Mazkur konferensiya pedagogika, filologiya hamda fanlararo tadqiqotlar sohasida zamonaviy yondashuvlar, innovatsion taʼlim texnologiyalari va ilmiy hamkorlik istiqbollariga bagʻishlandi.

Xalqaro anjuman doirasida professor Feruza Madraximova Santiago de Compostela universiteti rektori Antonio Lopez bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida 2024-yil oktabr oyida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil fikr almashdilar.

Xususan, tomonlar Erasmus+ xalqaro akademik mobillik dasturlari doirasida professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma taʼlim dasturlari va qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, pedagogika va filologiya yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grant loyihalarida birgalikda ishtirok etish hamda ilmiy maqolalarni nufuzli xorijiy jurnallarda chop etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim texnologiyalari, oʻquv-uslubiy tajriba almashish, shuningdek, xalqaro konferensiya va seminarlarni hamkorlikda tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu hamkorliklar UrDPI taʼlim sifatini yanada oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda institutning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Maʼlumot oʻrnida, Santiago de Compostela universiteti Ispaniyaning eng qadimiy va nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, 1495-yilda tashkil etilgan hamda bugungi kunda Yevropaning yetakchi ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi.