Universitetda yangi ochilgan taʼlim yoʻnalishlari haqida batafsil tanishtirish maqsadida bugun mutasaddilar ishtirokida press-konferensiya tashkil etildi.
Matbuot anjumanida universitet rektori, universitet qabul komissiyasi raisi, professor X.Yunusov boshchiligidagi taʼlim maskani mutasaddilari, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor, komissiya raisi oʻrinbosari, professor Abdugʻani Elmurodov, masʼul kotib Bobomurod Qoʻldoshev, shuningdek fakultetlar dekanlari OAV xodimlari (Viloyat “Zarafshon”, “Samaorkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari, “Zarnevs” sayti, “Xalq soʻzi” gazetasi viloyat boʻlimi, OʻzAA viloyat boʻlimi, “Samarqand yoshlari” gazeta va sayti, Viloyat “STR” va “STV” teleradiokompaniyalari muxbirlari) tomonidan berilgan barcha savollarga javob berishdi.
Anjumanda masʼullar tomonidan universitetda 2023/2024 oʻquv yili qabulini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan qabul komissiyasi faoliyati, davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari, yangi oʻquv yilida bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti oʻrinlari soni, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar va ulardan kimlar foydalana olishi, shuningdek, universitetda yangi ochilgan yoʻnalishlar va mutaxassisliklar haqida toʻliq maʼlumotlar berildi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetiga 2023/2024 oʻquv yili uchun kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 7 ta fakultetning jami 22 ta taʼlim yoʻnalishlariga 1395 nafar, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha 13ta taʼlim yoʻnalishlariga 400 nafar va 31ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 94 nafar abituriyentlarni qabul qilish rejalashtirilgan. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kunduzgi taʼlim shakli uchun jami 22 ta taʼlim yoʻnalishi boʻlib, shundan 3 tasi yangi ochilgan taʼlim yoʻnalishlaridir.
Universitetda qabul jarayonlari davom etmoqda.
Gulchehra Berdiyorova
Axborot xizmati