Davlatimiz rahbarining shu yil 5-7-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti taklifiga binoan ushbu davlatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi samarali kechdi. Ayniqsa, tashrif doirasida Rossiyadan Qozogʻiston orqali mamlakatimizga gaz yetkazib berilishiga start berilgani yurtdoshlarimiz uchun quvonarli boʻldi.

Ushbu voqelik qaysi jihati bilan ahamiyatli, aksariyat yurtdoshlarimiz nega bundan xursand boʻlmoqda, degan haqli savol tugʻilishi tabiiy. Maʼlumki, oʻtgan yili qish faslida kuzatilgan anomal sovuq energetika taʼminoti bilan bogʻliq muammolarimizni koʻrsatdi, shu jumladan, gaz bosimi pastligi tufayli maʼlum muddat uylarimiz isimadi, avvaliga avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida turnaqator navbatlar paydo boʻldi, keyinchalik esa vaqtinchalik ishlamadi ham.

Rossiya gazini “revers” tarzida import qilish masalasiga kelsak, maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston har yili Rossiyadan 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladi. Mamlakatimizda har yili minglab yangidan yangi sanoat korxonalari, aholi turar joylari barpo etilib, tabiiy gazga talab ortib borayotgan, qolaversa, oʻtgan yilgi anomal energetik taqchillik oqibatlari hali yoddan chiqmagan bir paytda, gaz importiga oid bu yangilik quvonarli, albatta.

Hozircha bu yil qish fasli qay darajada sovuq yoki iliq kelishiga doir aniq maʼlumotlar yoʻq. Lekin, qish haroratining qanday boʻlishidan qatʼi nazar, bu mavsumda tabiiy gazga talab ortishi aniq va tabiiy. Negaki, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi – qariyb 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida gaz yoki koʻmir yoqish hisobiga hosil qilinadi. Demak bundan anglash mumkinki, iqtisodiyotimiz rivoji va aholi farovonligini oshirishda tabiiy gaz barqarorligi muhim faktor.

Prezidentimiz ayni shu bois ham bu masalaga doim alohida eʼtibor qaratadi. Rossiya bilan gaz importi borasidagi kelishuv ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarning amaliy bir samarasi boʻlsa, asosiy tomonlari yurtimizda yangi gaz konlarini izlab topish, oʻzlashtirish, korxonalarni modernizatsiya qilish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha qoʻlga kiritilayotgan natijalarda koʻzga tashlanadi. Buni birgina Ustyurt gaz ishlab chiqarish boshqarmasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” aksiadorlik jamiyati tomonidan 2023-yilda 700 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbir amalga oshirish hamda buning evaziga 32,8 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirilgan. Shundan 1,8 milliard kub metr qismi Ustyurt gaz ishlab chiqarish boshqarmasi hissasiga toʻgʻri keladi.

Joriy yil bu yerda yuzdan ortiq geologik-texnik tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, 7 ta izlov-qidiruv qudugʻini burgʻilash, 67 ta quduqda murakkab turdagi kapital taʼmirlash ishlari olib boriladi. Shu bilan bir qatorda, 5 ta texnologik obyekt ishga tushiriladi. Natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz hamda 15,8 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqariladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda Ustyurt mintaqasining yuqori istiqbolga ega 4000-7000 metr chuqurlikda joylashgan quyi yura davri yotqiziqlari 3D seysmik-qidiruv materiallari yangi eXchroma texnologiyalarini tatbiq etgan holda qayta atribut tahlil qilinmoqda. Shu orqali “Sudochiy” botiqligining chuqur geologik tuzilishi, burgʻilashdan olingan barcha geologik-geofizik va boshqa maʼlumotlarni oʻrganish hamda hududning regional modeli asosida aniqlangan yangi mahsuldor qatlamlarni neftgazga istiqbolligi hamda uglevodorod resurslarini baholash ishlari “Schlumberger” xalqaro servis kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Ustyurt hududida tabiiy gaz qazib olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan keng ommani yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-turda shular haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Qoraqalpogʻistonning yer osti boyliklari koʻp boʻlgan ushbu hududida uglevodorodlarni qazib chiqarish ishlari 1995-yildan boshlangan. Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan qazib olingan xomashyo gazi isteʼmolchilar hamda “Ustyurt gaz kimyo majmuasi”ga yetkazib berilgan.

