Ustoz jurnalistlarga ehtirom

    O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Ustozlar qadr topgan yurt” mavzusida tadbir o'tkazildi

    Prezidentimizning “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-sentyabrdagi tegishli bayoni ijrosi doirasida “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” gʻoyasi ostida “Keksalar haftaligi” tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan poytaxtimizda “Ustozlar qadr topgan yurt” mavzusida oʻtkazilgan tadbir ham ana shu haftalik doirasida tashkil etildi.

    Tadbirga uzoq yillar davomida ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borgan ustoz jurnalistlar, oliy taʼlim maskanlarida jurnalistika sohasi boʻyicha yoshlarga taʼlim bergan faxriylar, shuningdek, ayni kunlarda gazeta va jurnallar, teleradiokanallarda, internet nashrlarida yoshlarga ustozlik qilib kelayotgan soha fidoyilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev media sohani muttasil qoʻllab-quvvatlash davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidladi.

    Darhaqiqat, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlarda milliy jurnalistikamiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ustoz jurnalistlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish masalasiga doimiy eʼtibor qaratilayotir. Zalvorli materiallar tayyorlash, mavzular rang-barangligini taʼminlash, “ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirishda yoshi ulugʻ jurnalistlarimizning hissalari beqiyos boʻlmoqda.

    Tadbirda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Koʻchimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, taniqli yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad yoshi ulugʻ jurnalistlar hamon katta universitet, ibrat, namuna vazifasini oʻtayotganini, bu esa milliy mass media rivojida alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    Tadbirda milliy jurnalistika sohasiga munosib hissa qoʻshgan, biroq bugun safimizda boʻlmagan ustoz jurnalistlar siymosi aks etgan xotira videoroligi namoyish etildi.

    – Bugun milliy jurnalistikamiz rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibor har qachongidan ham yuksak, – dedi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ustoz jurnalist Solih Yoqubov. – Bu eʼtibor biz – yoshi ulugʻ ijodkorlarni yanada katta masʼuliyat bilan ijod qilishga undaydi.

    Tadbir doirasida bir guruh yubiley yoshiga yetgan ustoz jurnalistlar Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi sovgʻalari bilan taqdirlandi. Yana bir guruh jurnalistlarga Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining aʼzolik guvohnomalari tantanali topshirildi.