“Universitetimiz ilmiy yangilanishlar va taʼlimiy oʻzgarishlar maydoniga aylanib bormoqda”

    Suhbat 5 Iyul 2021 707

    Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalarida qabul jarayonlari boshlandi. Shu munosabat bilan joriy yilning 16-iyunida davlatimiz rahbari raisligida tegishli masalalarga bagʻishlangan videoselektor oʻtkazildi. Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turgʻunov bilan mazkur videoselektor yakunlari va belgilangan rejalar borasida suhbatlashdik.

    — Sobitxon Toshpoʻlatovich, shu yilning 16-iyundagi videoselektorda Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlimdagi muammolar batafsil tahlil qilindi va qabul jarayoniga bogʻliq ravishda tegishli topshiriqlar berildi. Shundan kelib chiqib, Namangan davlat universitetida qanday yangiliklar kutilmoqda?

    Oliy taʼlim zimmasiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlovchi eng muhim boʻgʻin, yaʼni yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlash vazifasi yuklanmoqda. Bu sharafli vazifani bajarish koʻp jihatdan oliy oʻquv yurtlaridagi boshqaruv tizimini erkinlashtirish hamda ularga mustaqil faoliyat yuritish imkonini berish bilan chambarchas bogʻliq. Prezidentimiz tomonidan videoselektorda ayni shu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Endi rektorlarning vakolatlari kengayadi va ular izlanuvchan oʻqituvchilar, isteʼdodli talabalarni, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, moddiy jihatdan ragʻbatlantirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Shu vaqtga qadar rektorat barcha moliyaviy masalalarni hal qilish uchun turli vazirliklarning eshigini qoqardi. Natijada qancha-qancha zarur ishlar ortga surilib, qimmatli fursat boy berilardi. Endi hammasi tubdan oʻzgarmoqda. Eng katta yutuq – ishlash uchun sharoit yaratilayotgani, imkon berilayotgani.

    Boshqaruvdagi mustaqillik va erkinlik tabiiy ravishda turli innovatsiyalarni oʻquv va ilmiy tadqiqot tatbiq etish uchun zamin hozirlaydi. Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-27-iyun kunlari viloyatimizga tashriflari chogʻida universitetda 2000 oʻringa moʻljallangan “Innovatsion fakultet”ni barpo etish vazifasi qoʻyilgandi. Bu oliy taʼlim dargohi rivoji yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti Namangan davlat universitetida oʻz hududiy boʻlinmasini tashkil etdi. Boʻlinma vodiy viloyatlaridagi 13 ta oliy oʻquv yurtlari va filiallar matematika kafedralarining 200 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilarini qamrab oldi.

    Bugun universitet professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyatiga yuqori baho berish mumkin. Ular tomonidan turli xalqaro loyihalarni hayotga tatbiq etilayotgani yana-da quvonarli. Jumladan, universitetda “Media markaz tashkil etish” boʻyicha loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib, uning qiymati 28000 AQSH dollarini tashkil etadi. «Akvakultura boʻyicha oʻquv-amaliy trenajyor tashkil etish» loyihasining qiymati esa 200 000 AQSH dollariga teng. Bundan tashqari, “Mahalliy dorivor oʻsimliklar asosida qon bosimi va qandli diabet profilaktikasi uchun shifobaxsh ichimliklar texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasi (qiymati 2 milliard 400 million soʻm), “Dorivor oʻsimliklar plantatsiyasini yaratish” loyihasi (qiymati 800 million soʻm) hamda «Noanʼanaviy xom-ashyolardan sukatlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish» loyihasi (qiymati 800 million soʻm) mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimi rivojiga ham katta hissa qoʻshishi, shubhasiz.

    Xullas, Namangan davlat universiteti bugun ilmiy yangilanishlar va taʼlimiy oʻzgarishlar maydoniga aylanib bormoqda. Videoselektor yakunlaridan kelib chiqib mazkur yangilanish va oʻzgarishlarni izchil davom ettiramiz, yangi bosqichga koʻtaramiz.

    Bu yil ham Namangan davlat universitetida oʻqishni orzu qilib hujjat topshirishga shaylanayotgan abituriyentlarga qanday maʼlumotlarni yetkazgan boʻlardingiz?

    Maqsadimiz — kelajagimiz uchun mustahkam poydevor boʻladigan kadrlar tayyorlash. Bu yoʻlda bilimdon va isteʼdodli abituriyentlarni saralab olish muhim vazifa hisoblanadi.

    Hozirgi kunda universitetda 18 ta fakultet, 40 ta kafedra, 1 ta boshqarma, 3 ta markaz faoliyat yuritmoqda. 18786 nafar talaba 52 ta taʼlim yoʻnalishi va 25 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olyapti. 2020-2021 oʻquv yilida kunduzgi taʼlimda yangi yurisprudensiya, biotexnologiya, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik hamda issiqxona xoʻjaligini tashkil etish va yuritish, sirtqi taʼlimda esa filologiya va tillarni oʻqitish: (rus tili), matematika, geografiya kabi yangi yoʻnalishlar ochildi. Ilk bor matematika, fizika, mutaxassisliklari boʻyicha 30 nafar, amaliy matematika, biologiya, kimyo, geografiya mutaxassisliklari boʻyicha 10 nafar iqtidorli yoshlar toʻliq davlat granti asosida magistraturaga qabul qilindi.

    Bu yil ham Davlat qabul komissiyasi belgilagan kvotalar asosida bakalavriat va magistratura yoʻnalishida talabalar qabul qilishga astoydil tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Videoselektorda ishlab chiqarishda zarur hisoblanmaydigan, ehtiyoj kam yoʻnalishlar hamon mavjudligi afsus bilan tilga olindi. Universitetimizda bu kabi salbiy holatlar boʻlmasligi uchun mavjud yoʻnalishlarning zarurlik darajasini jiddiy oʻrganib chiqmoqdamiz. Holatga qarab qaysidir yoʻnalishlar yopiladi yoki yangilari ochiladi.

    Joriy oʻquv yilidagi qabul jarayonida abituriyentlarni qanday yangi yoʻnalishlar kutmoqda?

    Yuqorida taʼkidlaganimdek, universitetimizda abituriyentlarimiz uchun yangiliklar koʻp. Jumladan, Namangan Davlat universitetida 2021-2022 oʻquv yilidan tibbiyot fakultetini tashkil etish choralari koʻriladi. Bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi: 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, tibbiyot fakultetiga talabalar qabul qilinadi.

    Tibbiyot fakultetida kadrlar tayyorlashda metodik yordam berish uchun Andijon davlat tibbiyot instituti biriktiriladi. Fakultet talabalarining amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida viloyatdagi tibbiyot muassasalariga integratsiyalashtiriladi. Viloyatdagi ilmiy salohiyatli va malakali tibbiyot xodimlari pedagogik faoliyatga jalb etiladi.

    Shuningdek, bu yil universitetimizda jurnalistika va tarjima nazariyasi yoʻnalishlarini ochishni rejalashtirmoqdamiz. Umid qilamizki, ushbu yoʻnalishlar ham universitetimizda ochilib, ham abituriyentlar uchun, ham yuqoridagi soha vakillari uchun oʻziga xos sovgʻa boʻladi.

    Videoselektorda oliy oʻquv yurtlari tarkibida professor oʻqituvchilar va doktorantlar yetishmasligi keskin tanqid ostiga olindi. Bu muammo Namangan davlat universitetida qay ahvolda?

    Darhaqiqat, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida shunday muammo mavjud, lekin men universitetimizdagi vaziyatni muammoli demagan boʻlardim. Zero, universitetimizda faoliyat koʻrsatayotgan 673 nafar professor-oʻqituvchilarning 19 nafari fan doktori, professor, 194 nafari fan nomzodi, dotsentlardir. Mazkur raqamlar vaqt oʻtgan sari yangilanmoqda. Biz hamkasblarimiz orasida endi akademiklar koʻpayishini istaymiz. Bu shunchaki havoyi istak emas. Chunki professor oʻqituvchilarimiz tarkibida shunday ilmiy unvonga munosib mutaxassislar bor.

    Davlatimiz rahbari tomonidan eng tashvishlanarli holat taʼlimdagi sifat masalasi ekanligi bir necha bor taʼkidlandi. Yashirishning hojati yoʻq, Namangan davlat universitetida ham oʻz nomiga nomunosib talabalar yoki oʻqituvchilar uchraydi. Ayni muammoni ijobiy hal etish uchun qanday chora-tadbirlar qoʻllash lozim deb oʻylaysiz?

    Sanjarbek, ulkan islohotlarni amalga oshirish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Baʼzi muammolarni bartaraf etish uchun maʼlum fursat talab etiladi. Toʻgʻri, universitetimizda bugun zamon talablaridan ortda qolayotgan oʻqituvchilar ishlashmoqda, bilimi sayoz talabalar oʻqishmoqda. Bundan koʻz yummaymiz. Oshirilgan kontrakt, yaʼni «super kontrakt» boʻyicha qabul qilingan talabalarning saviyasi nainki, Namangan davlat universitetida, balki mamlakatimizdagi boshqa oliy oʻquv yurtlarida ham maqtanarli emas. Maksimal balning uchdan bir qismini arang toʻplagan talabalar bilimini oshirish, mustahkamlash va aʼlochi talabalar darajasiga koʻtarish - taʼlim sifatini yaxshilashning eng muhim strategik yoʻli. Bu yoʻlda muntazam ish olib borilmas ekan, taʼlim sifatini yaxshilash haqida oʻylamasak ham boʻlaveradi. Albatta, har bir oliy oʻquv yurti bu borada oʻziga xos yoʻl tanlaydi. Namangan davlat universitetida yosh oʻqituvchilar va yuqori kurslarning bilimdon talabalarini yangi qabul qilingan «super kontrakt»chilarga koʻmaklashish tajribasi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻylaymanki, imtihon jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish kengayishi bilan bu muammo ham tabiiy ravishda ijobiy yechim topadi. Imtihondan “yiqilish”ni istamagan bilimi sayoz talaba mustaqil ravishda oʻz ustida ishlaydi. Va shu tariqa taʼlim sifati kutilgan darajada yaxshilanadi.

    Samimiy muloqot uchun tashakkur, Sobitxon Toshpoʻlatovich!

    Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.