2023-yilda Ustyurt boshqarmasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari natijasida 1 ta yangi maydon burgʻilashga kiritildi. 20 ming metrdan ortiq burgʻilash ishlari bajarildi va 4 ta yangi qidiruv izlov qudugʻida qurilish ishlari tugatildi. Natijada Sharqiy Arslon yangi gazkondensat koni ochilib, tabiiy gazning 1 milliard metr kub yangi zahiralari topildi. Shu bilan Ustyurt mintaqasida ishlatilayotgan  konlarning soni 10 taga yetdi.

– “Quyi Sharqiy Berdaq” ikkinchi qidiruv izlov qudugʻining ham burgʻilash ishlari yakuniga yetdi, – deydi “Oʻzneftgaz Burgʻilash ishlari” korxonasi bosh muhandisi Maxsud Jumayev. – Bugungi kungacha 4 ming 500 metrgacha burgʻilash ishlari olib borildi. Ushbu kondagi 5 sonli izlov-qidiruv qudugʻida joriy yilning 8-yanvarida quyi yura qatlamlarini oʻrganish, yuqori natijada geologik maʼlumotlarni olish, yangi istiqbolli mahsuldor qatlamlarni aniqlash va mavjud uglevodorod zahiralarini oʻstirish maqsadida burgʻilash ishlarini boshlangan edik. Shu paytgacha yuqori va oʻrta yura davrlaridagi qatlamdan gaz olib turilgan boʻlsa, bugungi kunda quyi yura, yaʼni chuqurlashtirilgan quduqdan yangi texnologiyalarni qoʻllash asnosida yuqori bosimli, yaʼni kuniga 1 million kub metr atrofidagi gaz oqimi olinmoqda.

Mutaxassisning qoʻshimcha qilishicha, ish jarayonidagi burgʻilash uskunalari juda zamonaviy. Xitoy davlatidan olib kelingan ushbu texnologiyalar 350 tonna yukni koʻtarish quvvatiga ega. Uskuna bilan 5 ming metr chuqurlikkacha qazish imkoniyati mavjud.

Hozir gaz chiqarishning oxirgi bosqichlari olib borilmoqda. Bunda qatlam bosimi 600 atmosferadan yuqori. Qatlamdagi harorat esa 150 darajani tashkil etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ochilayotgan quduqlardan kamida 20-30 yil foydalanish mumkin. Mutaxassislarimiz bular bilan cheklanib qolmasdan, qoʻshimcha quduqlarni burgʻilash, shu orqali yangi kon zahiralarini aniqlash ishlarini ham davom ettirmoqda.

Umuman olganda, Ustyurt hududida 7 ming 535 pogona kilometr hajmda 2D va 1 ming 472 kvadrat kilometr hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari bajarilib, 14 ta struktura izlov burgʻilashga tayyorlangan. Shuningdek, 23 ta yangi maydon izlov burgʻilashga kiritilgan boʻlsa, 239 metr 262 metr hajmda izlov-qidiruv burgʻilash ishlari amalga oshirilgan, 60 ta izlov-qidiruv qudugʻida qurilish tugatilgan.

Olib borilgan geologik qidiruv ishlari samarasi oʻlaroq, avval neftgazlilik istiqboli toʻliq isbotlanmagan, 3 ming 200 dan 4 ming 500 metrgacha chuqurlikdagi quyi yura yotqiziqlaridan sanoat ahamiyatiga molik gaz va kondensat oqimlarini olishga erishilgan. Pirovardida esa Beshqala, Quyi Surgil, Oraliq, Qushqair, Gʻarbiy Quyi Surgil, Quyi Sharqiy Berdaq, Sharqiy Arslon kabi 7 ta gazkondensatli kon ochishga muvaffaq boʻlindi. Shuningdek, 83,7 milliard kub metr hajmda tabiiy gaz va 4,158 million tonna hajmda kondensat zahirasi yaratildi.

