Tantanali marosimda UrDU rahbariyati, faxriy professor-oʻqituvchilari, xorijiy hamkor oliy taʼlim muassasalaridan tashrif buyurgan mehmonlar, bitiruvchi talaba-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni universitet rektori Bahrom Abdullayev tabrik soʻzi bilan ochib berdi, yakunlanayotgan o‘quv yilini sarhisob qilib, yoshlarimizning ko‘pgina yo‘nalishlarda o‘zlarining bor qobiliyat va intellektual salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritganliklarini mamnuniyat ila eʼtirof etdi.
Yillar davomida egallagan bilimlarini el-yurt ravnaqi yo‘lida sarf qilib, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shishda hech tolmaslikni, kelgusidagi ishlarida omad yor bo‘lishini tiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining yangrashi ushbu tilaklarga yanada qanot boʻldi.
Tadbirda faxriy ustozlar hamda xorijiy mehmonlar jumladan, UrDU faxriy professorlari X.Babajonov va S.Masharipova, AQSHning Kaliforniya davlat universiteti professori Z.Ibragimovlarning bitiruvchi oʻgʻil-qizlar uchun ezgu tilaklari tinglandi. Shuningdek, barcha bitiruvchilar nomidan olti yillik tahsili davomida juda koʻplab yutuqlarga erishgan Lingvistika: ingliz tili bitiruvchi magistranti G.Masharipova oʻzining qalb soʻzlari, minnatdorlik tuygʻularini izhor etdi.
Shundan soʻng, 2022-2023-o‘quv yilining bitiruvchi magistrlariga, bakalavriat bosqichini imtiyozli tugatgan talabalar va qoʻshma taʼlim dasturi asosida oʻqishini tamomlagan yoshlarga musiqa sadolari ostida, ustozlar koʻmagida diplomlari tantanali topshirildi.
UrDU Matbuot xizmati