Urganch shahar Obodonlashtirish boshqarmasi 2020-yil 6-may kuni shahar koʻchalari, bogʻ va majmualar, koʻkalamzorlashtirilgan hududlardagi qurigan daraxtlar va biologik oʻlik holda boʻlgan manzarali daraxtlarni kesib olish uchun Davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat qilgan.
Murojaatda Urganch shahri hududidagi 2130 tup qurigan daraxtni kesib olishga ruxsat soʻralgan.
Shundan soʻng, Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Xorazm viloyat oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi va «Xorazmagrokimyohimoya» AJ tomonidan daraxtlarni sogʻlom yoki nosogʻlom ekani boʻyicha oʻrganish oʻtkazilgan.
Laboratoriya tekshiruvi orqali daraxtlarda archa unsimon qurti borligi aniqlangan va 322 tup koʻpyillik daraxtga zararkunanda hasharotlarga qarshi kimyoviy ishlov berilgan hamda ildizidan oziqlantirilib, saqlab qolingan. Qolgan 1808 tup daraxt qurigani sababli, kesishga ruxsat berilgan.