Uyali telefon xizmatiga adashib toʻlangan pulni qaytarib olish uchun nima qilish kerak?

    Ijtimoiy hayot 1 Dekabr 2022 5093

    Namanganlik isteʼmolchi uyali telefoni uchun toʻlovni bank ilovasi orqali amalga oshirish jarayonida ikkita nolni ortiq terib yuborgan.

    Oqibatda isteʼmolchi 27 000 soʻm oʻrniga oz emas, koʻp emas 2 mln 700 ming soʻm yaʼni yuz barobar ortiq pul mablagʻidan ayrilay deb qoldi.

    Bu haqda kompaniyaga qilgan murojaatlaridan natija boʻlmadi, ovoragarchiliklari tugmadi.

    Shundan soʻng Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ishonch telefoniga murojaat qildi. Agentlikning Namangan viloyati tuzilmasi tomonidan “UMS” MCHJga mazkur muammoni oʻrganish yuzasidan soʻrov xati taqdim etildi.

    Natijada MCHJ mavjud tartib-qoidalarga amal qilgan holda uyali telefon xizmatiga toʻlangan 27 ming soʻmdan tashqari boʻlgan 2 mln 673 ming soʻm mablagʻni isteʼmolchining plastik kartasiga qayta tushirib berdi.

    Maʼlumot oʻrnida. Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalarining 4-bandiga muvofiq, telekommunikatsiya xizmatlari qonun xujjatlari va ushbu qoidalarga muvofiq operator yoki provayder hamda abonent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri (yoxud jismoniy shaxslar uchun diller orqali) yozma yoki elektron shaklda tuziladigan ommaviy shartnoma asosida taqdim etilishi belgilab qoʻyilgan.

    Shuningdek, mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning 2.3-bandiga muvofiq, taʼrif rejalarining shartlari, alohida xizmatlar toʻplamlarini va boshqa xizmatlarni taqdim etish shartlari va tartibi (shu jumladan alohida toifadagi abonent raqamini berish shartlari va tartibi) operator tomonidan belgilanadi hamda operator ofislarida, operator veb-saytida yoki ommaviy axborot vositalarida maʼlum qilinishi bildirilgan.

    Shuningdek, Mobil aloqa operatorlarining ommaviy ofertalariga koʻra, abonent tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki xatolik tufayli kelib tushgan abonent raqamiga mablagʻni qaytarish faqatgina abonent shartnomasi bekor qilinganda amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.

    Oʻz navbatida, Agentlik tomonidan mobil operatorlarga isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish va ularni xizmatdan tizimli foydalanishlarini ragʻbatlantirish maqsadida xatolik tufayli oʻtkazilgan ortiqcha mablagʻlarni isteʼmolchining talabiga koʻra qaytarish boʻyicha tegishli qoidalar ishlab chiqish, isteʼmolchiga maqbul va qulay boʻlgan turli variantlarni taqdim etish, qoidalarni ommaviy oferta va shartnomalarda aks ettirish va bunday qoidalar haqida isteʼmolchilarni xabardor qilish toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan.