Mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyati kengayib, aholi turmush sharoiti yaxshilanayotgani bois, uy-joyga talab yildan yilga oshmoqda. Muhimi, urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish tanlov emas, obyektiv zaruratga aylandi. Aholi nufusining jadal oʻsayotgani, yoshlar ulushining yuqoriligi, ichki migratsiyaning kuchayishi shaharlarga yildan yilga qoʻshimcha bosim yuklamoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda oʻrtacha aholi oʻsish tendensiyasi yillik 2 foizni tashkil etmoqda. Agar bu jarayon ilmiy asosda rejalashtirilmasa, infratuzilma yetishmasligi, transport va ekologiya muammolari, ijtimoiy tengsizlik kuchayishi mumkin. Yangicha urbanizatsiya siyosati aynan shu xavflarni bartaraf etishga qaratilgan.
Endi shaharlar qaysi tomonga kengaysa boʻladi degan mantiq bilan emas, balki qay tarzda barqaror rivojlanadi degan yondashuv asosida rejalashtirilmoqda. Ayni maqsaddan kelib chiqib, urbanizatsiya va uy-joy siyosati Oʻzbekistonda strategik transformatsiyaga aylandi. Bu boradagi maqsadli va samarali siyosat davlat uchun uzoq muddatli raqobatbardoshlikni taʼminlaydi. Iqtisodiy oʻsishni barqarorlashtiradi va aholi hayoti sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Urbanizatsiya bugun faqat shaharlarning geografik hajmi yoki aholi sonining koʻpayishi emas, balki infratuzilma, transport, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya va zamonaviy shahar muhitini kompleks rivojlantirish jarayonidir. Iqtisodiy jihatdan urbanizasiya katta konsentratsiya effektini yaratadi. Shahardagi mehnat bozori kengayib, sanoat, xizmat koʻrsatish, logistika, moliya, raqamli va kreativ sektorlar tez rivojlanadi. Aholi va biznesning yuqori zichligi xarajatlarni kamaytiradi, bilim va texnologiyalar almashinuvini tezlashtiradi. Mehnat unumdorligini oshiradi va tadbirkorlik faoliyatini kengaytiradi. Davlat uchun bu investitsiyaviy jozibadorlikni mustahkamlash, soliq bazasini kengaytirish va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish imkonidir.
Dunyo tajribasi urbanizatsiya samarasi uzoq muddatli strategiya va kuchli boshqaruv institutlarisiz amalga oshmasligini koʻrsatadi. Masalan, Singapur bir necha oʻn yilda aholisi koʻp va resurslari cheklangan shahardan dunyodagi eng qulay, raqobatbardosh megapolisga aylandi. Bu puxta shaharsozlik rejasi, jamoat transporti va uy-joy siyosati orqali amalga oshirildi. Seul esa infratuzilma va raqamlashtirishga yoʻnaltirilgan katta investitsiyalar orqali iqtisodiy va texnologik markazga aylandi.
Oʻzbekiston ham ana shunday strategik yoʻlni bosib oʻtmoqda. Biroq oʻn yillar oldin mamlakatimizda urbanizatsiya sohasida koʻplab tizimli muammolar mavjud edi. Shaharlar uzoq muddatli turgʻunlik holatida, hududlarni rivojlantirish boʻyicha yagona strategiya yoʻq edi. Koʻpgina shaharlarning bosh rejasi aholi oʻsish surʼatiga mos kelmasdi. Transport, kommunal xoʻjalik va muhandislik infratuzilmasi urbanizatsiya talabiga javob bermas, yoʻllar tor, jamoat transportida tirbandlik yuqori va kommunikatsiyalar eskirgan edi. Ekologiya, obodonlashtirish va yashil hududlarga yetarli eʼtibor qaratilmagan, uy-joy qurilishi esa koʻpincha ijtimoiy infratuzilmasiz amalga oshirilardi.
2017-yildan boshlab davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shaharlarni kompleks rivojlantirish va urbanizatsiya davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. Shaharlarni rivojlantirishga tizimli va strategik yondashuv joriy etildi. Urbanizasiya ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasida asosiy yoʻnalish sifatida belgilandi. Katta sarmoyalar yoʻl tarmoqlari, jamoat transporti, muhandislik va kommunal xoʻjalik, kommunikatsiyalar, suv va issiqlik taʼminoti, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga yoʻnaltirildi.
Eng asosiysi, shaharlar va hududlar oʻrtasida transport aloqalari yaxshilanib, aholi mobilligi sezilarli darajada oshdi. Shahar muhitini inson uchun qulaylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi bogʻlar, xiyobonlar, piyodalar yoʻlaklari va umumiy jamoat joylari barpo etilmoqda.
Institutsional rivojlanishda muhim qadam oʻtgan yili noyabrda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi tashkil etilishi boʻldi. Prezidentimiz farmoni bilan qoʻmita urbanizatsiya jarayoni, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini yuritish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi deb belgilandi.
Qoʻmita qarorlarning barcha bosqichini muvofiqlashtirish, dasturlarni rivojlantirish va nazorat qilish imkoniga ega. Milliy qoʻmita tuzilgandan soʻng “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uylar qurilishi hamda Toshkent, Nukus va viloyatlardagi yirik shaharlar yagona boshqaruv tizimiga oʻtdi. Bu tarqoq yondashuvdan kompleks va shahar rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa urbanizatsiya Oʻzbekistonda uzluksiz, strategik jihatdan rejalashtirilgan rivojlanish instrumentiga aylandi. Bu siyosat iqtisodiy oʻsish, investitsiyaviy jozibadorlik va aholi hayoti sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi hamda davlat uchun uzoq muddatli raqobatbardoshlikni taʼminlaydi. Murojaatnomada bu sohaga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas. Zero, urbanizasiya jarayonini jadallashtirish, aglomerasiyalar barpo etish, shaharlarni yashash uchun qulaylashtirish va aholining keng qatlamlari uchun munosib hamda hamyonbop uy-joyga ehtiyojni qondirish bugungi kunda faqat qurilish sohasining emas, balki ijtimoiy adolat, iqtisodiy barqarorlik va kelajak avlodlar manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq strategik vazifadir.
Davlatimiz rahbari ushbu sohaga toʻxtalar ekan, “Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yangi islohotlarni boshlaymiz. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olish boʻyicha aniq mezonlarni belgilaymiz va shu orqali ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga chek qoʻyiladi”, deya taʼkidladi.
Shunday ekan, urbanizatsiya, eng avvalo, insonlar hayoti sifati uchun qilinadigan tanlovdir. Bu jarayonda yoʻl qoʻyilgan har qanday xato qimmatga tushadi. Chunki unumdor yerlar yoʻqolishi, infratuzilmaga ortiqcha yuk tushishi va aholining ishonchi susayishi mumkin. Shu bois, bugun shaharlar rivoji tasodifiy emas, balki puxta oʻylangan siyosat, uzoq muddatli rejalashtirish va professional yondashuv asosida amalga oshirilishi nihoyatda muhim.
Prezidentimizga joriy yil 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangicha yondashuvlarni joriy etish yuzasidan boʻlib oʻtgan taqdimotda soʻnggi 8 yilda mamlakatimizda 120 million kvadrat metr yoki 600 mingdan ziyod xonadonlar qurilib, foydalanishga topshirilgani, uy-joy sotib olishga koʻmaklashish uchun 541 ming fuqaroga 103 trillion soʻm kam foizli ipoteka krediti va subsidiyalar ajratilgani maʼlum qilindi.
Qayd etilganidek, qurilish ishlari koʻlami kengaygani qurilish materiallari sanoati rivojiga katta turtki berib, koʻplab hududlarning drayveriga aylandi. Urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.
Taqdimotda yer resurslaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga koʻra, aholi punktlarining tartibsiz kengayib borishi ayrim hududlarda kelgusida ekin yerlarining tanqisligiga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan eskirgan uy-joy fondini yangilash, uy-joy qurilishida renovatsiya ulushini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonini toʻgʻri hamda samarali rejalashtirish uchun raqamli texnologiyalardan keng foydalanish muhim. Ayni maqsadda bosh va master rejalarning yagona maʼlumotlar bazasi, qurilishga tayyor yer maydonlari bazasi, koʻp kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, eskrou tizimi, quruvchilar reytingi va boshqalarni qamrab olgan “Uy-joy” axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida aholining uy-joyga talablari hisobga olingan holda qurilish hajmi ortadi. Qurilayotgan uy-joylar esa barcha zarur infratuzilmaga ega boʻladi. Urbanizatsiya jarayoni aniq belgilangan dasturlar asosida tashkil etiladi.
Lutfulla SUVONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri