Uy sotib olish va uyga roʻyxatga qoʻyish tartibi yanada osonlashmoqda

    Raqamlashtirish 10 Sentabr 2022 2242

    Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarni doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish tartibotlarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

    Loyiha bilan 2 ta yangi qulaylik joriy etilmoqda:

    Hozirda koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquq egasi oʻzgarganda, ushbu huquqni kadastr organlarida roʻyxatdan oʻtkazish zarur. Shundan soʻngina uyning yangi mulkdorini ichki ishlar organlari axborot tizimida doimiy roʻyxatga qoʻyish mumkin.

    Taklif etilgan loyihaga koʻra, mulk roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida doimiy roʻyxatda turish masalasini ham hal etish imkoniyati yaratilmoqda. Yaʼni, notarial idoralar, davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻchmas mulk roʻyxatdan oʻtkazilayotgan paytda yangi mulkdorni doimiy roʻyxatga qoʻyish uchun ham murojaat qilishi mumkin boʻladi.

    Amaldagi tartibga koʻra, koʻchmas mulk ijarasi hamda tekin foydalanish shartnomasi soliq organlari axborot tizimida elektron shaklda hisobga qoʻyiladi. Biroq shartnoma hisobga qoʻyilgandan soʻng ijarachining har bir oila aʼzosini ushbu turar joyga vaqtincha roʻyxatga qoʻyish uchun alohida murojaat qilish zarur.

    Bu jarayondagi noqulaylikni bartaraf etish maqsadida loyihada ijara shartnomasini soliq organlarining axborot tizimida hisobga qoʻyish bilan bir paytda ijarachi va uning oila aʼzolarini vaqtincha roʻyxatga qoʻyish uchun ichki ishlar organlariga elektron murojaat etish imkoniyati joriy etilmoqda.

    Ushbu takliflar amaliyotga tatbiq etilishi bilan yangi uyga koʻchishda doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun alohida murojaat etish zaruriyati bartaraf etilib, xizmat koʻrsatuvchi organlarga qatnash bilan bogʻliq vaqt va mablagʻ xarajatlari oldi olinadi.

    Ushbu havola orqali loyiha muhokamasida faol ishtirok eting: