Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mahallabay ishlash tizimi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi va xalqimiz farovonligini yana-da oshirish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Universitet tomonidan tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va toʻgaraklar mahalla aholisi va yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va kasb-hunar oʻrganishlari uchun ayni muddao boʻlmoqda.

Universitet professor-oʻqituvchilari va masʼul xodimlari tomonidan ushbu biriktirilgan mahallalar bilan hamkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Mahallalarda yoshlarni kasbga oʻrgatish, bilim va koʻnikmalari hamda ularning qiziqishlaridan kelib chiqib chet tillari, IT-texnologiyalari, Matematika fani boʻyicha, sport va badiiy ijodkorlik boʻyicha toʻgaraklar tashkil etildi.

Olmazor tumanidagi 9 ta mahalladagi yoshlar oʻrtasida “Toshkent davlat texnika universiteti rektori kubogi” musobaqasi tashkil etildi. Musobaqalar sportning “Futzal”, “Stol tennis”, “Shaxmat” va “Shashka” turlari boʻyicha 15-20 yosh va 10-14 yosh toifasidagi yoshlar oʻrtasida oʻtkazilmoqda. Bu ham mahalla yoshlarini sportga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, yoshlar orasida sportni ommaviylashtirish hamda sogʻlom turmush tarzini shaklantirish maqsadida oʻtkazilmoqda. Mahalla va universitet oʻrtasida oʻrnatilgan ushbu hamkorlik mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlarining maʼnaviy dunyosi yuksalishi, jismoniy chiniqishi uchun xizmat qiladi.