Bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish usullarini takomillashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Urgut tuman innovatsion hududida “Irsiy kasalliklarni erta aniqlash uchun ”molekeulyar genetikaga" asoslangan zamonaviy innovatsion laboratoriya tashkil etish maqsadida startap loyiha tasdiqdan oʻtdi.
Irsiy kasalliklarning 6 mingdan ortiq turi mavjud. Ular turli darajada namoyon boʻladi. Baʼzilari tugʻma boʻlib, rivojlanishdagi nuqsonlarga qarab aniqlanadi. Qarindoshlar oʻrtasidagi nikohda chaqaloqlar oʻlimi, aqliy zaiflik va ogʻir tugʻma nuqsonlar xavfi deyarli ikki baravar oshadi. Bugungi kunda dunyoda har 100 boladan 5-6 nafari genetik kasallik bilan tugʻiladi. Ularning aksariyati irsiy moyilliklarga ega xastalikdir. Shu moyillikni erta aniqlash katta muammolar yuzaga kelishiga yoʻl bermaydi.
Hozirda tuman tibbiyot birlashmasida molekulyar genetik laboratoriyasi uchun 4 ta xona ajratib berildi. Yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar keltirib, oʻrnatildi.
Irsiy kasalliklarni tasdiqlash uchun bolalarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemorlarni dori vositalari orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish va tekshirish amalga oshiriladi. Shuningdek, homilaning erta bosqichlarida xavf guruhini aniqlash uchun homiladorlikning erta muddatlarida ayollar qoni tahlili bosqichma-bosqich biokimyoviy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Shu bilan birga 3 ming nafardan ortiq ayollarni homiladorlikning bosqichlarida biokimyoviy skriningdan oʻtkazish rejalashtirilgan.
Genetik laboratoriyaning ahamiyatini yuqoridagi maʼlumotlar ham tasdiqlab turibdi. Urgutdagi loyihadan koʻzlangan maqsad esa irsiy kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish hamda oʻz vaqtida boʻlajak ota-onalarga toʻgʻri tushuntirib, tugʻma nogironlikka olib keladigan nuqsonlari boʻlgan bolalar tugʻilishini bir necha barobar kamaytirishdir.
Alisher NORBOYEV, Innovatsion rivojlanish vazirligining
urgut innovatsion hududi boʻyicha masʼuli