Tadbir universitetning markaziy maydonida, ochiq osmon ostida oʻtkazildi. Unda universitetning 300 nafarga yaqin talaba qizlari oʻzbek milliy liboslarini yigʻilganlar eʼtiboriga havola etdi.
Koʻrgazma universitetning musiqa taʼlimi fakulteti talabalari ijrosidagi milliy qoʻshiqlardan iborat konsert sadolari ostida boshlandi. Tadbir davomida milliy liboslar bilan birga, universitetning ichki tartib qoidalaridan kelib chiqqan holda, talabalar uchun tavsiya etiladigan kiyimlar namoyishi ham boʻldi.
Tadbirda nafaqat professor-oʻqituvchi va talabalar, balki universitet atrofidagi mahallalardan kelgan yoshlar ham ishtirok etdi. Mahalla yoshlari universitet talabalari tayyorlagan milliy taqinchoqlar va buyumlar, liboslar bilan tanishdi. Bugungi kunda universitetda milliy taqinchoqlar yasovchi talabalar koʻplab mahalla yoshlarini shogirdlikka olib, ularga kasb-hunar oʻrgatib kelmoqda.
Milliy liboslarimiz namoyishiga bagʻishlangan bunday koʻrgazmalar yoshlarning milliy qadriyatlarimizga hurmatini yanada oshirish, anʼanalarimizni qadrlashda muhim ahamiyat kasb etadi.