Jumladan, Zarafshon shahrida yashovchi M.Pardayevning yozishicha, u koʻp qavatli turarjoy qurayotgan firmalardan biri bilan shartnoma asosida 2 xonali muddatli toʻlov evaziga sotib olish uchun kelishgan. Shundan soʻng fuqaro boshlangʻich toʻlov sifatida 125 580 000 soʻm toʻlagan. Biroq qurilish firmasi uyni oʻz vaqtida topshirmagani yetmagandek, toʻlangan pulni qaytarib berishni ham paysalga solgan.
Ushbu murojaat federatsiyaning Zarafshon shahar jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida isteʼmolchining boshlangʻich badal sifatida toʻlagan pulini olishiga erishildi.
Shunday murojaatlardan birini Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi S. D. yoʻllagan. Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi tuman markazida “EDIFICATION BUILDING” MCHJ tomonidan qurilayotgan koʻp qavatli uydan turarjoy sotib olish uchun tuzilgan shartnomaga asosan dastlab 8 055 100, keyin 20 000 000 soʻm toʻlagan. Uy joriy yil boshida topshirilishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, hozirgi kunga qadar qurib bitkazilmagan.
Mazkur murojaat oʻrganilishi davomida holat yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudiga ariza kiritildi. Sud hukmiga koʻra, isteʼmolchi foydasiga moddiy va maʼnaviy zararlarni inobatga olib 35 000 000 soʻm undirib berilishiga erishildi, deyiladi federatsiya matbuot xizmati xabarida.