil olmoqda. Ularni texnika xavfsizligiga oʻqitib, dual taʼlim
asosida tuman korxonalarida amaliyot oʻtashi va energiya tejash boʻyicha amaliy
yechimlar taklif qilishi ragʻbatlantiriladi. Bu yondashuv taʼlim — ishlab
chiqarish integratsiyasining amaliy namunasidir.
Joriy
yil mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab,
ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. Bu nafaqat
reyting koʻrsatkichi, balki mamlakatimizning xorijiy investitsiyalar uchun
jozibadorligi, tadbirkorlik muhiti ochiqligi va huquqiy tizim barqarorligining
xalqaro tan olinishini bildiradi.
Qarz
olish tannarxini pasaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, turizmni
rivojlantirish va xalqaro loyihalarda ishtirok etish nuqtayi nazaridan
iqtisodiy reytinglar strategik ahamiyatga ega. Davlat ushbu reytinglarni
oshirish uchun izchil islohotlar oʻtkazmoqda.
Global
ziddiyatlar, logistika yoʻlaklaridagi oʻzgarishlar va taʼminot zanjirlarining
buzilishi bizga ham bosim oʻtkazmoqda. Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foiz
oshdi. Bu mahalliy tovarlar eksporti va asosiy isteʼmol tovarlarining importida
tashish xarajatlarini 25-30 foiz oshishi riski mavjud degani. Inflyatsiya
importi ichki narx-navoga 1 foizgacha qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.
Logistikadagi
uzilishlar tufayli birinchi chorakda qoramol importi 2 baravar kamaydi. Yechim
sifatida havo transportida tashiladigan naslli qoramol uchun 4 million
soʻmgacha subsidiya, goʻsht importida transport xarajatlarining yarmini qoplash
yoʻlga qoʻyildi. Ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming
tonna goʻsht importini taʼminlash maqsadi belgilandi. Muqobil transport
yoʻlaklarini koʻpaytirish taklifi tashqi savdodagi yagona yoʻlak riskini
kamaytirishga xizmat qiladi.
Inflyatsiyani
faqat tashqi omillarga bogʻlash masʼuliyatdan qochishdir. Ichki ishlab
chiqarish va tovar taklifi inflyatsiyani boshqarishning asosiy vositasi
boʻlishi lozim. Shuning uchun mahalliy ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish,
taklifni koʻpaytirish va sunʼiy monopoliyaga qarshi kurash inflyatsiya siyosati
markazida turadi.
Davlatimizning
xalqaro nufuzi iqtisodiy koʻrsatkichlar va siyosiy islohotlar orqali
mustahkamlanib bormoqda. Oʻtgan hafta Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼlon qilgan
hisobotda “yuqori iqtisodiy faollik orqali Oʻzbekiston kuchli va barqaror
iqtisodiy oʻsishni saqlab qolayotgani” qayd etildi. Bu baho nafaqat
qoʻllab-quvvatlash, balki xalqaro kreditor va investorlar uchun signal
vazifasini bajaradi.
Davlat
aktivlarining 30 foizini xalqaro fond bozorlariga chiqarish va 13 ta strategik
korxona boshqaruvini “Franklin Templeton” kompaniyasiga berish, bu iqtisodiy
islohotlarning yangi bosqichi. Xalqaro boshqaruv standartlari joriy etilishi
korporativ boshqaruv sifatini oshiradi, shaffoflikni taʼminlaydi va strategik investitsiyalarni
jalb qilishiga sharoit yaratadi.
Mustaqilligimizning
35 yilligi nishonlanadigan 2026-yilda Oʻzbekiston global iqtisodiy arenada
oʻzini “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlat sifatida ilk bor rasmiy tan
oldirdi. Bu mavqe yangi Oʻzbekiston davrining jadal oʻzgarishlarini jamlagan
yuksak eʼtirofdir.
Mustaqillik
bayramini nishonlash va iqtisodiy islohotlar oʻrtasidagi munosabat yuzaki
qaraganda ayon koʻrinmas, ammo chuqur tahlil bayram nishonlashning asosiy
gʻoyaviy mazmuni islohotlar natijalari, iqtisodiy oʻsish va aholining turmush
sifati oshishi bilan uzviy bogʻliqligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston
Markaziy Osiyoning eng koʻp aholiga ega, iqtisodiy jihatdan eng faol davlati
sifatida mintaqaviy yetakchilik mavqeini mustahkamlamoqda. Yaxshi qoʻshnichilik
siyosati, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish mamlakatning geosiyosiy
risklarini kamaytirib, iqtisodiy imkoniyatlarini oshirmoqda.
Islohotlar
majmuasiga qaraganda, iqtisodiy siyosatda tizimli yondashuv ustuvor:
xususiylashtirish va iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish; soliq tizimini
“tekshiruvdan — servisga” transformatsiya qilish; bank-kredit tizimini
rivojlantirib, bandlikni oshirish; raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni
ishlab chiqarish, soliq va boshqaruvga tatbiq etish; mahalla asosidagi
inklyuziv rivojlanish; suveren moliyaviy boshqaruv va byudjet intizomi; turizm,
xizmatlar va eksportni diversifikatsiyalash.
Bu
yondashuv bir-biri bilan bogʻliq choralarning uygʻun tizimini tashkil etadi.
Xususiylashtirish byudjetni mustahkamlaydi, soliq maʼmurchiligini yaxshilab,
tushumlarni oshiradi, raqamli vositalar shaffoflikni taʼminlaydi va maʼmuriy
resurslar chiqimini kamaytiradi, mahalla islohoti ijtimoiy barqarorlikni
saqlaydi. Bularning barchasi mamlakatimizning taraqqiyot salohiyatini mustahkamlovchi
yagona mexanizmni tashkil etadi.
Ha,
bugun mamlakatimiz 240 milliard dollar YAIMga qarab boryapti. Bu mustaqillik
tamaliga qurilgan, islohotlar orqali mustahkamlangan va umumxalq birdamligida
ifoda topgan yangi Oʻzbekistonning strategik tasviri.
Mustaqillik
bayrami shukuhi har kuni ishlayotgan tadbirkor, oʻqiyotgan talaba, izlanayotgan
olim, davlat xizmatchisi amaliyotida davom etadi. Istiqlolimizning 35 yilligi
oʻtmishni yodga olish bilan birga, istiqbolni rejalashtirish va millat sifatida
birlashishning buyuk imkoniyatidir.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Fan, taʼlim, madaniyat, sport va
yoshlar
masalalari qoʻmitasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor