Universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini yuksaltirish va ilmiy faoliyatini global maydonga olib chiqish

    Ta'lim 8 Aprel 2025 384

    O‘zbekiston ta’lim tizimi so‘nggi yillarda sezilarli o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, ularning ilmiy salohiyatini dunyo miqyosida tanitishga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

    Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) ham faol ishtirok etib, qator yutuqlarga erishdi.

    Buyuk Britaniyaning eng nufuzli xalqaro reyting tashkilotlaridan biri QS (Quacquarelli Symonds) tomonidan tashkil qilingan QS Stars reytingi natijalari e’lon qilindi Unga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ichida birinchi bo‘lib Toshkent davlat yuridik universiteti ushbu ro‘yxatga kiritildi va 4 yulduzli universitet sifatida baholandi.

    2024-yil TDYU uchun xalqaro reytinglarda muhim qadamlar qo‘yish yili bo‘ldi. Universitet nafaqat O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib “Times Higher Education World University Rankings — 2024” va “Asia University Rankings — 2024”da “Reporter” sifatida e’tirof etildi, balki bir qator boshqa nufuzli reytinglarda ham yuqori o‘rinlarni egalladi.

    Xususan, “World’s Universities with Real Impact” reytingida TOP-200 ro‘yxatidan joy olganligi, “Round University Ranking — 2024”da ta’lim sifati bo‘yicha “Bronza universitetlar ligasi”ga kiritilganligi va TOP-500 universitetlar orasidan joy olganligi TDYUning ta’lim sohasidagi yutuqlaridan dalolat beradi. Shuningdek, universitetning “Round University Ranking World — 2024”, “RUR Academik Ranking” va “RUR Reputation Ranking” bo‘yicha TOP-1000 universitetlar qatoridan joy olishi uning ilmiy salohiyatini ham namoyon etadi. Times Higher Education World Impact Ranking — 2024” xalqaro reytingida 401-o‘rinni egallab, TOP-500 ro‘yxatidan joy oldi.

    TDYUning sohalar kesimida erishgan yutuqlari ham diqqatga sazovordir. “Round University Ranking” xalqaro reyting tashkilotining 2024-yil uchun e’lon qilingan Subject Ranking (Sohalar kesimida) reytingi natijalariga ko‘ra TDYU Ijtimoiy-huquqiy fanlarni o‘qitish sohasi (Social Science–Teaching) bo‘yicha 192-o‘rinni, Gumanitar fanlardagi ta’lim (Humanities–Teaching Ranking) bo‘yicha 260-o‘rinni egallab, TOP–300 universitet orasidan joy oldi. Bu TDYUning nafaqat huquqiy, balki gumanitar fanlar sohasida ham yuqori darajadagi ta’limni ta’minlayotganligini ko‘rsatadi.

    Ekologik barqarorlik va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham e’tibordan chetda qolmadi. TDYU “UI GreenMetric World University Ranking 2024” xalqaro reytingining TOP-300 ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu ko‘rsatkich bilan universitet O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinni egalladi va global reytingda 80 pog‘ona yuqoriladi.

    TDYU erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, 2025-yilda xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Bu borada universitet quyidagi ustuvor vazifalarni belgilab oldi:

    “Times Higher Education World Impact Ranking”da TOP-1000 ro‘yxatidan joy olish. Ushbu reyting universitetning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) erishishga qaratilgan say-harakatlarini baholaydi. TDYU bu borada o‘zining ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, gender tengligini ta’minlash va ekologik barqarorlikni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, universitet talabalar va professor-o’qituvchilarning SDGga oid xabardorligini oshirishga qaratilgan ta'lim dasturlarini ishlab chiqishni ham rejalashtirmoqda.

    “World University Ranking” WURI xalqaro reytingida TOP-500 ro‘yxatidan joy olish. Ushbu reyting universitetning innovatsion yondashuvlari va amaliyotlarini baholaydi. TDYU ta’lim jarayoniga yangi texnologiyalarni joriy etish, o’quv dasturlarini modernizatsiya qilish, tadqiqot ishlarini faollashtirish va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali o'zining innovatsion salohiyatini oshirishni rejalashtirmoqda. Universitet, shuningdek, talabalarning tadbirkorlik ko’nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlarni ishlab chiqishni ham rejalashtirmoqda.

    Bundan tashqari, TDYU xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta'lim dasturlarini yaratish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirokini kengaytirish, xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazish va xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etiladigan maqolalar sonini ko‘paytirishni ham rejalashtirmoqda.

    Universitet, shuningdek, o’zining infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy o'quv laboratoriyalarini yaratish, kutubxona fondini boyitish va talabalar uchun qulay sharoitlar yaratishga ham katta e’tibor qaratadi. TDYU talabalarning o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga intiladi.

    Xulosa qilib aytganda, TDYUning xalqaro reytinglardagi ishtiroki nafaqat universitetning nufuzini oshiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro ta’lim maydonidagi imidjini ham yaxshilaydi. Bu, o‘z navbatida, xorijiy talabalarni jalb qilish, xalqaro loyihalarda ishtirok etish va jahonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi. Shuningdek, e’tirofli jihati shundaki, TDYUning muvaffaqiyati O‘zbekistonning boshqa oliy ta’lim muassasalari uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Universitetning tajribasi va yutuqlari O‘zbekiston ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashtirish va jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Toshkent davlat yuridik universiteti global ilm-fan maydonida yangi marralar sari dadil odimlashda davom etadi.

    Abdullayev Sanjar,

    TDYU Ilmiy boshqarmasi

    Strategik rivojlanish va reytinglarga kirish bo‘limi uslubchisi