Xizmat safari davomida Turkiya urugʻchilar uyushmasi “TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan, “AKYUREK” kompaniyasi rahbari Umutbek Akyurek, Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urugʻchilik uyushmasi “ECOSA” ijrochi direktori Ali Ustun hamda boshqa urugʻchilik sohasida faoliyat olib boradigan yirik kompaniyalar va birlashmalar bilan hamkorlik uchrashuvlari oʻtkazildi.
Ishchi guruhi dastlab, Turkiyaning Mersin shahridagi qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi “AKYUREK” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. “AKYUREK” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
“AKYUREK” kompaniyasi 1973-yilda Turkiyaning Mersin shahrida tashkil topgan hamda urugʻlarni qayta ishlash, saralash, qadoqlash va dorilash uskunalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda kompaniyaning ishlab chiqarish maydoni 48 ming kvadrat/metr boʻlib, 500 dan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, kompaniyada ishlab chiqarayotgan uskunalar toʻliq mahalliylashtirilgan boʻlib, har yili 150 dan ortiq urugʻliklarni qayta ishlash liniyalarni tayyorlash imkoniyatiga ega.
Eʼtiborli jihati shundaki, kompaniyaning yurtimizdagi ofisida har bir oʻrnatilgan liniyani ishlash jarayonini nazorat qilish uchun yagona elektron bazaga ulanishi va aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha servis xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.
Ishchi guruhiga “AKYUREK” kompaniyasi tomonidan urugʻliklarni qayta ishlash, saralash, dorilash hamda qadoqlash uskunalarini ishlab chiqarish jarayonlari va sexlari faoliyati yaqindan tanishtirildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida, “AKYUREK” kompaniyasi bilan Urugʻchilikni rivojlantirish markazi oʻrtasida hamkorlik Memorandum imzolandi.
Bunda:
- Oʻzbekistonda kompaniyaning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash liniyalarini joriy qilish;
- Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tizimidagi urugʻlik chigit va don sexlarini holatini oʻrganish va modernizatsiya qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash uchun kompaniya tomonidan ekspert va mutaxassislar ajratish;
- Markaz tizimidagi Andijon paxta urugʻchiligi sexini modernizatsiya qilish boʻyicha texnik asosnomalar tayyorlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
- qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlashning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanishda kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish.
Shuningdek, kompaniya kelajakda Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiya kiritib, kompaniyaning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini qayta ishlash, tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha filialini tashkil etish rejalari borligini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining keyingi tashrifi Xalqaro iqtisodiy hamkorlik urugʻchilik uyushmasi “ECOSA” boʻldi. Bu yerda uyushma ijrochi direktori Ali Ustun bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida urugʻchilik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan urugʻliklarni sertifikatlashni xalqaro standartlari darajasida tashkil etish hamda “ISTA” va “OESD” xalqaro sertifikatlash tashkilotlariga aʼzo boʻlish masalalari koʻrib chiqildi.
“ECOSA” ijrochi direktori Ali Ustun Oʻzbekiston Respublikasini “ISTA” va “OESD” xalqaro sertifikatlash tashkilotlariga aʼzo boʻlish jarayonlarini tashkil etish uchun Turkiya tomonidan yaqindan yordam berishga tayyorligini maʼlum qildi. Ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Memorandum imzolandi.
Shundan soʻng delegatsiyamiz Turkiyaning Adana shahrida “Atlas Tohum Ziraat Ltd.” Kompaniyasi direktori Serdar Mard hamda kompaniya olim va mutaxassislari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“Atlas Tohum Ziraat Ltd.” urugʻchilik kompaniyasi 2006-yilda tashkil topgan boʻlib, asosiy yoʻnalishi paxta, soya, bugʻdoy va yeryongʻoq seleksiyasi va urugʻchiligiga ixtisoslashgan.
Ishchi guruhi mazkur kompaniyaning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyalariga tashrif buyurdi va kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, kompaniya tomonidan yaratilgan paxta, soya, bugʻdoy va yeryongʻoq navlari xususiyatlari boʻyicha fikr almashdi.
Kompaniya bilan Oʻzbekistonda soya va yeryongʻoq navlarini sinash hamda ularni urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
“Atlas Tohum Ziraat Ltd.” kompaniyasi bilan Markaz oʻrtasida urugʻlik soyaning 2 ta va yeryongʻoqning 2 ta navlarini Oʻzbekiston Respublikasida sinash va tajriba almashish boʻyicha hamkorlik Memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, Adana shahrida joylashgan “Taren Tohum” kompaniyasiga ham tashrif buyurilib, kompaniya direktori Firat Xinis bilan uchrashuv oʻtkazildi. Bu kompaniya urugʻlik chigitni kimyoviy usulda tuksizlantirish, dorilash uskunalarini ishlab ishlab chiqarish shugʻullanadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, kompaniya bugungi kunda Andijon, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlardagi klasterlar bilan hamkorlik oʻrnatgan hamda urugʻlik chigitni kimyoviy usulda tuksizlantirish sexlarini qurish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Olib borilgan muzokaralar davomida “Taren Tohum” kompaniyasi Markaz tizimidagi urugʻlik chigitni qayta ishlash sexlariga zamonaviy uskunalar va ehtiyot qismlar yetkazib berish boʻyicha hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Turkiyaning Kappadokiya shahrida joylashgan “SEEDOGA” kartoshka seleksiyasi va urugʻchiligiga hamda kartoshka mahsulotini qayta ishlashga ixtisoslashgan kompaniya faoliyati bilan ham tanishildi.
“SEEDOGA” kompaniyasining kartoshka seleksiyasi va invitro laboratoriyasi, issiqxona va qayta ishlash sexlari faoliyati oʻrganildi. Kompaniya Turkiya seleksiyasiga mansub 6 xil kartoshka navidan 450 kilogrammdan joriy yilning may oylarida Oʻzbekistonda sinash uchun yuborishga va urugʻlik kartoshkani yetishtirish boʻyicha oʻz tajribasini almashish va kelgusida hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qildi.
Delegatsiyamizning Turkiyadagi soʻngi manzili urugʻchilar uyushmasi “TURKTOB” boʻldi. Bu yerda Oʻzbekiston Urugʻchilikni rivojlantirish markazi rahbari hamda “TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan bilan hamkorlik uchrashuvi oʻtkazildi. Uyushma rahbariyati qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchilik sohasida Oʻzbekistonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi, oʻz tajribasi bilan boʻlishishi va urugʻlik sexlarni modernizatsiya qilishda maslahatlar berishga tayyorligini maʼlum qildi hamda taraflar oʻrtasida hamkorlik qilish boʻyicha Memorandum imzolandi.
Nigora Xodjayeva,
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Matbuot xizmati mutaxassisi.