Soʻnggi ikki yilda ushbu boshqarmada uglevodorodlarni qazib chiqarishni koʻpaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishi hisobiga 57 ta yangi quduq burgʻilandi. 95 ta quduq mukammal taʼmirlanib, 100 kilometrdan ortiq har xil turdagi gazni tashuvchi quvurlar tortilib, ishga tushirilgan.

“Quyi Surgil”, “Quyi Sharqiy Berdaq” konlarining ostki chuqur qismida tabiiy gaz zaxiralariga ega boʻlgan yangi qatlamlarning aniqlanishi geologiya-qidiruv, konlarni oʻzlashtirish borasidagi yangi yoʻnalishlarni ochib berishi bilan bir qatorda, Ustyurt regioni boʻyicha tabiiy gaz, gaz kondensati zaxiralarini oʻstirish imkoniyati mavjudligini koʻrsatdi.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili Quyi Sharqiy Berdaq koni boʻldi. Konga qarashli 17-quduq ishlatish qudugʻi hisoblanar ekan. Loyihaviy chuqurligi 4 ming 500 metrni tashkil etadi.

– Ushbu quduqni joriy yil 6-sentyabr kuni burgʻilashni boshlaganmiz, – deydi Maxsud Jumayev. – Bugungi kunda quduqning chuqurligi 2 ming 300 metrni tashkil qiladi. Qudugʻimiz loyiha boʻyicha 180 kunga moʻljallangan. Lekin, biz chet el kompaniyalarining burgʻilash eritmalaridan foydalangan holda buni 120 kunga moʻljallayapmiz. Chunki qish fasli yaqinlashib kelyapti, tabiiyki, respublikamizda gazga boʻlgan ehtiyoj ham oshadi. Shuning uchun bu yerdagi ishlarni yakunlashni 60 kunga qisqartirib rejalashtirdik. Ushbu qudugʻimizdan kuniga 500 ming kub metr gaz olish moʻljallanmoqda. 

2023-yilda boshqarma tabiiy gaz qazib chiqarish boʻyicha yuqori marralar, yaʼni 4-5 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olishni rejalashtirgan. Bu koʻrsatkichlarga erishish uchun 36 ta yangi gaz qudugʻi burgʻilashdan ishga tushiriladi. 21 ta mavjud gaz qudugʻida murakkab taʼmirlanib, 7 ta texnologik obyekt ishga tushiriladi. Bugungi kunda esa Boyliq-1, Quyi Sharqiy Berdaq-5, Quyi Kustay-1, Oraliq-3, Gʻarbiy Quyi Surgil-3, Shimoliy Urga-3-maydonlarida izlov-qidiruv burgʻilash ishlari olib borilmoqda.

Joriy yil yakuni bilan 4 ta yangi maydon izlov burgʻilashga joriy qilinishi, 54 ming 500 pogona metr hajmda izlov-qidiruv burgʻilash ishlari bajarilishi, 8 ta quduqni qurilish bilan tugatish rejalashtirilgan.

Mazkur geologik tadbirlar natijasida Boyliq, Sharqiy Arslon va Quyi Kustau maydonlarining neftgazlilik istiqboli baholanishi hamda 12 milliard kub metr tabiiy gaz va 450 ming tonna hajmda suyuq uglevodorodlar zahirasi oʻstirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 4,5-6,5 ming metr chuqurlikdagi qatlamlarda uglevodorod zahiralarini izlash maqsadida Gʻarbiy Quyi Surgil maydonida 6 ming 500 metr loyihaviy chuqurlik bilan parametrik quduq burgʻilanmoqda. Bu tarixiy voqea. Chunki shu kungacha bunday chuqurlikda quduq burgʻilanmagan.

Orol dengizi qoʻynida gazni qazib olish va qayta ishlash jarayonlari bilan tanishar ekanmiz, navbatdagi manzilimiz Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi boʻldi. Choʻl bagʻridagi bahaybat qurilma bizni hayratlantirdi. Ushbu kompleks qazib olinayotgan gaz xomashyosini suv va kodensatdan ajratib olib, toza gazni “Oʻztransgaz” aksiadorlik jamiyati tarmoqlariga uzatib beradi.

– Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi Prezidentimizning 2017-yil 9-martdagi “2017-2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2019-yil dekabrida ishga tushirilgan, – deydi Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi boʻlimi boshligʻi Latifjon Jumamuratov. – Kompleks 2 ta past haroratli separatsiyalash tarmoqlaridan iborat. Ushbu tarmoqlarning har biri kuniga 3 million kub metr, yiliga esa 2 milliard kub metr tabiiy gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda Arslon, Quyi Surgil, Gʻarbiy Quyi Surgil konlaridan qazib olinayotgan gaz qayta ishlanadi. Yaʼni past haroratda separatsiyalash bilan gaz tarkibidan qatlam suvi, mexanik birikmalar hamda suyuq uglevodorodlar ajratib olinadi. Natijada tozalangan tabiiy gaz davlat standarti talablarigacha yetkaziladi va magistral gaz quvurlari orqali isteʼmolchilarga uzatiladi.

Ustyurt hududida istiqbolda gaz qazib chiqarishga qaratilgan geologik-texnik tadbirlar va loyihalarni hisobga olgan holda, Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasida yana 1 dona separatsiyalash tarmogʻi qurilmoqda. Hozirda kunlik 3 million kub metr gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega loyiha boʻyicha bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Agar loyiha yakuniga yetsa, Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi umumiy hisobda 9 million kub metr gazni kompleks tayyorlash imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu qurilma ayni qish mavsumida gaz qazib chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bosh loyihachi “OʻzLITIneftgaz” AJ, “Neftgazmontaj” MCHJ pudratchi tashkiloti qurilish-montaj ishlarini olib bormoqda. Hozirda loyiha boʻyicha 70 foiz qurilish-montaj ishlari yakunlangan.

Sharqiy Berdaq siquv kompressor stansiyasi 2017-yilda ishga tushirilgan. Stansiyada 3 ta gaz haydash agregati bor. Loyiha boʻyicha kunlik 6 million kub metr, yiliga 2 milliard kub metr past bosimli tabiiy gaz bosimini oshirib berishga moʻljallangan.

Mazkur siquv kompressor stansiyasi Sharqiy va Shimoliy Berdaq, Arslon, Inom va Quyi Surgil kabi konlarda mavjud 200 dan ortiq quduqlardan kunlik qazib olinayotgan 5,9 million kub metr past bosimli tabiiy gaz bosimini oshirib, “Sharqiy BerdaQ” kompleksining past haroratda gazni kompleks tozalash qurilmasiga yetkazib beradi.

Ustyurt hududidagi konlarda bosim tushib borayotganligini inobatga olib, mavjud zahiralarni chuqur oʻzlashtirish va qazib olinayotgan gazni tayyorlash qurilmalariga yetkazib berishni taʼminlash  maqsadida 2024-yilda Sharqiy va Shimoliy Berdaq konlaridagi gaz yigʻish joylarida yana 4 ta kichik siquv kompressor stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Qum barhanlari bilan oʻralgan bu kengliklarda yer osti boyliklarini oʻzlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishar ekanmiz, zahiralarimiz koʻpligidan xursand boʻldik. Ularni qazib olish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilayotganidan amin boʻldikki, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taʼminoti barqaror boʻlishi, talofatsiz oʻtishi uchun zarur choralar koʻrilmoqda. Demak, qahraton qishda bu safar uylarimiz issiq boʻladi, hech qanday xavotirga oʻrin boʻlmaydi.

Ustyurt hududidan qaytar ekanmiz, kichik-kichik qum barhanlari oralab katta yoʻl tomon belanchakday tebranib ketayotgan ulovimiz bizlarni “alla”laganday boʻladi, kechki choʻl shamoli esa tevarak-atrofimizda huddi mohir musavvir singari ajib surat chizadi. Huddiki, yantoq yaproqlari biz bilan qoʻl silkib xayrlashayotgan, tobora olisda qolayotgan gaz inshootlari tomonidan esayotgan shamol esa “bu zamin bagʻri boyliklarga toʻla, yana kelsangiz koʻrasiz, ungacha bu joylarda katta-katta korxonalar barpo etiladi”, deganday boʻladi...

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri