Sud hukmida keltirilishicha, 1986-yilda tugʻilgan F.X. Urgut tumanidagi 71-umumtaʼlim maktabi direktori lavozimida ishlagan. U 2024-yil avgust oyi boshlarida mahalladoshi Sh.A. bilan koʻp miqdordagi opiy giyohvand moddasini Samarqand viloyati hududida sotish boʻyicha jinoiy til biriktirgan.
Jinoiy rejaga muvofiq Sh.A. tergovda shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan shaxsdan qariyb 1 kg opiyni pulini sotganidan soʻng berish sharti bilan olgan. Soʻngra sheriklar 2024-yil 27-noyabr kuni giyohvand moddani huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbirga jalb qilingan shartli haridorga 12 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan vaqtda ushlangan. Ulardan bir dona qora rangli sellofan paketga oʻralgan opiy giyohvand moddasi ashyoviy dalil tariqasida olingan. Uning ogʻirligi 921,36 grammni tashkil qilgan.
F.X. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan hamda opiyni tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimida ishlovchi tanishining iltimosiga asosan topib berganligini, bundan manfaatdor boʻlmaganini aytgan. Qilmishidan pushaymonligini bildirgan direktor suddan yengillik soʻragan.
Sh.A. ham aybiga qisman iqror boʻlib, F.X. turmush oʻrtogʻini ishga qabul qilishini aytgani uchun uning iltimosiga rozi boʻlib, giyohvand modda topib berganini maʼlum qilgan.
Sud hukmi bilan F.X. va Sh.A. Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismida (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. F.X.ga 10-yil 2 oy, Sh.A.ga 11-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.









